BBC navigation

Vyacheslav Oxunov: "ArtWeek Style.uz - Gulnora Karimova uchun hozirlangan tomosha"

Сўнгги янгиланиш 5 октябр 2012 - 17:24 GMT

ArtWeek Style.uz-2012 san‘at haftaligini O‘zbekiston Prezidentining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova ochib berdi.

Toshkentda ArtWeek Style.uz-2012 san‘at haftaligi boshlandi. "Fond Forum" homiyligidagi tadbirni O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova ochib bergan.

Jamg‘arma tarqatgan xabarda aytilishicha, haftalik davomida O‘zbekiston, Buyuk Britaniya, Frantsiya, Yaponiya klassiklari va zamonaviy rassomlarining ko‘rgazmalari, mahorat darslari, shuningdek, dunyoga mashhur yulduzlarning kontsertlari bo‘lib o‘tadi.

Bu kabi tadbir O‘zbekistonda bir necha yillardirki o‘tkazilmoqda va mamlakatda paxta yig‘im-terimi avjiga chiqqan bir paytda o‘tadi.

San‘at haftaligi Gulnora Karimovaning ko‘p sonli dabdabali tadbirlaridan biridir.

O‘zbekistonlik taniqli rassom Vyacheslav Oxunovning aytishicha, bu tadbir, oldingi festivallarga qarab xulosa chiqariladigan bo‘lsa, G‘arb va ba‘zi mahalliy dabdabali dizaynlarning namoyishidan boshqa narsa emas.

"Bu kabi dabdabali tadbirlarga tashqaridan qaragandagi yaltiroqlikka putur yetkazmaslik uchun qandaydir dolzarb muammolar, deylik, ijtimoiy yoki ekologik muammolarni ko‘tarib chiqadigan ishlarni taklif qilishmaydi. Davlat byudjetidan pul oladigan xodimlar, o‘qituvchilar, vrachlar og‘ir sharoitlarda, ovqatlariga o‘z cho‘ntaklaridan pul to‘lab, paxta terarkan, bu yerda faqat bitta odam - Gulnora Karimova uchun tomosha hozirlangan", deydi Vyacheslav Oxunov.

ArtWeek Style.uz bir necha yillardan beri o‘tkazib kelinayotgan tadbirdir.

Unga ko‘ra, O‘zbekiston rasmiylari oddiy odamlar 100 ta mehmon chaqirib, to‘y qilsa, "paxtaga chiqmay, dabdabali to‘y qilayapti", deb jar solishadi, ammo bu yoqdagi haqiqiy dabdabayu-as‘asa bilan hech kimning ishi yo‘q.

Ayni holda Gulnora Karimovaning O‘zbekistondagi san‘atga homiylik qilishi, mamlakat san‘ati imidji va obro‘sini ko‘tarish harakatlarining nimasi yomon degan savol tug‘ilishi mumkin.

Vyacheslav Oxunovga ko‘ra, muammo shundaki, O‘zbekistondagi rassomlarning aksari ishlari jahon bozoridagi raqobatga dosh berolmaydi.

"Hammasi mayda, bachkana ishlar. G‘arbda o‘zining yaltiroq mahsulotlari to‘lib yotibdi, bizda qilinayotganlari shunchaki bir nusxa yoki taqlid, xolos. Sovet davrida ham Rassomlar Uyushmasi bo‘lardi va bu uyushma bizga uy, mashina yoki mukofot beradi, deb qo‘llarini ochib, tilanchilik qilib yurishardi. Hozir ham shunday bo‘layapti, faqat endi bu tashkilot Rassomlar Uyushmasi emas, "Fond Forum" deb nomlanadi" deydi Vyacheslav Oxunov.

Uning aytishicha, "Fond Forum"ni avvaliga Gulnora Karimovani otasining merosxo‘ri sifatida reklama qilish maqsadida tashkil etishgandi, ammo bu ish bermadi. Endi bo‘lsa, undan mafkuraviy maqsadlarda, ayniqsa, yoshlarni haqiqiy hayotdan chalg‘itish maqsadida foydalanishayapti.

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.

Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing. Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.

Fikr va mulohazalarni BBCning tahririy mezonlari bilan ko‘rib chiqqandan keyin e‘lon qilishimiz mumkin.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.