BBC navigation

Dubayda "muhabbat maqbarasi" - Toj Mahal nusxasi barpo etiladi

Сўнгги янгиланиш 4 октябр 2012 - 11:56 GMT

Birlashgan Arab Amirligining Dubay shahrida Hindistondagi eng mashhur obida - Toj Mahal nusxasini barpo etishga oid me‘moriy loyiha e‘lon qilingan.

Loyiha 1 milliard AQSh dollariga tushishi aytiladi.

Arabistondagi Toj Mahal majmuasi asliga qaraganda anchayin yirik bo‘lishi ko‘zda tutiladi.

Loyihaga bosh qo‘shgan mas‘ullardan biri Arun Mehraga ko‘ra, majmua 300 xonalik mehmonxona, do‘konlar va tijoriy binolarni ham o‘ziga birlashtiradi.

Yangi inshoot 2014 yil qurib bitkazilishi va "Yangi muhabbat shahri" deb nom olishi kutilmoqda.

Majmuada ichida Parijdagi Eyfel, Misr piramidalari va Buyuk Xitoy devoriga o‘xshash boshqa imoratlar ham barpo etiladi.

Muhabbat maqbarasi hisoblangan Toj Mahal Hindiston shimolidagi Agra shahrida qad ko‘targan va bugunda UNESCOning Jahon Madaniy merosi ro‘yxatidan joy olgan.

Dunyoning yetti mo‘‘jizasidan biri sifatida ta‘riflanadigan ushbu me‘moriy obidani bundan 350 yil muqaddam boburiy shahzoda Shohjahon olamdan o‘tgan suyukli rafiqasi malika Mumtoz Mahal xotirasiga bunyod etgan edi.

Tarixiy manbalarda Toj Mahalni tiklash uchun 20 yildan ortiq vaqt sarflangani va unda 20 ming odam ishlagani yoziladi.

Oppoq marmardan barpo etilgan ushbu mo‘‘jizakor imorat Jamna daryosi bo‘yida joylashgan. U ba‘zan "yonoqdan oqayotgan ko‘z yoshi"ga ham qiyoslanadi.

Dubayda qad ko‘tarajak yangi Toj Mahal atrofida Toj Arabiya majmuasini qurish rejalanmoqda.

Mehra janoblariga ko‘ra, Toj Arabiya ishq-muhabbatning yangi manzili bo‘lishiga va sevishganlarni o‘ziga tortishiga umid qilinmoqda.

Majmuani qurish avvalroq rejalangan, ammo unga mas‘ul shirkat global iqtisodiy inqiroz ta‘siriga tusharkan, ortga tashlab qo‘yilgandi.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.