BBC navigation

O‘zbekiston va Turkmaniston yangi transport yo‘lagiga qo‘shilmoqchilar

Сўнгги янгиланиш 3 октябр 2012 - 13:36 GMT

Prezident Karimovning Ashxoboddagi muzokaralari yakunida O‘zbekiston bilan Turkmanistonning Xitoy-Qofqoz-Turkiya transport tarmog‘iga qo‘shilish istagida ekanliklari e‘lon qilindi.

O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimovning Turkmanistonga safari mobaynida mintaqaviy xavfsizlik, transchegara daryolaridan foydalanish masalalari ham muhokama etilgani xabar qilindi.

Muzokaralar chog‘ida Turkmanistonning mintaqaviy daryolardan foydalanish masalasida O‘zbekiston mavqesini qo‘llab-quvvatlashi izhor etilgan.

Ayrim tahlilchilar Prezident Islom Karimovning Ashxobodga safaridan ko‘zlangan maqsad, "suv diplomatiyasi" ekani haqida xabar qilgan edilar.

Muzokaralar yakuni bo‘yicha o‘tkazilgan brifingda Prezident Gurbanguli Berdimuhamedov, Turkmaniston suv-energetika masalalarini xalqaro huquqning jahonda e‘tirof etilgan me‘yorlari asosida hal etilishi tarafdori ekanini aytgan, bu masalalar o‘zaro hurmat va mintaqadagi barcha mamlakatlar manfaatlarini inobatga olib yechilishi kerak, degan.

Bundan oldin Prezident Islom Karimovning Ostonaga safari paytida suv-energetika masalalarida O‘zbekiston va Qozog‘iston yakdil ekanlari e‘lon qilingandi.

Ashxoboddagi O‘zbek va Turkman prezidentlari bayonoti Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning Tojikistonga rasmiy safari arafasida yangradi.

O‘zbekiston va Turkmaniston nomidan e‘lon qilingan bayonotda mamlakatlar Xitoyni Ovro‘po bilan bog‘laydigan transport-tranzit tizimiga ulanish xohishini bildirganlar.

Prezidentlar qo‘shma bayonotida "Navoiy-Turkmanboshi-Boku-Tbilisi-Kars transport loyihasi muhimligi" urg‘ulangan.

Prezident Islom Karimov va Prezident Gurbanguli Berdimuhamedov Xitoyni Kaspiy dengizi sohili bilan bog‘laydigan, mintaqadan yo‘l chiqqan yuklarni Eronning Fors ko‘rfaziga olib chiqadigan yo‘llarni, Markaziy Osiyo-Xitoy, Markaziy Osiyo-Ovro‘po yo‘nalishlarini muhokama etganlari haqida gapirganlar.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.