BBC navigation

Mishel Platini: "O‘zbekiston bizning yordamimizga muhtoj emas"

Сўнгги янгиланиш 12 октябр 2012 - 10:58 GMT

Ma‘lum bo‘lishicha, Mishel Platini birgina O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi binosini ko‘riboq, "O‘zbekiston - futbol mamlakati", degan xulosaga kelgan

O‘zbekistonga ikki kunlik safar bilan tashrif buyurgan UEFA prezidentining aytishicha, O‘zbekiston - futbol mamlakati va mintaqadagi futboli eng rivojlangan davlatdir.

Mishel Platini Markaziy Osiyo va Qofqozga safari doirasida kecha payshanba kuni ilk bor Toshkentga kelgandi.

Toshkentdan olingan xabarlardan ayon bo‘lishicha, janob Platini kechaning o‘zidayoq O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi Prezidenti Mirabror Usmonov va mamlakat Bosh vaziri Shavkat Mirziyoyevlar bilan uchrashgan.

UEFA prezidenti o‘tgan yili O‘zbekistonga borishga va‘da bergani va oradan bir yil o‘tib, uni ado etolganidan juda xursand ekanligini bildirgan.

Ma‘lum bo‘lishicha, Mishel Platini birgina O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi binosini ko‘riboq, "O‘zbekiston - futbol mamlakati", degan xulosaga kelgan.

UEFA prezidenti O‘zbekiston futboli haqida ancha tasavvurga ega ekani, O‘zbekiston milliy terma jamoasining 2014 yilgi jahon chempionatiga chiqish uchun kurash olib borayotganini nazarda tutib, O‘zbekiston mintaqadagi futboli eng rivojlangan davlat ekanini aytgan.

Ayni o‘rinda shuni ta‘kidlab o‘tish joizki, O‘zbekiston jahon chempionatining final bosqichiga chiqish uchun o‘z kurashini davom ettirayotgan va Osiyo qit‘asiga berilgan 4.5 ta yo‘llanmaning taqdirini hal etuvchi so‘nggi bosqich saralash uchrashuvlarida ishtirok etayotgan yagona Markaziy Osiyo davlatidir.

O‘zbekiston milliy terma jamoasiga bu kabi sharaf halicha nasib etmagan esa-da, qator futbol mutaxassislari bu gal jamoaning ilk bor o‘z tarixida anchayin qulay mavqe‘da ekanini aytishadi.

O‘zbekistonlik futbolchilar navbatdagi uchrashuvlarini safarda 16 oktyabr kuni Qatarga qarshi o‘tkazishadi. Agar ushbu o‘yinda O‘zbekiston milliy terma jamoasining qo‘lida baland kelsa, o‘z oldiga qo‘ygan maqsadiga ancha yaqinlashadi.

"Sizlar hech qanday yordamga muhtoj emassizlar"

UEFA prezidentining Mirabror Usmonov bilan uchrashuvi tafsilotlaridan ma‘lum bo‘lishicha, janob Platini O‘zbekiston o‘zlarining hech qanday yordamlariga muhtoj emasligini bayon qilgan.

O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi rasmiy veb sahifasi ayni o‘rinda Mishel Platinining, "Biz sizlarga emas, ayrim masalalarda sizlar bizga yordam bera olishingiz mumkinligini aytishim mumkin. Masalan, hakamlik masalasida", degan so‘zlaridan iqtibos keltiradi.

UEFA prezidenti "O‘zbekistonda jahonning eng yaxshi hakamlari boriligidan yaxshi boxabar ekani, bu esa butun mamlakat uchun katta yutuq ekanini ham ta‘kidlagan".

Ayni o‘rinda shuni alohida ta‘kidlash joizki, hali dunyoda hech bir hakam o‘zbekistonlik Ravshan Ermatovdek ketma-ket to‘rt bor "Osiyoning eng zo‘r hakami" maqomini qo‘lga kiritmagan.

Yaqinda jahonning eng zo‘r ikkita hakamidan bittasi ham deb topilgan Ravshan Ermatov bor-yo‘g‘i 35 yoshda ekaniga qaramay, klublar o‘rtasidagi jahon birinchiligi, Jahon chempionati va Olimpiada O‘yinlari kabi ko‘plab nufuzli bellashuvlarda hakamlik qilib keladi.

Rasmiy xabarlardan ayon bo‘lishicha, UEFA prezidenti O‘FF rahbari Mirabror Usmonovning O‘zbekiston jahon chempionatiga yo‘llanma olgan taqdirda, Ovro‘po davlatlari milliy terma jamoalari bilan o‘rtoqlik uchrashuvlari o‘tkazish taklifini albatta inobatga olishini aytgan.

Mishel Platini, "Ovro‘poda taqvim juda tig‘iz va terma jamoalar bilan bu masalada bir to‘xtamga kelish biroz qiyinroq bo‘lgani uchun, Ovro‘poda yig‘in o‘tkazadigan biror bir Lotin Amerikasi terma jamoasi bilan gaplashib ko‘rishga harakat qilishlari"ni bildirgan.

UEFA prezidenti shundan so‘ng Toshkentning markaziy "Paxtakor", yaqinda qurib bitkazilgan va O‘zbekiston tarixidagi eng yirigi ekani aytilgan "Bunyodkor" sport majmuasini borib ko‘rgan.

Mishel Platini "Bunyodkor" sport inshooti, "Jahon andazalariga to‘la javob berishi va Ovro‘po mamlakatlaridagi mashhur stadionlardan aslo qolishmasligi"ni ta‘kidlagan.

Yangi majmua 56 gektar maydonni egallagan 34 ming o‘rinlisi doxil 7 ta zamonaviy stadion, bolalar-o‘smirlar futbol akademiyasi, basseyn, restoranlar va boshqa zamonaviy inshootlarni o‘z ichiga oladi.

Dastlab 45 ming tomoshabinga mo‘ljallangani aytilgan sport majmuasi Olmoniyaning GMR shirkati tomonidan loyihalashtirilgan va uning qiymati 150 million AQSh dollariga baholangandi.

Qirg‘iziston va Tojikistonga safari chog‘ida ushbu mamlakatlar prezidentlari qabulida bo‘lgan UEFA rahbari O‘zbekistonda faqat Bosh vazir Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashgan va bugun - juma kuni Turkmaniston poytaxti Ashxobodga uchib ketgan.

Mishel Platiniga mintaqaga safari davomida UEFA ijroiy qo‘mitasi a‘zosi, o‘zining maslahatchisi va muovini, yana shuningdek, Ozarbayjon Futbol Federatsiyasi Prezidenti Elxon Mamadov hamrohlik qilmoqda.

UEFA prezidentining Markaziy Osiyo va Qofqozga safaridan maqsadi - bu davlatlardagi futbolning bugungi ahvoli bilan tanishish ekani aytilmoqda.

Mishel Platini 2007 yil ilk bor UEFA prezidenti kursisiga kelgan, o‘tgan yil esa, yana o‘z lavozimiga qayta saylangandi.

Shu yil may oyida O‘zbekistonga uchinchi bor tashrif buyurgan FIFA Prezidenti Zepp Blatter ham mamlakatda futbol rivoji yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlar tahsinga sazovor ekanini urg‘ulagandi.

FIFA Prezidenti Zepp Blatter Prezident Islom Karimov qabulida bo‘lgan va undek futbolsevar davlat rahbarini ko‘rmaganligini aytgandi.

------------------------------------------------------------------------------------------

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.
Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing. Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring. BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.