BBC navigation

Futbol: Tarixga kirgan Osiyo chempionlari Toshkentga qaytishdi

Сўнгги янгиланиш 8 октябр 2012 - 15:34 GMT

16 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar terma jamoasi finalda jarima to‘plari hisobiga yaponiyalik raqiblarini mag‘lub etib, O‘zbekiston tarixida Osiyo chempionligini qo‘lga kiritgan yagona jamoaga aylanishdi.

Shu paytgacha biror bir yoshdagi O‘zbekiston milliy terma jamoasiga bu kabi sharaf nasib etmagan.

Bundan ikki yil burun ham xuddi shu yosh toifasida bo‘lgan o‘zbekistonlik futbolchilar Toshkentda bo‘lib o‘tgan Osiyo chempionatining final bosqichiga chiqishga muvaffaq bo‘lishgan, lekin hal qiluvchi o‘yinda shimoliy koreyalik raqiblariga yutqazib qo‘yishgandi.

Katta yoshdagilar orasida esa, O‘zbekiston milliy terma jamoasi 1994 yilda Osiyo O‘yinlari g‘olibi, o‘tgan yil esa, Osiyo Kubogi O‘yinlarining yarim finalchisi bo‘lishga muvaffaq bo‘lgan, ammo ularga halicha qit‘a g‘olibligi nasib etmagan.

Ayni o‘rinda shuni ham ta‘kidlab o‘tish joizki, bu O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi futbol bo‘yicha yirik xalqaro turnirlarda qayd etayotgan ilk shov-shuvli natija emas.

O‘tgan yil 19 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar kimsan avstraliyalik raqiblarini 4:0 hisobi bilan yengib, O‘zbekiston tarixida jahon chempionatining chorak finaliga chiqqan birinchi jamoaga aylanishgandi.

Ularning Meksika maydonlarida ko‘rsatgan o‘yini ko‘plab xalqaro futbol mutaxassislarining olqishlariga sazovor bo‘lgandi.

Oson bo‘lmagan g‘alaba

Ammo Eronda kechgan futbol bo‘yicha Osiyo birinchiligi o‘zbekistonlik o‘smirlar uchun oson kechmadi.

Hindiston, Xitoy va Suriyaga qarshi guruh bosqich saralash bellashuvlarini O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi bir g‘alaba, bir durang va mag‘lubiyat bilan yakunladi.

O‘zbekistonlik futbolchilar hal qilvchi o‘yinda Hindistonning Xitoy bilan durang natija qayd etishidan foydalanib, Osiyo birinchiligining chorak finaliga chiqishga muvaffaq bo‘lishdi.

Chorak finalda janubiy koreyalik raqiblarini penalьtilar seriyasida mag‘lub etgan O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi 3 oktyabr kuni yarim finalda mezbon eronlik raqiblarini o‘z maydonlarida 3:2 hisobida mag‘lub etishdi va finalga yo‘llanmani qo‘lga kiritishdi.

Kecha yaponiyalik raqiblari bilan kechgan final uchrashuvida o‘yinning asosiy vaqtida 1:1 natija qayd etilgan esa-da, yagona g‘olibni aniqlsh uchun belgilangan 11 metrlik jarima to‘plari o‘zbekistonlik futbolchilar foydasiga hal bo‘ldi.

Penalьtilar seriyasida yaponiyalik raqiblari ustidan 3:1 hisobida g‘alaba qozongan O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi Osiyo chempioni degan sharafli nomga ega bo‘ldi.

Kutib olish marosimi

Biz suhbatda bo‘lgan o‘zbekistonlik futbol ahlining aytishicha, kechaning o‘zidayoq Erondan poytaxt Toshkentga qaytgan o‘zbekistonlik o‘smirlarni shaxsan O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi prezidenti Mirabror Usmonovning o‘zi qarshi olgan.

"Yuzlab ishqibozlar, jurnalistlar va ularning yaqinlari ham aeroportda hozir edilar. Karnay-surnay sadolari, futbolchilardan biri kulgan, boshqasi yig‘lagan, xullas-kalom haqiqiy bayram bo‘ldi", deydi o‘zbekistonlik taniqli futbol sharhlovchisi Abror Imomxo‘jayev biz bilan suhbatda.

Eronda bo‘lib o‘tgan Osiyo chempionatining O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi uchun yana bir muhim jihati shu ediki, ular ushbu bellashuvning yarim finaliga chiqiboq kelasi yil Birlashgan Arab Amirliklarida bo‘lib o‘tuvchi Jahon chempionatiga yo‘llanma olishga muvaffaq bo‘lishdi.

O‘zbekistonlik futbol sharhlovchisining aytishicha, jamoaning bundan keyingi rejasi ana shu jahon birinchiligi o‘yinlariga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rishdan iborat bo‘ladi.

--------------------------------------------------------------------------------

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.

Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing. Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.

Fikr va mulohazalarni BBCning tahririy mezonlari bilan ko‘rib chiqqandan keyin e‘lon qilishimiz mumkin.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.