BBC navigation

O‘zbekiston Boku bandargohi orqali Ovro‘poga chiqmoqchi

Сўнгги янгиланиш 12 октябр 2012 - 13:32 GMT

Prezident Karimov Prezident Aliyev bilan iqtisodiy hamkorlik masalalarini muhokama qilishi bildirilgan

O‘zbekiston Boku bandargohi orqali Ovro‘poga chiqmoqchi.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligiga ko‘ra, Ozarbayjon poytaxti bandargohi O‘zbekistonni janubiy va Markaziy Ovro‘po bozorlari bilan bog‘lovchi muhim naqliyot nuqtasi bo‘lishi mumkin.

Tashqi ishlar vazirligining "Jahon" axborot agentligi tarqatgan xabarda aytilishicha, Ozarbayjon yo‘li O‘zbekistonga, shuningdek,O‘rta Yer dengizi va Qora dengiz orqali Yaqin Sharq hamda Sharqiy va Janubi-sharqiy Osiyo bilan ulanish imkoniyatini beradi.

Prezident Islom Karimovning Bokuga tashrifi arafasida e‘lon qilingan rasmiy xabarda transport va kommunikatsiya ikki davlat o‘rtasidagi aloqalarning eng istiqbolli sohalari ekani ta‘kidlangan.

Yangi eski loyiha

Rossiyani chetlab o‘tib, Osiyo-Qafqoz-Ovro‘po yo‘nalishi bo‘yicha energetika zahiralari tranzitini rivojlantirish sobiq sovet xududidagi besh davlatni birlashtirgan GUUAM tashkilotining asosiy maqsadlaridan biri edi.

O‘zbekiston 2005 yil mayida GUUAM "boshida qo‘ygan maqsad hamda vazifalarini o‘zgartirgani" vajidan tashkilotni tark etgan.

Shundan buyon O‘zbekiston tashkilotga a‘zo davlatlar bilan aloqalarni ikki tomonlama asosda rivojlantirishini aytib keladi.

Tahlilchilar O‘zbekistonning tashkilotdan chiqishini GUAMga a‘zo ikki davlat-Gurjiston va Ukrainadagi rangli inqiloblar bilan bog‘lashgan.

Rossiyalik va g‘arblik tahlilchilar GUAMni postsovet hududida Moskvaning manfaatlarini muvozanatlash maqsadida tuzilgan tashkilot sifatida ko‘radilar.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, O‘zbekistonning Ovro‘po va xalqaro tuzilmalarga yo‘nalgan GUAM tashkiloti doirasidagi naqliyot yo‘laklari bilan bog‘liq loyihalarga yangidan qiziqishi rasmiy Toshkentning g‘arb bilan qaytadan yaqinlashuviga bog‘liq bo‘lishi mumkin.

O‘zbekiston shu yil iyunida MDHning Rossiya yetakchiligidagi harbiy tuzilmasi- Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi tashkilotidagi a‘zoligini to‘xtatishini e‘lon qilgan.

Tashkilotning yuqori maslaxat organi- Kollektiv xavfsizlik kengashi O‘zbekistonning a‘zolikni to‘xtatish masalasini dekabr oyida ko‘rib chiqishi kutilmoqda.

RIA Novosti agentligi Rossiyaning KXShT dagi doimiy vakili Igorya Lyakina-Frolovning "hozirda a‘zo davlatlar mavq‘ini muvofiqlashtirish jarayoni ketmoqda dekabrga qadar O‘zbekiston rasman KXShT a‘zosi sifatida qoladi" degan so‘zlarini keltirgan.

Ozarbayjonga rasmiy safari chog‘ida Prezident Karimov Prezident Aliyev bilan ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish masalasini muhokama etishi ma‘lum qilingan.

---------------------------------------------------------------------------------

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.
Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing. Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.

BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.