BBC navigation

Turkman siyosiy mahbuslari qayerda?

Сўнгги янгиланиш 11 октябр 2012 - 13:12 GMT

Noyabrda sobiq vazir Boris Shixmuradovning hibsga olinganiga 10 yil to‘ladi, biroq uning qayerda saqlanishi borasida yaqinlariga biron marta ma‘lumot berilmagan.

Turkmaniston Prezidenti Qurbonquli Berdimuhammedov Turkmanistonda bironta ham siyosiy mahbus yo‘qligini aytgan. Janob Berdimuhammedov bu bayonotini Shveytsariyaga qilgan rasmiy safari chog‘ida qildi.

Turkman prezidenti ayni vaqtda mamlakat turmalarida atigi 10 ming atrofida mahbuslar borligi va ular yiliga to‘rt marta amnistiya asosida muntazam tarzda ozod etilib turishini aytdi.

Prezident Berdimuhammedov Shveytsariyada Birlashgan Millatlar Tashkilotining qator idoralari rahbarlari bilan uchrashgan. U, xususan, BMTning Ovro‘po Iqtisodiy Komissiyasi ijrochi raisi Sven Alkalay bilan uchrashib, turkman gazini jahon bozorlariga xavfsiz ravishda yetkazib berish borasidagi tashabbusini muhokama qilgan.

Turkmaniston xalqaro inson haqlari tashkilotlari tomonidan siyosiy mahbuslarning ahvoli borasida muntazam ravishda tanqid qilinib keladi. Turkmanistonning Turkiyadagi sobiq elchisi Nurmuhammad Hanamovga ko‘ra, ularning taqdiri noma‘lum qolmoqda.

Hanamov: Berdimuxammedov birinchi marta osonlikcha bunday bayonot bilan chiqayotgani yo‘q. Bu bayonot haqiqatdan yiroq. Unga hayron bo‘lmasak ham bo‘ladi. 2002 yil noyabrida davlatni to‘ntarish va Prezident Samarmurot Niyozov joniga suiqasd harakatini uyushtirish ayblari bilan 100dan oshiq safdoshlarimiz hibsga olingandi. Ular qayerga g‘oyib bo‘lishdi? Agar hammasi o‘lgan bo‘lsa, shundagina siyosiy mahbuslar yo‘qligi haqida bayonot qilish mumkindir. Bu hali bir guruh. Ulardan oldin ham qanchasi qamoqqa olingan.

BBC: Siz qayoqqa g‘oyib bo‘lishdi, deb so‘rayapsiz. Nima deb o‘ylaysiz, qayerda ular? Sizda ma‘lumot bormi?

2006 yilda jurnalist O‘g‘ilsapar Murodovaning hibsxonada o‘lishi sabablari hali ham aniqlanmadi va siyosiy mahbuslarning tutqunlikdagi taqdiriga e‘tiborni qaratdi.

Hanamov: Mutlaqo, yo‘q. Nafaqat menda, balki ularning qarindoshlarida ham biron ma‘lumot yo‘q. Ular hamma joyga boshlarini urishayapti, xalqaro tashkilotlarning, BMTning eshiklarini muntazam ravishda qoqishadi, lekin yaqinlarining taqdiri borasida biron ma‘lumot olisholmaydi. Hech bo‘lmasa, tirik yo o‘lik ekanini ham bilishmaydi. Men hali faqat bir guruh haqida gapirdim, lekin ulardan avval 94, 95 va 96-yillarda ko‘plab sobiq muxolifatchilar qamoqqa olingan. Noyabr voqealaridan keyin ham ko‘plar hibsga olingan. Qayerga yo‘qoldi bu odamlar? Agar Berdimuxammedov siyosiy mahbuslar yo‘q deb aytayotgan bo‘lsa, demak ularning bari o‘lgan ekanda? Berdimuxammedov prezident lavozimiga kelishidan ko‘p o‘tmay AQShdagi Kolumbiya Universitetiga borganida, undan sobiq tashqi ishlar vazirlari Boris Shixmuradov va Botir Berdiyevlar qayerda ekani so‘raldi. U esa "Men yangi odamman, lekin o‘ylashimcha, ular tirik" deya javob bergandi. Lekin, bu keyin tasdiqlanmagan. Turkman hukumati va prezidenting shaxsan o‘ziga bir necha bor murojaatlar qilingan, lekin hech kim bu muxolifatchilarning tirikligini tasdiqlamayapti. Bu kabi bayonotlar prezidentning obro‘siga putur yetkazadi. Yuqori darajadagi rasmiy odam jiddiy gapirishi kerak.

BBC: Siz yuzlab siyosiy mahbuslar bor deyapsiz, lekin Berdimuxammedov bironta ham yo‘q, deya Jenevada bayonot qilayapti. Uning bu bayonotiga Ovro‘po, yoki BMT qanday ishonishi mumkin?

Hanamov: O‘ylashimcha, uning bu kabi bayonotini jiddiy qabul qilishmaydi, chunki xalqaro hamjamiyat juda yaxshi biladi Turkmanistondagi vaziyatni. Chunki Jenevadagi inson haqlari qo‘mitasiga noyabrchi mahbuslarning qarindoshlari murojaat qilganlar. Men shaxsan bilaman, Shixmuradovning ayoli kelib ularni xabardor qilgan va yordam so‘ragan. BMTda yo‘qolgan insonlar bilan shug‘ullanuvchi maxsus qo‘mitaga ham xabar berilgan. Chunki Shixmuradov qamoqqa olinishi bilanoq bironta ma‘lumot berilmagan. BMT hammasidan yaxshi xabardor. Biz jim o‘tirganimiz yo‘q. Men yaqinda Varshavada Ovro‘po Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti sammitida noyabrchilar masalasini qayta-qayta ko‘tardim. Bu yil noyabrda o‘sha voqealarga 10 yil to‘ladi va unda hibsga olinganlar taqdiri noma‘lumligicha qolayapti.

BBC: Turkmanistonda siyosiy mahbular uchun mo‘ljallangan turma bormi?

Hanamov: Ha, bor. Lekin, siyosiy mahbuslar ham darajasiga qarab ajratiladi. Ashxoboddan uzoq bo‘lmagan joyda Ovodon-depe nomli qamoqxona bor. Siyosiy mahbuslar asosan o‘sha yerda saqlanadi.

---------------------------------------------------------------------------------

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.
Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing. Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.

BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.