BBC navigation

Gurjiston: Har ikki jamloq ham g‘alaba da‘vosida

Сўнгги янгиланиш 2 октябр 2012 - 10:31 GMT

Gurjistonda parlament saylovi

Gurjiston parlament saylovlarida ham boshqaruvdagi va ham muxolifat partiyasi qo‘llari baland kelganini da‘vo etishmoqda.

Parlament saylovlari kecha dushanba kuni bo‘lib o‘tgandi.

Dastlabki natijalar partiyalar ro‘yxati bo‘yicha berilgan ovozlarda milliarder Bidzina Ivanishvili rahbarlagidagi “Gurjiston orzulari” partiyasi yaqqol ildamlik qilayotganini ko‘rsatmoqda.

Ammo prezident Mixail Saakashvilining aytishicha, uning boshqaruvdagi partiyasi majoritar okruglar bo‘yicha ovoz berishlarda oldinda bormoqda.

Mamlakat parlamentidagi 150 o‘rindan 73 tasining taqdirini hal etuvchi ushbu okruglarda eng ko‘p ovoz to‘plashga muvaffaq bo‘lgan yagona nomzod g‘olib chiqqan sanaladi.

Bu galgi parlament saylovlari prezident Saakashvili uchun o‘zi qudratga kelgan 2003 yildan buyon eng katta sinov ekani aytilmoqda.

Saylov yakuniy natijalarining kelasi bir necha soat ichida rasman e‘lon etilishi kutilmoqda.

Gurjiston parlamentidagi 77 o‘rinning taqdiri proportsional, qolgan 73 tasiniki okruglar bo‘yicha berilgan ovoz berishlar natijasida hal bo‘ladi.

Ovozlarning 15 foizdan ortiqrog‘i sanab bo‘linishi ortidan, partiyalar ro‘yxati bo‘yicha "Gurjiston orzulari" 52.7% va janob Saakashvilining "Birlashgan Milliy Harakat"i 42 % lik natijani qayd etib turishibdi.

"Ko‘pchilik"

Prezident Mixail Saakashvili parlament saylovlari o‘zining g‘arbparast hukumati va Gurjistonda Rossiyaning yetakchiligiga yo‘l ochib beruvchi kelajak o‘rtasidagi tanlov ekanini aytgandi.

Milliarder Ivanishvili o‘z boyligini 90-yillar boshlarida Rossiyada orttirgan.

Janob Saakashvili hukumati va Rossiya orasidagi tanglik 2008 yilda bo‘lib o‘tgan qisqa qurolli urush ortidan yanada keskinlashgan.

Ushbu qurolli nizo natijasida gurji qo‘shinlari Gurjistonning ikki bo‘lginchi mintaqasini butkul tark etishga majbur bo‘lishgandi.

Allaqachon bayram

Muxolifat ham g‘alaba da‘vosida

Saylov shoxobchalari yopilishi bilan, kecha tunda "Gurjiston orzulari" muxolifat partiyasining xushu xandon minglab tarafdorlari poytaxt Tbilisida to‘planib, shodiyonalarni boshlab yuborishgan.

"Biz g‘olib chiqdik. Gurji xalqi g‘alaba qozondi", deya xitob qilgan janob Ivanishvili Gurjiston televideniyesi orqali qilgan chiqishida.

Gurjistonning eng badavlat odami parlamentdagi ja‘mi 150 o‘rindan 100 tasi o‘zlariga nasib etishini ham da‘vo qilgan.

Prezident Saakashvili ham o‘zining televizion chiqishida "proportsional ovoz berishlarda muxolifat katta sondagi ovozlarni qo‘lga kiritgani"ni tan olgan.

Ammo, o‘z o‘rnida, gurji rahbari majoritar ovoz berishlar bo‘yicha g‘alaba o‘zining boshqaruvdagi "Birlashgan Milliy Harakat" partiyasiga nasib etganini ham qo‘shimcha qilgan.

Boshqaruvdagi partiyaning ishonishicha, bu tartibda ovoz berishlar bo‘yicha 73 o‘rindan kamida 53 tasining taqdiri o‘zlarining foydalariga hal bo‘lgan.

Mahbuslar mojarosi

Saakashviliga mahbuslar mojarosi pand berdimi?..

Gurjiston Markaziy Saylov Hay‘atining bayonotida aytilishicha, parlament saylovlarida 61 foizga yaqin odam ishtirok etgan va ovoz berishlar "jiddiy qonunbuzarliklarsiz, tinch va shaffof bo‘lib o‘tgan".

Ammo, avvalroq, "mas‘ullar allaqachon ko‘plab qallobliklarga qo‘l urishgani"ni aytib, milliarder Ivanishvili ovoz berishdan bosh tortgan va o‘z noroziligini shu yo‘l bilan ifodalashga ham uringandi.

Gurjistondagi BBC muxbirining aytishicha, katta sondagi ovozlarni olishga muvaffaq bo‘lmagan esa-da, boshqaruvdagi partiya yana qudratga qaytishi va muxolifat o‘zini aldangan sanab, ommaviy namoyishlar ham boshlanib ketishi mumkin.

Ammo mahbuslar bilan bog‘liq mojaro tufayli gurji hukumatining obro‘siga ancha darz yetgan.

Gurji davlat televideniyesi orqali namoyish etilgan videolavhada mahbuslarning qamoqxonada qo‘riqchilar tomonidan do‘pposlanishayotgani va jinsiy zo‘rlanayotganliklari aks etgandi.

Ushbu videolavha Gurjistonda ko‘cha namoyishlariga sabab bo‘lgan va janob Ivanishviliga hukumatni "zo‘ravon" qilib ko‘rsatishga imkon bergandi.

"Amnesti Interneyshnl" xalqaro inson huquqlarini saqlash tashkilotining aytishicha esa, saylov kampaniyasi chog‘ida janob Ivanishvilining ko‘plab tarafdorlari "o‘z siyosiy qarashlarini izhor etishgani uchun jarimaga tortilgan, ishdan bo‘shatilgan, qo‘rqitilgan va yoki hibsga olinganlar".



* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.