BBC navigation

Turkiyada Prezident O‘zalning jasadi qazib olindi

Сўнгги янгиланиш 3 октябр 2012 - 12:36 GMT

Turg‘ut O‘zal Turkiya prezidenti lavozimida 1989 yildan 1993 yilgacha xizmat qilgan

Turkiyada marhum prezident Turg‘ut O‘zalning jasadi uning o‘limi sabablari borasida uzoq davom etgan tortishuvlar va bahslar ortidan seshanba kuni qazib olingan. Jasad endi yorib ko‘riladi.

Bu haqidagi buyruq Anqara Bosh Prokuraturasi tomonidan berilgan. Bosh Prokuror Turon Cho‘loqqodi Turkiyaning Hurriyat nashri bilan suhbatda jasadni Istanbulning To‘pqopi saroyidagi qabridan chiqarib olish amaliyoti juda ehtiyotkorlik bilan bir hafta davomida rejalangani va endilikda muammolarsiz amalga oshirilganini bildirdi.

U janob O‘zalning jasadi mahkama tibbiyoti institutiga jo‘natilganini aytdi.

Turkiyaning sakkizinchi prezidenti Turg‘ut O‘zal Turkiya siyosiy tarixidagi fundamental o‘zgarishlarning ramzi deya ko‘riladi.

U 1993 yili 17 aprelda o‘zining Anqaradagi idorasida yurak xurujidan vafot etgandi. U davrda O‘zalning o‘limi borasidagi shubhalar asossiz deya e‘lon qilingan, lekin jasad yorib ko‘rilmagan.

Biroq, uning bevasi Samra O‘zal xar doim o‘z eri og‘ir metal moddasi bilan zaxarlanganini da‘vo qilib kelgan va xatto xorijdagi bankda O‘zalning bir qism sochini saqlashini bildirgan.

Nihoyat, joriy yilning 13 iyunida Turkiya davlat audit kengashi O‘zalning o‘limini shubhali deya topdi va buni tekshirishga buyruq berdi.

Jasadning qabrdan olinishini bevosita kuzatgan Mahkama Tibbiyoti Institutining rahbari Holiq Inja jasadning qay ahvolda ekanini oshkor qilishdan bosh tortdi va jasad tibbiy tekshiruvlar uchun arzigulik holda ekanini bildirdi, xolos.

Tekshiruvlar janob O‘zal haqiqatdan ham zaxarlanganini fosh qilishi mumkinmi deb so‘ralganda, janob Inja hozirgi bosqichda biron nima deyish qiyin ekanini aytdi.

"Tekshiruvlarni qilmasdan turib biron izoh berish to‘g‘ri emas deb bilaman. Avvaliga tergovni o‘tkazaylik, keyin xulosamizni ommaga ochiqlaymiz", - dedi u. Janob Inja jasadni janob O‘zalning oilasiga qayta dafn qilish uchun juma yo shanba kuni qaytarishlarini bildirdi.

Biroq, tibbiy tahliliy ishlar ikki oy davom etishi kutiladi.

Turg‘ut O‘zalning jasadi Istanbuldan poytaxt Anqaraga yuboriladi va uning o‘limiga zaxarlanish sabab bo‘lgan yo bo‘lmaganini aniqlash uchun kelgusi ikki kun davomida toksikologiya tekshiruvlari o‘tkaziladi.

Tekshiruvlarni yetti mutaxassisdan iborat jamoa olib boradi va barcha analizlar qattiq xavfsizlik choralari bilan himoya qilinadi.

Mutaxassislar orasida antropolog, geolog muhandis va kimyo mutaxassislari bor. Biroq, ularga boshchilik qilayotgan janob Inja avvalgi intervyusida sobiq prezidentning o‘limi ko‘p yillar avval yuz bergani tufayli uning autopsiyasi hech qanday natija bermasligi mumkinligini aytgandi.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.