BBC navigation

"Qirg‘izistondagi milliy ozchiliklar borasida xavotirlik arigani yo‘q"

Сўнгги янгиланиш 3 октябр 2012 - 14:05 GMT

"Milliy ozchiliklar taqdiridan xavotirlik arigani yo‘q"

Amerika Qo‘shma Shtatlarining Ovro‘poda Xavfsizlik va Hamkorlik tashkilotidagi vakilligi dunyodagi milliy ozchiliklar vaziyati bo‘yicha chiqishida Qirg‘izistondagi vaziyatga e‘tibor qaratgan.

AQSh vakili o‘z chiqishida, Vashington 2010 yildan beri Qirg‘izistondagi o‘zbeklar taqdiridan xavotirda ekani va politsiyaning bedodligi zudlik bilan to‘xtatilishi lozimligini urg‘ulagan.

Kuni kecha Varshavada Ovro‘poda Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining inson huquqlariga bag‘ishlangan yillik anjumani doirasida "Qirg‘izistonda milliy ozchiliklar: Dardga davo izlab" mavzuida davra suhbati bo‘lib o‘tgandi.

Dastlab ayni tadbir tashabbuskori bo‘lgan Alisher Navoiy Instituti ijodkorlari tomonidan suratga olingan, Qirg‘iziston janubidagi qonli voqealardan so‘ng ikki yil o‘tgach ham bu mamlakatda millatlaro munosabatlarning hamon ayanchli holatda qolayotgani hamda o‘zbeklar va qirg‘izlar orasidagi rishtalarni qayta tiklash choralarini izlashdan hikoya qiluvchi yangi film namoyish etilgan.

Ammo xalqaro hamjamiyatning bu kabi chiqishlari Qirg‘izistondagi milliy ozchiliklar bilan bo‘lgan vaziyatga qanchalar ijobiy ta‘sir ko‘rsatmoqda?

BBC Ovro‘poda Xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti anjumanida ishtirok etgan jurnalist Sharifjon Ahmedov bilan suhbatlashgan.

Sharifjon Ahmedov: Avvalo shuni aytish kerak, shu vaqtga qadar Qirg‘iziston janubida 2 yil avval o‘zbek aholisiga nisbatan sodir qilingan xunrezliklarni bir qator xalqaro tashkilotlar taftish qildi, ularning har biri o‘z xulosalarida qirg‘iz hukumatiga aniq tiniq xulosalarini va tavsiyalarini berishgandi. Bu tavsiyalarda o‘sha voqealar bo‘yicha mahkamaga tortilgan asosan o‘zbek millatiga mansub bo‘lganlar ishlarini adolatli qayta ko‘rib chiqish, xunrezlikning haqiqiy aybdorlarini topib, ularni munosib jazoga tortish va umuman, navbatdagi ehtimoliy nizolarning oldini olish uchun Qirg‘izistonda yangicha milliy siyosat olib borish kerakligi haqida jiddiy chaqiriqlar bor. Lekin mintaqa bo‘yicha ish olib borayotgan mutaxassislarning e‘tiroficha, bu tavsiyalarningbarchasi qirg‘iz rasmiylari tomonidan e‘tiborsiz qoldirilyapti. Aksincha, qirg‘izlarning boshqa millatlardan ustunligini bo‘lar bo‘lmasga targ‘ibot qilish kampaniyasi avj oldirilyapti. Yaqinda Varshavada OXHTning yillik anjumani doirasida o‘tkazilgan davra suhbatida ham bu haqda jiddiy so‘zlar aytildi. Masalan, bu tadbirda qatnashgan Xalqaro tadqiqot komissiyasi rahbari Kimmo Kilyunen O‘sh va Jaloloboddagi qonli voqealarda o‘zbeklarni asosiy aybdor sifatida ko‘rsatib, ularni muttasil abgor qilish amallari davlat rahbarlari darajasida ham davom ettirilayotganidan afsus bildirdi. Chunki, bu komissiya o‘z xulosalarida o‘zbek aholisi zo‘ravonliklarda aybdor emasligini ko‘rsatib o‘tgan, aksincha, ularga, ya‘ni o‘zbek aholisiga nisbatan sodir etilgan o‘ta og‘ir jinoyatlar insoniylikka qarshi jinoyatlar sifatida ta‘riflagandi.

BBC: Xalqaro hamjamiyatning Qirg‘iziston hukumatiga milliy masalada ko‘rsatayotgan bosimi hukumatni biror amaliy qadamlar qo‘yishga undamoqdami? Bu bosim ishlayotganiga biror bir alomatlar paydo bo‘ldimi?

Sharifjon Ahmedov: Umuman, bu savolga ham biror umid uyg‘otadigan tarzda javob qilish qiyin. Chunki, hamkorlarimizni aytishicha, umuman, u yerdan kelayotgan informatsiya oqimini tahlil qilsak, vaziyat avvalgi yillardagidek bo‘lmasa ham baribir nafaqat o‘zbeklar, qirg‘izlardan boshqa millatlar uchun ham og‘irligicha qolyapti. Janubdagi o‘zbeklar maishiy darajadan, ya‘ni ko‘cha-ko‘ydagi munosabatlardan tortib, davlat idoralaridagi munosabatlarda ham kuchli bosim ostida qolishgan. Ularning ko‘plari o‘sha qirg‘in vaqtida yaqinlarini yo‘qotishgan, uy-joylaridan ajralgan, kimnidir otasi, yoki aka-ukalari soxta ayblar bilan uzoq yillik qamoq jazolariga hukm qilingan, ular bu ishlarda bo‘yicha qandaydir ma‘noda adolat bo‘lishidan umidlarini uzishgan. Mintaqadagi manbamizning ta‘rif berishicha, o‘zbeklar bugun o‘z yurtlarida har qadamda begonaga aylanganlarini sezib yashashyapti. Shuning uchun ham imkoni borlar mamlakatni tashlab chiqishda davom qilishyapti...

BBC: Ammo mamlakat janubida vaziyat bir qadar o‘nglanmoqda emasmi? Uch tilli, xususan o‘zbek tilida radiodasturlar ish boshlamoqda - yangi o‘zbekcha gazeta chiqmoqda?

Sharifjon Ahmedov: To‘g‘ri, shu yildan boshlab, bir necha o‘zbekcha gazetalar chiqa boshladi, radiodasturlar efirga uzatilyapti. Masalan, Bishkekda o‘zbek tilida “Olam” nomi bilan gazeta nashr qilinyapti, “Intimaq” degan qirg‘iz va o‘zbek teleradiokompaniyasi faoliyatini boshlagan. Lekin amalda hammasi murakkab. Ya‘ni, o‘shlik o‘zbek jurnalistlarining aytishicha, bugun Qirg‘iziston janubida o‘zbek jurnalisti sifatida ishlash haliyam xatarli. O‘zbek tilidagi matbuot rasmiylarning kuchli bosimi ostida. Bu gazetalarning ko‘plari haqiqiy vaziyatni yorita olish imkonidan mahrum, ular asosan boshqa nashrlarda chiqayotgan materiallarni qayta chop qilish, ya‘ni daydjest formatidagina ishlay olishadi. Shunday ekan, bu sohada qandaydir vaziyat yumshaganligi haqida gapirishga ham hozircha juda erta.

BBC: Xalqaro tashkilotlar - ikki millat orasida, deylik qo‘ni qo‘shni darajasida aloqalarni yaxshilash yuzasidan ham maslahatu ko‘mak bermoqdami?

Sharifjon Ahmedov: Bu to‘g‘rida yana o‘sha Xalqaro komissiya xulosalariga qaytadigan bo‘lsak, unda Qirg‘izistonda etnomillatchilik ko‘rinishlariga qarshi jiddiy pozitsiya ishlab chiqilishi, mamlakatning milliy rang barangligini hisobga olish, matbuot vositalari uchun axloq kodeksi ishlab chiqish, soxta ayblovlar bilan qamalganlar ishlarini butkul qayta ko‘rib chiqish hamda vaziyatning izdan chiqib ketishida aybdor ko‘rilgan xavfsizlik kuchlari faoliyatini taftish qilish kabi qator tavsiyalar bor. Qirg‘iz tomoni birinchi o‘rinda shu kabi narsalarni bajarishi kerak deyilyapti. Endi yana boshqa tomondan, Alisher Navoiy Instituti ijodiy guruhi tayyorlagan navbatdagi filьmda ham ikki xalq orasidagi yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini tiklash uchun nimalar qilishi kerakligi haqida ikki millat ziyolilari jiddiy mulohazalar qilishgan. Ajabmas, bu filьm yaqin orada tomoshabinlarga namoyish qilib qolinsa va mintaqa ikki millat o‘rtasidagi ko‘priklar tiklanishi yo‘lida hissa qo‘shsa...

* to'ldirish shart bo'lgan qator

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.