BBC navigation

Rossiya: o‘zbek muhojirini o‘ldirgan militsionerlarning jazo muddati kamaytirildi

Сўнгги янгиланиш 4 октябр 2012 - 16:59 GMT

Muhojirlar Rossiya militsiyasining noqonuniy harakatlaridan shikoyat qilib kelishgan

Rossiya mahkamasi o‘zbekistonlik Akbar Sapayevning o‘limida aybdor, deb topilgan ikki sobiq militsiya xodimining jazo muddatlarini qisqartirgan.

Aleksandr Teleshin hamda Vladimiru Maslovlar o‘tgan yil dekabrida qotillik va xizmat vakolatlarini suiste‘imol qilishda aybdor, deb topilib, 11 yil va 3 yilu 3 oylik qamoq jazolariga mahkum etilgandi.

Rossiya Tergov qo‘mitasining bildirishicha, Xabarovsk mahkamasi chiqargan yangi hukmga ko‘ra, Aleksandr Teleshinga 8 yil, Vladimiru Maslov esa 3 yillik yangi qamoq jazolari tayinlangan.

Tungi qotillik

Ma‘lum bo‘lishicha, 2010 yilning 15 avgustida 33 yoshli Teleshin va 27 yoshli Maslov Xabarovsk temir yo‘l vokzali oldidagi maydonda patrullik qilayotgan payt O‘zbekiston fuqarosi Qahramon Sapayevni hibsga olishadi.

Oradan biroz vaqt o‘tib, militsiya bo‘limiga mahbusning akasi Akbar Sapayev keladi va ukasining qayerdaligini surishtiradi.

Garchi mahbusning akasi militsionerlarga qo‘pollik qilmagan bo‘lsa-da, Maslov uni elektroshoker bilan uradi.

Keyin unga Teleshin ham qo‘shilib, o‘zbekni do‘pposlashadi.

Tergov va mahkama ko‘rsatmalarida aytilishicha, qiynoqlarga chidolmagan Akbar Sapayev shisha bankani boshiga urib yoradi va shisha sinig‘ini tomog‘iga qadab, o‘zini o‘ldirish bilan tahdid qiladi.

Shunda Teleshin Sapayevning ko‘ksi va qorniga qarata uch marta o‘q uzadi.

Akasining og‘ir yaralanganini ko‘rgan mahbus panjaraga urib, tez yordam chaqirishni talab qiladi.

Shunda Maslov hibsxona eshigini ochib, mahbusning tepkilaydi.

Yaralangan o‘zbekni keyinroq shifoxonaga olib borishadi, ammo oradan 3 soat o‘tib, u hayotdan ko‘z yumadi.

Tergov qo‘mitasiga ko‘ra, hodisa video kuzatish kamerasiga qayd etilgan.

Qotillik ortidan Xabarovsk Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Konstantin Noskov hodisada omon qolgan Qahramon Sapayev va uning yaqinlaridan qo‘l ostidagilarning harakati uchun rasman kechirim so‘ragan.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.