BBC navigation

Amerikalik harbiylar O‘zbekistonga safar qilmoqda

Сўнгги янгиланиш 3 октябр 2012 - 14:15 GMT

Amerika-O‘zbekiston munosabatlari iliqlashmoqda

Amerika Qo‘shma Shtatlarining harbiy kuchlariga yangi tayinlangan 17 nafar general va admirallar AQSh Milliy mudofaa universitetining besh haftalik kuchaytirilgan "Keypstoun" dasturi doirasida O‘zbekistonga safarini boshlagan.

Bu haqda Amerika Qo‘shma Shtatlarining O‘zbekistondagi elchixonasi ma‘lum qilgan.

An‘anaga ko‘ra, Amerika qurolli kuchlari safidagi barcha general va admirallardan milliy xavfsizlik, harbiy strategiya, idoralararo munosabatlar va asosiy ittifoqdosh davlatlar kabi masalalar bo‘yicha muhim muammolarni qamrab oluvchi "Keypstoun" dasturida qatnashishi talab etiladi.

"Keypstoun" dasturining barcha tinglovchilari chet eldagi tanishuv safarlarida ishtirok etib, AQSh birlashgan qo‘mondonligi harbiy qo‘mondonlari, Amerika elchilari, elchixona xodimlari va chet el hukumatlarining siyosiy va harbiy yetakchilari bilan tanishmog‘i va suhbatda bo‘lishi taqozo etiladi.

Amerikaning O‘zbekistondagi elchixonasi tarqatgan matbuot axborotnomasiga ko‘ra, mamlakatga safar qilayotgan Amerika general va admirallari O‘zbekiston hukumatidagi yuqori lavozimli mulozimlar, shuningdek, mamlakatdagi yetakchi harbiy va tarix institutlaridagi mutaxassislar bilan uchrashishi ko‘zda tutilgan.

Amerika-O‘zbekiston munosabatlaridagi "muzlar erishi"

Andijon xunrezligidan keyin nima o‘zgardi?..

Garchand, Amerika harbiylarining bu safari "ma‘rifiy-o‘quv" deya ta‘riflanayotgan bo‘lsa ham, Vashingtonlik mulozimlarning Toshkentga serqatnov bo‘lib qolgani ikki mamlakat o‘rtasida Andijon qirg‘inidan keyin sovuqlashgan munosabatlar so‘nggi uch-to‘rt yil ichida yana iliqlasha boshlaganiga yana bir dalildir.

Bu iliqlik Andijon xunrezligidan keyin Amerika O‘zbekistondan inson huquqlarini hurmat qilishga chaqiriqlari Toshkent tomonidan bajara boshlanganidan emas, balki Vashington Afg‘onistondan o‘z kuchlarini olib chiqishda yordamchi davlatlarga ehtiyoji ortgani bilan izohlanmoqda.

2014 yilda minglab Amerika qo‘shinlari o‘z harbiy aslahalari bilan Afg‘onistonni tark etishi kerak.

O‘zbekistonning strategik joylashishi Vashington uchun ayni maqsad yo‘lida hayotiy muhim ahamiyat kasb etadi.

Fergana.ru axborot agentligi bilan suhbatda Amerikaning O‘zbekistondagi elchisi Jorj Krol ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarni anchayin silliq izohlagan edi.

Elchi janoblari O‘zbekistonda "demokratiya boshqacha taraqqiy topishi va ko‘rinishi ehtimolini" tan olishi inson huquqlari va mustaqil jurnalistlar orasida bahsu munozara boshlab, Vashinton o‘z manfaatlari yo‘lida O‘zbekistondagi inson huquqlari bilan bog‘liq abgor vaziyatga ko‘z yummoqda degan tanqidlarni urchitgan edi.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.