BBC navigation

Haydar Aliyevning haykali nega Meksikada mashmashalarga sabab bo‘lmoqda?

Сўнгги янгиланиш 5 октябр 2012 - 16:20 GMT

Mexiko hiyobonlaridan birida qad rostlagan haykal neftga boy Ozarbayjonning sobiq prezidenti, Lenin ordeni sohibi Haydar Aliyev sharafiga qo‘yilgan

Yaqinda Meksika poytaxtida "butun dunyo bo‘ylab umuminsoniy ideallarga sodiqlikning yorqin timsoli" bo‘lgan insonga haykal qo‘yildi.

U Nelson Mandela yoki Martin Lyutin King deyayotgandirsiz…

Ammo bunday emas. Mexiko hiyobonlaridan birida qad rostlagan haykal neftga boy Ozarbayjonning sobiq prezidenti, Lenin ordeni sohibi Haydar Aliyev sharafiga qo‘yilgan.

"Human Rights Watch" xalqaro inson huquqlarini himoya etish tashkiloti o‘z vaqtida o‘zgachafikrlilikni bo‘g‘ishda ayblagan hozirda marhum Haydar Aliyevning ana shu haykali ochilishidan bor-yo‘g‘i bir necha hafta o‘tib, Meksikada bahsu munozaralarni qizitgan.

"Ayniqsa, mas‘ullarning nega Aliyevga haykal qo‘yish qaroriga kelganliklariga oid izohlari ensamni qotiradi", deydi shahar muammolarini yoritish bilan shug‘ullanuvchi mahalliy jurnalist Andres Laxus.

"Ularning aytishlaricha, ozariy hukumati hozir Ozarbayjon nomi bilan atalayotgani doxil shahar markazidagi yana bir xiyobonni tiklash uchun bir necha million dollar bergan emish. Ammo ularning izohlari Mexiko nima uchun aynan Haydar Aliyevni shunchalar ko‘klarga ko‘tarishi lozimligini asoslash uchun yetarli emas", deydi u.

Ozarbayjon xiyobonlarni asrab qoladi

Shahar hokimlik idorasi esa, shu paytgacha haykal atrofidagi bahsu munozaralar yuzasidan izoh bermagan.

Ozarbayjon-Meksika xiyobonining shu yil boshida bo‘lib o‘tgan tantanali ochilish marosimi chog‘ida Mexiko hokimi uning “ikki xalqning birodarlik istagi timsoli” ekanini aytgandi.

Janob Ebrardga ko‘ra, o‘tgan 16 yil davomida Mexikoda joylashgan 180 ta diplomatik vakolatxona va 45 ta xalqaro tashkilotdan birortasi shaharning ko‘rkini yaxshilash uchun Ozarbayjonchalik pul ajratmagan.

BBCga bergan suhbatida esa, Ozarbayjonning Meksikadagi elchisi Ilg‘or Muxtorov ushbu loyiha yangi emasligi, "shahar xiyobonlari favqulodda ta‘mirga muhtoj bo‘lgani"ni ta‘kidlagan.

"Shaharning qiyofasini yangilashga qaratilgan bu kabi osmono‘par loyiha bahona biz mamnuniyat bilan Meksika xalqini qanchalar hurmat qilishimizni amalda ko‘rsata oldik", deb aytgan elchi janoblari.

Ozarbayjon elchisi xiyobon va haykalga sarflangan qariyb 5 million dollar mablaqqa ham oydinlik kiritgan.

"Biz pulni to‘g‘ridan-to‘g‘ri Mexiko mulozimlariga emas, hokimiyatning turli idoralari bilan hamkorlikda ikkita xiyobonni ta‘mirdan chiqargan qurilish shirkatlariga berdik", deb aytgan janob Muxtorov.

Unga ko‘ra, ayni o‘rinda o‘z mamlakatining Meksika xalqiga qilgan tortig‘i emas, yangi qiyofa olgan xiyobonlardan buyuk shahar aholisi foydalanayotgani muhim.

Chaves bo‘lsa ham mayli edi…

Ammo bu kabi izohlar Laxusga o‘xshash loyiha tanqidchilarini qanoatlantira olmagan ko‘rinadi.

"Gapning po‘stkallasini aytadigan bo‘lsam, Mexiko ma‘murlari Ozarbayjondan shuncha pulni olib, imkoniyatdan foydalanib qolishgan. Mexikodagi haykalning yaqqol siyosiy mazmun tashimasligi ularga yaxshi ayon. Chunki Jorj Bush yoki deylik, Ugo Chavesga haykal qo‘yishganida, bu narsa ochiq-oydin ko‘ringan bo‘lardi", deydi u.

"Pulni to‘kib tashlashgan taqdirda ham, ular Chavesga haykal qo‘yishmasdi. Agar Ozarbayjonga kelsak, bizdan juda uzoqda joylashgan va u haqda hech kim durust-quruq bir narsa bilmaydi".

So‘zsiz, ko‘pchilik yangi haykalga qarab, prezident Haydar Aliyev kim bo‘lgani va uning nima uchun ulug‘lashayotganini bilmaydi.

"To‘g‘risi, men uning kimligini bilmayman, - deydi xiyobondagi o‘rindiqda gazeta o‘qib o‘tirgan Erminiyu Batalya. – Lekin xiyobonimizni yaxshilash uchun shuncha pul berib, yaxshi ish qilishibdi".

Xiyobon yaqinida mashina yuvuvchilik qilayotgan Xose Romeo esa, "pulini kim to‘lasa, musiqani ham o‘sha buyuradi-da. Menimcha, Haydar Aliyevga haykal o‘rnatish yaxshi g‘oya emas. Lekin, biz, meksikaliklar nima ham deya olamiz. Pul ularniki bo‘lgandan keyin, tilimizni qisishga majburmiz-da".

Boshqalariga ko‘ra, xiyobonlarida Meksika tarixiga hech bir aloqasi bo‘lmagan davlat arbobining haykali qo‘yilgan.

"Bularning barchasi boshqa davlatlar bilan aloqalarimizni kuchaytirish uchun yaxshi. Lekin Meksikada undan-da muhimroq bo‘lgan odamlar bor", deydi qadimshunos Paula Vayya.

Ammo haykaldan uzoqlashar ekanman, juda qiziq voqea yuz berdi.

Kamera va mikrofonimni sumkamga joylayotgan paytim, xiyobon tashqarisida avtomobillarni qo‘yish joyi xodimi yonimga kelib, qay bir ommaviy-axborot vositasida ishlashim va Ozarbayjon elchiligi men bilan suhbatlashish istagida ekanini aytib qoldi.

Darhol elchilikdagi manbasiga qo‘ng‘iroq qilib, elchi bilan suhbat uyushtirib berdi.

Men esa kalovlanib qolgandim. Nima bu, stalincha nazoratmi? Yoki Ozarbayjonni yaxshi ko‘rgan bir odamning beg‘araz yordamimi?

Men bu haqda elchi Ilg‘or Muxtorovdan so‘raganimda, ikkinchi fikringiz to‘g‘ri, dedi.

Ammo Ozarbayjon hukumati tanqidchilari bu va marhum prezidentga qo‘yilgan haykal borasida boshqacha fikrda bo‘lishlari tayin.

------------------------------------------------------------------------------------------------------------------------------------------------------------------------------------------------------------------

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.

Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing. Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.

Fikr va mulohazalarni BBCning tahririy mezonlari bilan ko‘rib chiqqandan keyin e‘lon qilishimiz mumkin.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.