BBC navigation

"Assalyamu aleykum, shkola!"

Сўнгги янгиланиш 5 октябр 2012 - 12:55 GMT

Rossiya internet nashrlaridan birida chop etilgan xuddi shu nomdagi maqoladan ayon bo‘lishicha, bor-yo‘g‘i kelasi bir necha yil ichida mamlakatdagi maktab o‘quvchilarining 30 foizini mehnat muhojirlarining bolalari tashkil etadi.

Maqola muallifi Vladimir Varfolomeyev so‘zlarining isboti o‘laroq Moskvadagi 942-sonli maktabni keltiradi.

Ma‘lum bo‘lishicha, bu yil ushbu maktab bitiruvchilarining yarmiga yaqinini mehnat muhojirlarining bolalari tashkil etishibdi va ulardan aksariyati ozarbayjonliklar ekan.

Ayni o‘rinda shuni alohida ta‘kidlash joizki, o‘zga yurtda ekanliklari va ota-onalarining mehnat muhojirligida band ekanliklariga qaramay, bu bolalarning o‘zlashtirishlari juda yaxshi ekan.

Maktab o‘qituvchilariga ko‘ra, mehnat muhojirlarining farzandlari tahsilga juda jiddiy yondashishadi, hatto, ota-onalari uyda o‘z tillarida so‘zlashib, bor-yo‘g‘i uch sinfni tugatgan bo‘lishsa ham, bolalarining ta‘limiga qattiq turishadi.

"Rossiyskaya gazeta" mehnat muhojirlarining mamlakat maktablarida tahsil olayotgan bolalariga oid aniq ma‘lumotlar yo‘qligi, ammo poytaxt Moskva misolida bu raqamlar 4 dan 10 foizgacha bo‘lishi mumkinligini yozadi.

Maqola Rossiya hukumati ongli ravishda arzon va huquqsiz ishchi kuchini jalb etishga qaratilgan siyosat yuritayotgani, mamlakatga muhojirlar oqimini to‘xtatish deyarli imkonsiz ekaniga oid so‘zlar bilan davom etadi.

Muallifga ko‘ra, Moskva ham Parij yoki Gamburg kabi dunyoning boshqa yirik shaharlariga o‘xshab bormoqda.

Uning bashorat qilishicha, vaqti kelib, poytaxt "eski" va "yangi" aholisining nisbati 50-50 bo‘lishi mumkin.

Muallif eng so‘nggida ovro‘poliklarning bu borada yo‘l qo‘ygan xatolarini imkon qadar qaytarmaslik uchun, xorij tajribasini o‘rganishlarining allaqachon vaqti yetganini ta‘kidlaydi.

Mehnat muhojirlarining bolalari

Mahalliy faollarning hisob-kitoblariga qaralsa, Rossiyadagi markaziy osiyolik mehnat muhojirlari soni o‘rtacha 8 million deb olinganda ham, ulardan o‘ttiz foizchasi oilasi bilan birga kelgan yoki shu yerda uylangan.

Faol Bahrom Hamroyevning o‘z kuzatuvlaridan kelib chiqib aytishicha, shulardan o‘n foizdan ortiqrog‘ining Rossiya maktablariga joylashtirolmagan farzandlari bor:

Баҳром Ҳамроев

Россиядаги меҳнат муҳожирлари ҳимояси билан шуғулланувчи фаол.

Тинглашmp3

Муқобил медиа плейерда ўйналсинми

"Men juda ko‘p ko‘raman. Mehnat muhojirlari ishlaydigan joylarga borsam, ish joylarida farzandlari ham yuradi", deydi u.

Faol buning sababini eng avvalo mehnat muhojirlari aksariyatining noqonuniy mavqe‘da ekanliklari bilan izohlaydi.

"Ota-onalarining hujjatlarini olib, ularning ro‘yxatdan o‘tgan-o‘tmaganliklari va bolalarining o‘sha tumanda doimiy yashab qoladimi-yo‘qligini so‘rab, surishtirishadi va ana shu savollar asosida ularni maktabga olmaslikka harakat qilishadi", deydi u.

Bahrom Hamroyev bu kabi vaziyatda qolgan ko‘pchilik oilalar muammoni tanish-bilishchilik va pul bilan hal qilib kelayotganliklari yashirib bo‘lmas haqiqat, deydi.

Faolning mehnat muhojirlari bilan qilgan suhbatlariga tayanib aytishicha, ular kamida 400-500 AQSh dollariga teng pul bilan bolalarini maktab yoki bog‘chaga joylashtirishadi.

Unga ko‘ra, mavjud muammolar ustiga, gohida mehnat muhojirlari bolalarini olish uchun mahalliy maktablarda joy ham yetishmaydi.

Bahrom Hamroyev buni cho‘ntagi ko‘tarmaydigan muhojir oilalar esa, to‘rttadan, beshtadan bo‘lib, oralaridagi o‘qituvchi bo‘lgan ayol yordamida uylarida o‘z bolalarini o‘qitishni boshlashganini ham aytadi.

Uning aytishicha, mavjud muammoni bartaraf etish uchun Rossiya hukumatining o‘zida jiddiy bir dastur bo‘lishi kerak.

"Mehnat muhojirlari Rossiya hukumati va xalqi uchun juda katta foyda olib kelayapti. Shundan kelib chiqib, hech bo‘lmasa, mehnat muhojirlari bolalarini hech qanday cheklovlarsiz, zudlik bilan maktab va bog‘chalarga joylashtirilishini maxsus qaror bilan qonuniylashtirish kerak", deydi faol.

Unga ko‘ra, shundagina vaziyat sal bo‘lsa-da, ijobiy tomonga o‘zgarishi mumkin.

Faol ayrim hollarda millatchilik ko‘rinishlari ham uchrab tursa-da, Rossiya maktablarida mehnat muhojirlarining bolalariga munosabat yaxshi ekanini ham ta‘kidlaydi.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.