BBC navigation

"Rog‘un va Qambarota yuzasidan xalqaro ekspertiza o‘tkazilsin"

Сўнгги янгиланиш 1 октябр 2012 - 15:03 GMT

Nyu-Yorkda BMT Bosh Assambleyasining 67-sessiyasida chiqish qilgan O‘zbekiston Tashqi ishlar Vaziri Abdulaziz Komilov bu gal ana shunday da‘vat bilan chiqdi.

Janob Komilovning xalqaro minbardan turib ta‘kidlashicha, asosiy suv zaxiralari va millionlab odamlar uchun hayot manbai Amudaryo va Sirdaryo kabi chegaralarosha daryolar bo‘lgan mintaqadagi barcha suv-energetika muammolari xalqaro huquqlarda belgilab qo‘yilgan me‘yorlar doirasida hal etilishi lozim.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziriga ko‘ra, ushbu xalqaro hujjatlar tevarak-muhit va chegaralarosha daryolardan foydalanganda qo‘shni davlatlarning manfaatlariga ziyon yetkazmaslikni taqozo etadi.

Janob Komilovning ta‘kidlashicha, xuddi shu sababdan ham, O‘zbekiston rahbariyati mavjud muammolarga o‘zaro maqbul yechim topishda aynan ana shu tamoyil va me‘yorlarga rioya etilishiga da‘vat etadi.

"Biz Sirdaryo va Amudaryoning yuqori oqimlarida qurilishi rejalangan barcha GES loyihalari yuzasidan BMT homiyligi ostida xalqaro ekspertiza o‘tkazilishi va ularning, albatta, quyi oqimda joylashgan davlatlar bilan bamaslahat qilinishi tarafdorimiz", deb aytgan o‘z chiqishida O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri.

Abdulaziz Komilovning yuqori minbardan turib ta‘kidlashicha, faqat shundan so‘nggina to‘g‘onlari dunyodagi eng balandlaridan bo‘lishi kutilayotgan bu ikki GES qurilishiga kirishilishi mumkin.

Eng keskin bayonot

O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov esa, shu oy boshida Qozog‘istonga qilgan rasmiy safari chog‘ida, "Suv bilan bog‘liq vaziyat shu darajada keskinlashib ketishi mumkinki, bu nafaqat qarama-qarshilik, balki urushga ham olib kelishi mumkin", deya ogohlantirgandi.

O‘zbekiston rahbari ham bu gaplarini Tojikiston qurayotgan Rog‘un va Qirg‘iziston tiklayotgan Qambarota GESlarini nazarda tutib aytgan va chegaralarosha o‘tadigan daryolar masalasida jahon va xalqaro hamjamiyatga quloq solishlari lozim"ligini ta‘kidlagandi.

O‘zbekiston prezidenti elektr toki ishlab chiqarish uchun yirik GESlar va ularni ishlatadigan ulkan suv to‘g‘onlari qurayotgan Qirg‘iziston hamda Tojikistonga murojaat qilib, Amudaryo va Sirdaryo quyi oqimlarida joylashgan qo‘shni mamlakatlarning manfaatlarini hisobga olishga chaqirgan.

Bishkek ham, Dushanbe ham hozir Amudaryo va Sirdaryo boshlanadigan daryolarga to‘g‘on tashlab, Qambarota va Rog‘un GESlarini qurishga kirishganlar.

O‘zbekiston tarafiga ko‘ra, xususan, Rog‘un GESini yurgizadigan darajada suv to‘plash uchun kamida 8-10 yil vaqt ketadi.

Bu degani - quyida joylashgan va dehqonchilikka asoslangan O‘zbekistonda millionlab insonlar uzoq yillar suvsiz qolib ketishlari mumkin.

Shuningdek, zilzila tez-tez ro‘y berib turadigan hududda baland suv omborlari to‘g‘onlarini tiklash harakatlari ham pastda joylashgan O‘zbekistondagi mutaxassislarini qo‘rqitadi.

Qozog‘istonda yangragan bayonot esa, O‘zbekiston rahbarining bu masalada qilgan eng keskin bayonoti sifatida ko‘rilgandi.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.