BBC navigation

Britaniya politsiyasi Maksim Bakiyev Londonda hibsga olinganini tasdiqladi

Сўнгги янгиланиш 15 октябр 2012 - 13:34 GMT

Maksim Bakiyev qator iqtisodiy jinoyatlarda ayblanadi

Britaniya politsiyasi Qirg‘iziston sobiq prezidenti Qurmonbek Bakiyevning o‘g‘li Maksim Bakiyevni 12 oktyabr kuni ertalab Londonda hibsga olingan va garov puli evaziga 7 dekabrga qadar ozod etilgan.

Aynan shu kuni mahkamada uning ishi bo‘yicha tinglov kechishi aytilmoqda.

Bu haqda so‘nggi xabar Associated Press xabar agentligi tomonidan tarqatilgan.

Aytilishicha, 34 yoshli Maksim Bakiyev juma kuni Londonning Belgraviya mavzei politsiya idorasiga o‘z ixtiyori bilan kelgan payt politsiyaning Ekstraditsiya bo‘limi tarafidan Amerika talabi bilan qo‘lga olingan.

Avvalroq, Qirg‘iziston prezidenti devoni ham Maksim Bakiyev Londonda "o‘ta jiddiy ayblovlar" bilan hibsga olingani haqida bayonot tarqatgan, ammo tafsilotlarni bermagandi.

Britaniya politsiyasining ma‘lum qilishicha, Maksim Bakiyev hibsga olinganidan ko‘p o‘tmay, "firibgarlik va 2010 - 2012 yillar o‘rtasida Amerikada adolatni qaror toptirishga to‘sqinlik qilish" ayblovlari bilan Vestminster tuman mahkamasida hozir bo‘lgan.

Maksim Bakiyevning Qirg‘izistondagi strategik muhim hisoblangan Amerika havo bazasiga yoqilg‘i yetkazib berish bilan shug‘ullanib kelgan xususiy shirkatlarga boshchilik qilgani aytiladi.

Associated Press axborot agentligi esa, unga qo‘yilayotgan ayblovlarni ayni o‘sha paytdagi faoliyati bilan bog‘laydi.

Ma‘lumki, Qirg‘iziston rasmiylari ham Maksim Bakiyevni qo‘lga olishni so‘rab Interpolga murojaat qilgandi. Qirg‘iziston yangi hukumati uni korruptsiya va davlat xazinasidan millionlab dollarlarni o‘marishda ayblaydi.

Ammo, Qirg‘iziston Respublikasi va Buyuk Britaniya o‘rtasida ekstraditsiya kelishuvi yo‘qligi bois britan tomoni Maksim Bakiyevni Qo‘shma Shtatlarga topshirish masalasini ko‘rib chiqayotgani aytiladi.

Maksim Bakiyevning otasi Qurmonbek Bakiyev 2010 yil aprel oyida hukumat kuchlari va namoyishchilar o‘rtasida yuz bergan to‘qnashuvlar natijasida hokimiyatdan ag‘darilgan edi. Hodisalarda 90ga yaqin inson hayotdan ko‘z yumgan.

Shundan so‘ng, Qurmonbek Bakiyev Belarusga qochgan va hozirgacha Minskda yashab kelmoqda. Prezident Lukashenko hukumati bir necha bor Qirg‘izistonning Bakiyevni topshirish borasidagi so‘rovlarini rad etgan.

Sobiq prezidentning o‘g‘li Maksim Bakiyev esa, o‘sha yili xususiy uchoqda Britaniyaning Londonga yaqin Farnboro aeroportiga uchib kelgan payti ham ushlangan, biroq ko‘p o‘tmay uning siyosiy boshpana borasidagi arizasi qondirilgandi.

Maksim Bakiyev hibsga olingani haqidagi xabar Britaniyaning Qozog‘iston va Qirg‘iziston bo‘yicha elchixonasi tarafidan ham tasdiqlangan.

----------------------------------------------------------------------

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.
Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing. Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring. BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.