BBC navigation

Rossiya: Mehnat muhojirlarining haqlarini kim undirib beradi?

Сўнгги янгиланиш 10 октябр 2012 - 17:03 GMT

Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida o‘nlab tojikistonlik mehnat muhojirlari norozilik aktsiyasiga qo‘l urishgan.

"Regnum" axborot agentligining yozishicha, Rossiyada qonuniy mavqe‘da bo‘lgan va barchasi farroshlik bilan shug‘ullangan mehnat muhojirlari shu yo‘l bilan ikki oydan buyon ololmayotgan oylik maoshlarini undirib olish niyatidalar.

Agar agentlik mulozimlaridan keltirgan iqtiboslariga qaralsa, ular norozilik aktsiyasini uyushtirishda ko‘mak berishlarini so‘rab, shahardagi mintaqalararo kasaba uyushmalariga ham murojaat etishgan.

Aktsiya ishtirokchilari orasida erkaklardan tashqari, ayollarning borliklari, norozi muhojirlardan ayrimlarining oilalari bilan Sankt-Peterburgda umrgo‘zaronlik qilishlari aytiladi.

Kasaba uyushmalari mas‘ullarining bildirishlaricha, bu - Sankt-Peterburgda chetdan kelgan farrosh-muhojirlarning ilk bor ish tashlashlari emas.

Ammo, ularga ko‘ra, bu kabi norozilik aktsiyalari, odatda, ularning rahbarlari tomonidan muhojirlarni Federal Migratsiya Xizmati boshqarmasiga topshirib yuborish tahdidi bilan yakunlanadi.

Sankt-Peterburgda sonlari 8.000 nafar ekani aytiluvchi muhojir-farroshlarning oylik maoshlari esa, qog‘ozda 10.000 rublni tashkil etarkan.

Chuqur ildiz otgan muammo

Biz bilan suhbatda bo‘lgan o‘zbekistonlik mehnat muhojirining aytishicha, Rossiyadagi markaziy osiyolik taqdirdoshlarining kamida 40-50 foizi o‘z oylik maoshlarini ololmay halak:

Suhbatdoshimizning so‘zlaridan ayon bo‘lishicha, eng avvalo shaxsiy yumushlarda band mehnat muhojirlari bu kabi muammoga to‘qnash keladilar.

"O‘rtadagi aldamchi vositachilar yoki buyurtmachilarning qo‘llariga tushib qolishadi. Ishni o‘z vaqtida bajarishadiyu, orada qandaydir bahonalar bilan pullari berilmay qolgan hollar ko‘p bo‘ladi", deydi u.

Suhbatdoshimizga ko‘ra, ulardan keyin yirik qurilish ob‘ektlarida ishlayotgan mehnat muhojirlari bu kabi muammodan azob chekishadi.

"Bino o‘z vaqtida qurib, bitkazilmaganidan keyin, ular bankdan kredit olisholmaydi yoki bo‘lmasa, ish tugallangan payt qurilishni topshira olishmaydi. Natijada, bundan barcha birdek jabr ko‘radi", deydi u.

O‘z o‘rnida, suhbatdoshimizning aytishicha, O‘zbekistonda odam savdosiga qarshi olib borilayotgan sa‘y-harakatlarning ta‘siri ancha sezilarli bo‘lgan.

"Avval qishloqdagilar o‘zlarining qarindoshlarini olib borib sotardi, o‘rtada vositachilik qilardi yoki odam savdosi bilan shug‘ullanardi. Davlat bu kabi holatlarga biroz aralashgandan keyin, mehnat muhojirlarining o‘z haqlarini ololmasliklari hollari oz bo‘lsa-da kamaydi".

Unga ko‘ra, shungay qaramay, ayni muammo hanuz barham topmagan va bu ish bilan aksaran rus shirkatlari shug‘ullanishadi.

Suhbatdoshimizning nazdida O‘zbekiston hukumati, deylik, Turkiya yoki Qirg‘iziston kabi Rossiya tomoni bilan shartnoma tuzmagani bois, fuqarolari shu kabi muammolarga to‘qnash kelishmoqda.

"Ko‘chada qolasiz"

Bir necha yildan buyon Rossiyada mehnat muhojirligida band suhbatdoshimizning aytishicha, o‘z mehnat haqlarini ololmagandan keyin, ular ko‘chada qolishadi, och-nahor hayot kechirishlariga to‘g‘ri keladi.

"Qochib yurish, yerto‘lalarda hayot kechirishingizga to‘g‘ri keladi. Agar hujjatingizni yo‘qotsangiz, Rossiyadan deportatsiya etilasiz", deydi u.

Rossiyadagi faol Bahrom Hamroyevning biz bilan suhbatida aytishicha, aynan noqonuniy mavqe‘da ekanliklari sabab, eng ko‘p O‘zbekiston fuqarolari aldanib qolishadi.

"Uch oyga ro‘yxatdan o‘tiladi. Uch oydan keyin u O‘zbekistonga chiqib ketolmaydi. Chiptalar juda qimmat yoki durustroq ishga joylashmagan bo‘ladi. Shundan keyin bu kabi muammolarga duch keladi. Chunki lozim shartnomalar tuzmasdan, ishga kirishga majbur bo‘lishlari - aldanib qolishlari uchun qulay imkoniyat yaratadi", deydi u.

Faolga ko‘ra, hukumatlari bu mehnat muhojirlarining muammolarini o‘zining, xalqining, davlatining muammosi deb bilmas ekan, uning oldini ololmaydi.

"Eng birinchi navbatda Rossiyaga ishlash uchun kelayotgan mehnat muhojirlarining huquqlari har ikki davlat tomonidan qattiq himoya ostiga olinmasa, bu hol davom etaveradi. Bu muammoni Rossiyaning bir o‘zi yecholmaydi. O‘zbekiston hukumati bo‘ladimi yoki Tojikiston, o‘z fuqarolari manfaatlari, huquqlarini himoya etuvchi yirik shartnomalar tuzishi kerak. Hatto, ikki davlat orasida maxsus vazirlik tashkil etilishi lozim", deydi Rossiyada mehnat muhojirlari huquqlarini himoya etish bilan shug‘ullanuvchi faol.

Rossiyadagi markaziy osiyolik mehnat muhojirlarining umumiy soni taxminan 8 millioncha ekani aytiladi.

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.
Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing. Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring. BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.