BBC navigation

Qadim Budda haykallarimi yoki 1 trillion dollar daromad

Сўнгги янгиланиш 3 октябр 2012 - 11:52 GMT

Dunyodagi eng yirik mis konlaridan bo‘lgan "Mis Oynak"ni tezroq o‘zlashtirish ishtiyoqi sabab Afg‘onistondagi qadim va o‘ta noyob arxeologik sath yo‘qolib ketishi mumkin.

Foreign Policy jurnalida chop etilgan butunboshli fotoesse ana shu muammoga bag‘ishlangan.

Afg‘onistonning Lo‘gar viloyatida joylashgan ushbu kon jahondagi eng katta mis zaxiralaridan biriga ega, deb ko‘riladi.

Ammo xuddi shu viloyatda 5-asrda qurilgan Budda ehromlari va Bronza davridan ham avval barpo etilgan manzilgohlarni o‘z ichiga oluvchi ulkan arxeologik sath ham joylashgan.

Kon chiqindilari ostida qolib ketmasidan avval ularni qazib olish uchun jon-jahdlari bilan harakat qilayotgan qadimshunoslar esa, "Mis Oynak"ni o‘zlashtirish ishlarini bas qilishga chaqirishmoqda.

Biroq Afg‘oniston iqtisodini tezroq oyoqqa qo‘yib olish tarafdorlari misni tezroq qazib olishga undashmoqda.

Ularga ko‘ra, to‘liq o‘zlashtirilgan taqdirda, "Mis Oynak" koni Afg‘oniston iqtisodiga 1 trillion dollar daromad keltirishi mumkin.

Bu esa, qay bir masala muhim ekaniga oid savollarni qizitgan...

"Mis Oynak"

Mis Oynakda hujjatli filьm olayotgan professor Brent. Ye. Haffmanning aytishicha, kon to‘liq ishga tushgunga qadar arxelogik sathning katta qismini asrab qolish imkonsiz bo‘lishi mumkin.

Ya‘ni, uning so‘zlariga ko‘ra, 2.000 yillik Budda haykallari, ehromlar va boshqa noyob obidalar vayron bo‘lishi ehtimoli bor.

Afg‘oniston hukumati 2007 yilda 3 milliard AQSh dollari evaziga konni o‘zlashtirishi uchun Xitoyning China Metallurgical Group (MCC) shirkatiga 30 yilga ijaraga bergandi.

Qadimiy sath yaqinligidan tashqari, Kobulning uch million aholisini ichimlik suvi bilan ta‘minlovchi zaxiralarning ustida ham joylashgan.

Konning o‘zlashtirilishiga qarshi kampaniya olib borayotgan xalqaro faollarga ko‘ra, Xitoy shirkati o‘z faoliyatining tevarak-atrofga zarari yoki suv zaxiralari ifloslanishining oldini olishga oid biror bir bayonot bilan chiqmagan.

Professor Haffmanning aytishicha, konni o‘zlashtirish "ulkan zaharli o‘ra"ni vujudga keltirishi mumkin.

"Men tabiiy zaxiralarni o‘zlashtirish kelajakda qandayin ayanchli oqibatlarga olib kelishi borasida "Mis Oynak" shu paytgacha kuzatilmagan bir namunaga aylanishidan qo‘rqaman. Chunki osonlik bilan qadimiy sath va tevarak-muhitga bir umrlik ziyon yetkazish mumkin".

Ko‘chirilgan qishloqlar

Mis Oynak aholisi boshqa yerga ko‘chishni istamasalar-da, mas‘ullar o‘zlariga boshqa chora qoldirmaganliklarini aytishadi.

"Bu qishloqlar bizning borimiz. Yuz yillarki bu tuproqda ajdodlarimiz yashab kelishgan. Biz esa, bugun ko‘chalarda xoru zor bo‘lib yuribmiz", deydi ulardan biri.

Ammo, professor Haffmanga ko‘ra, konning o‘zlashtirilishi sabab, ish topganlar, ish haqi oz bo‘lishiga qaramay, mamnunlar.

"Ular o‘z oilalarini boqisholmaydi. Ammo bu yerdagi oltita qishloqni pala-partish ko‘chirib yuborishgani uchun, mahalliy aholi g‘azabda. Ular tovon puli talab qilib, konni raketadan ham hujumga tutishadi. Piyodalarga mo‘ljallangan minalarni ham qo‘llashadi", deydi u.

Qazish ishlari

Qadimiy sathdagi qazish ishlari ham silliq kechayotgani yo‘q. Ulkan Budda haykalini qazib olish bilan shug‘ullanayotgan Abdul Qodir Timurning aytishicha, to‘rt oydan beri hukumat maosh bermayotgani bois, to‘rt yosh bolasiga nima yedirib, ichirishini bilmay boshi qotgan.

"Qadimiy obidalar xuddi o‘z farzandlarimdek bo‘lib qolgan. Biz ularni qazib olish va asrash uchun ozmuncha ter to‘kmaymiz. Ular sinib ketsa, xuddi o‘z jigarimizning bir parchasini yo‘qotgandek bo‘lamiz", deydi u.

Ammo Timur dunyoning hech bir qadimiy sathlarida bo‘lmagani kabi xavfu xatar ostida ishlaydi.

Tolibon uni o‘ldirish bilan tahdid qiladi. Sath atrofida esa, piyodalarga mo‘ljallangan minalar ko‘mib tashlangan.

Professor Hoffmanning aytishicha, bu kabi minalarga duch kelib, xitoylik konchilar ham hayotdan ko‘z yumishgan. Sath Tolibonning raketa hujumiga ham uchrab keladi. Mahalliy politsiya xodimlari esa, bor-yo‘g‘i Sho‘ro davridan qolgan qurollar bilan qurollanishgan, xolos.

"Mis Oynak" koni bu yerga 2.000 yil burun kelgan buddaviy ruhoniylarni ham befarq qoldirmagan. Aftidan, ular misdan turli asboblar yasashgan.

Bronza davrida esa, odamlar misning hidini farqlab, yozish-chizishni ixtiro etishgan. Qishloq xo‘jaligida inqilob yasashgan.

Yana sathdan Iskandar Zulqarnayn davrida ishlangan tangalar, shisha parchalari va qadim qo‘lyozmalar ham topilgan.

Qadimshunoslarga ko‘ra, shunda ham, qadim obidalarning faqat 10 foizga yetar-etmasi kashf qilingan, xolos.

Professor Haffmanning aytishicha, "ushbu muammoning yechimi – qadimshunoslarga ko‘proq vaqt berish".

"Qazish loyihasi 3 emas, 30 yilga mo‘ljallangan bo‘lishi lozim", deydi u.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.