BBC navigation

BBC mehmoni - parijlik tasavvufshunos olim Terri Zarkone bilan suhbat

Сўнгги янгиланиш 12 октябр 2012 - 17:00 GMT

Parijdagi Dunyoviy jamiyatda din guruhi katta tadqiqotchisi Terri Zarkone - Islom va Turk-Eron mintaqasida tuzumlar tarixini o‘rgangan kam sonli g‘arblik mutaxassislardan biri.

U Usmoniylar imperiyasi, Turkiya, Markaziy Osiyo va Sharqiy Turkistonda so‘fiylik va o‘sha joylardagi muqaddas qadamjolar tarixiga oid izlanishlar olib borgan.

"Men Markaziy Osiyo tarixi, tasavvuf, muqaddas joylar - avliyolar, ulug‘ zotlarning mazorlariga diqqat qaratganman. Siz bilasiz, O‘shda, Qoshg‘arda - Sharqiy Turkistonda, Buxoroda muqaddas yerlar bor, tadqiqotlarim ana shular to‘g‘risida", deydi olim.

Terri Zarkone o‘zi diqqat qaratgan mavzular, jumladan, Turkiya va Markaziy Osiyoning yaqin tarixiga bag‘ishlangan qator ilmiy maqolalar muallifi ham.

Olimning 1993 yilda yozgan "Islomda so‘fiylar, faylasuflar va masonlar" kitobi Frantsiyadagi Axloq va Siyosat akademiyasi Sayntur mukofotiga sazovor bo‘lgan.

Shuningdek, uning "Bektoshi tariqatida so‘fiy shoiralar" (2010 yil), "Quddusdagi Markaziy Osiyo va Hindistondan kelgan so‘fiy ziyoratchilar" (2009 yil) va "So‘fiylik Islomning mistik yo‘li" (2009 yil) deb nomlangan yana bir qator kitoblari bosmadan chiqqan.

Ayni paytda Terri Zarkone Sibir va Markaziy Osiyoda shamoniylikka bag‘ishlangan kitob ustida ishlayotganini aytadi.

Olim qator tillar, jumladan, turk, o‘zbek tillarida so‘zlashadi.

Tasavvufshunos olim Terri Zarkone bilan suhbat

BBC: Bu gali BBC mehmoni parijlik tasavvufshunos olim Terri Zarkone. Avvalo, tasavvufning zamonaviy ko‘rinishi borasidagi fikrlaringizni bo‘lishsangiz.

Terri Zarkone: Masalan, hozir yassaviylik tariqati, qodiriylik tariqati, naqshbandiylik tariqati bor. Ular har joyda: O‘rta Osiyoda, Sharqiy Turkiston - Xitoyda, Turkiyada, yana arab mamlakatlarida bor. Turkiyada ko‘p ular. Bu odamlarning siyosiy harakatlari ham bor... O‘rta Osiyo va Sharqiy Turkistonda esa, tasavvufchilar soni oz. Chunki, siz bilasiz, Sovet imperiyasidan keyin so‘fiylar kam qolgan.

BBC: Masalan, Turkiyada yoki Xitoyda ko‘proq qaysi tariqatlar saqlanib qolgan?

Terri Zarkone: Hozir eng muhim tariqat bu - naqshbandiylik tariqati. Chunki, naqshbandiylik tariqati ortodoks bir tariqat. Demak, Islomga ko‘p yaqin.

BBC: Mana Siz Turkiyada 10 yildan ortiqroq vaqt yashagansiz, aynan Turkiya misolida gapiradigan bo‘lsak, u yerdagi tasavvuf ahli orasida qaysi tariqatning ta‘siri kuchli va nima uchun?

Terri Zarkone: Hozir Turkiyada bir siyosiy partiya bor. Bu AK partiyasi, hozir u hukumatda. 25 yil avval bu partiyani tashkil etganlar naqshbandiylar edi. Shundan, hozir hukumatdagi partiyaga naqshbandiylikning biroz ta‘siri bor. Bu nima degani? Mening fikrimcha, bu Islomning anchayin ochiq, ko‘lami keng, buyuk bir qarashi, ya‘ni naqshbandiylik tariqati - zamonaviy bir tariqat. Faqat zikr bilan shug‘ullanadigan tariqat emas. Unda yaxshiroq hayot qurish g‘oyasi bor. Boshqa tariqatlar zamonaviy emas. Masalan, yassaviylik zamonaviy bir tariqat emas. Turkiyada ko‘p boshqa tariqatlar ham bor, masalan, qodiriylik, bektoshiylik...O‘rta Osiyo va Sharqiy Turkistonda faqat naqshbandiylik bor.

BBC: Bizga ma‘lumki, tasavvufni Islomdagi barcha oqimlar ham qo‘llab-quvvatlashmaydi, ya‘ni, tasavvufning ayrim jihatlari Islomga zid degan qarashlar ham mavjud. Aynan mana shu bahstalab nuqtalar qayerda?

Terri Zarkone: Masalan, hozir radikal Islomiy guruhlar bor: vahobiylar, salafiylar...Ular tasavvufga qarshi. Ularning fikricha, tasavvuf bir bid‘at. Masalan, eng bahstalab jihati bu - musiqa. Chunki, ba‘zi tariqatlarda musiqa bor. Masalan, naqshbandiylik tariqatida raqs bordir, raqsi samo‘. Ahmad Yassaviy tariqatida ham musiqa bor. Radikal islomchilar bunga tamoman qarshilar. Keyin yassaviylik tariqatida ayol va erkak baravar namoz o‘qiydi. Aynan mana shu nuqta ham Islomga zid ko‘riladi. Bundan tashqari, Qur‘onning tafsiri, zikr qilish kabi tomonlardan ham kelishmovchiliklar mavjud.

BBC: Tasavvufda shariat, tariqat, haqiqat maqomlari mavjud, shu darajalarga yetishgan, shariat, tariqat, haqiqat ilmlarini egallagan so‘fiylar bormi hozirda?

Terri Zarkone: Bor, bor. Chunki, tasavvufning qoidalari - Shariat, Tariqat, Ma‘rifat, Haqiqat. Birinchi shariat, ya‘ni Qur‘oni Karimning qoidasi, keyin tariqat - so‘fiylik amallari, undan keyin ma‘rifat va haqiqat... Bular ichki, ma‘naviy barkamollikka erishish bosqichlari...Endi yana tasavvufga qarshi fikrlarga qaytadigan bo‘lsak, masalan, O‘rta Osiyoda tasavvuf uchun eng muhim qadamjolar, avliyolar mazorlari bor. Ahmad Yassaviy bir avliyo, Bahovuddin Naqshbandiy bir avliyo. Bu odamlarning mazorlari juda muhim hisoblanadi. Odamlar ziyoratgoh o‘laroq, bu joylarni ziyorat qiladilar. Vahobiy va salafiylar bunday ishlarga qarshi. "Islomda bitta mazor bor, bu Madinadagi hazrati Payg‘ambar (s.a.v.)ning mazorlari. Boshqa avliyolarning mazorlarini ziyorat etmoq ma‘n etilgan", deydi bu vahobiylar. Ammo, muhim bir an‘ana. Masalan, Qirg‘izistonning O‘sh shahrida mashhur Taxti Sulaymon bor, Buxoroda hazrati Bahovuddin Naqshband, Turkistonda Ahmad Yassaviy mazorlari bor. Ba‘zi diniy ulamolar ularni ziyoratgohga aylantirishni Islomga zid deyishadi. Ammo, mening fikrimcha, bu Islomga zid emas. Ahmad Yassaviy ulug‘ bir zot, hazrati Payg‘ambar (s.a.v.)ga o‘xshash.

BBC: Tasavvufga qiziqish nafaqat Sharqda, balki G‘arbda ham bor. Tasavvuf haqida yoki tasavvuf ta‘sirida yozilgan kitoblar juda ko‘p. G‘arb tadqiqotchilari, shaxsan o‘zingizni tasavvufning qaysi jihatlari maftun etgan?

Terri Zarkone: Ha, masalan, Angliyada, Frantsiya, umuman, Ovro‘poda tasavvufga qiziqadiganlar ko‘p. Nima uchun? Chunki, Islomiy tasavvuf bu bir qalb kabi... Ya‘ni, hayotning qalbi kabi juda muhim bir nazariya. Shuning uchun, Ovro‘podagi tasavvufga qiziqqan ba‘zi kishilar Islomni qabul qilishdi va so‘fiylik yo‘lini tanladilar. Frantsiyada, Angliyada ko‘p ular. Siz bilasiz, Turkiyada mashhur avliyo shoir o‘tgan - Yunus Emro. Yunus Emro: "Yo‘l 72ta, Alloh birdir", deb aytgan. Ya‘niki, yo nasroniy bo‘lsin yoki yahudiy bo‘lsin va yo musulmon, ularning yo‘llari hammasi bir joyga borib to‘xtaydi. Men o‘zim tasavvuf to‘g‘risida kichik bir kitob yozganman. Frantsiyada chiqqan. Ayni mavzuda so‘nggi yozgan kitobimlarimdan biri Quddusdagi Markaziy Osiyo va Hindistondan kelgan so‘fiy ziyoratchilar haqida. Chunki, Quddus shahrida so‘fiylar uchun uchta musofirxona bor. Biri "Zaviya al o‘zbek", deb nomlangan. U yerga O‘zbekistondan, O‘rta Osiyodan Makkaga ketayotgan so‘fiylar tunab qolishadi. Yana biri hindistonliklar uchun, boshqasi afg‘onlar uchun. Shu uch musofirxonalar haqida tadqiqot qildim va kitob chiqardim. Xitoyning Qoshg‘ar shahrida mashhur bir muqaddas joy bor - Ofoq Xo‘ja. U ham naqshbandiy so‘fiylardan bo‘lgan. 17-18 asrda yashab o‘tgan so‘fiy podshoh. Hozir bir do‘stim bilan ana shu Ofoq Xo‘ja ziyoratgohi va Sharqiy Turkistondagi boshqa muqaddas qadamjolar haqida uyg‘ur tilida kitob yozayapmiz.

---------------------------------------------------------------------------------

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.
Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing. Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring. BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.