BBC navigation

To‘lqin Qorayev: "Xalqimizning ruhiyati singan va u hozircha kurashga yaramaydi"

Сўнгги янгиланиш 18 октябр 2012 - 17:20 GMT

Muxolifat faoli va mustaqil jurnalist To‘lqin Qorayev bbcuzbek.com o‘quvchilari va tinglovchilarimizning savollariga javob berdi.

To‘lqin Qorayev 1965 yil 7 fevralida Qarshi shahrida o‘qituvchilar oilasida tavallud topgan.

Abu Rayhon Beruniy nomidagi Toshkent politexnika institutining Fuqaro va sano‘at qurilishi bo‘limida ta‘lim olgan.

1984-86 yillarda Sovet Armiyasi safida xizmat qilgan.

1986 yildan 1998 yilgacha Qarshi shahri va Qashqadaryo viloyatida turli qurilish muassisalarini loyihalashtirish tashkilotlarida ishlagan.

"Texnik, bosh reja loyihachisi va konstruktorlik loyihalari bilan mashg‘ul bo‘lganman", - deydi To‘lqin Qorayev.

To‘lqin Qorayev 1998-2000 yillarda "Ozodlik" radiosining o‘zbek bo‘limi bilan "Shamsiddin" taxallusi ostida hamkorlik qildi.

2000 yil oxiridan 2003 yilgacha ayni faoliyatini "Amerika ovozi" radiosi o‘zbek bo‘limida davom ettirdi.

Shu bilan birga Britaniyaning "Urush va tinchlik muammolarini yoritish instituti"ga ham rus tilida maqolalar yo‘llab turdi.

2003 yilda Eronning "Mashhad radiosi" o‘zbek bo‘limida jurnalistik faoliyatini davom ettirdi.

Jurnalist asosan Qashqadaryo viloyatidagi ijtimoiy va iqtisodiy muammolarni yoritishga harakat qildi.

To‘lqin Qorayev shuningdek "O‘zbekiston Inson Huquqlari Jamiyati" ishlarida ham faol ishtirok etdi.

2002-03 yillarda ayni jamiyatning Qashqadaryo viloyat bo‘limiga rahbarlik qildi.

To‘lqin Qorayev 2005 yil mayida Andijonda yuz bergan qonli hodisalar ortidan unga nisbatan "ta‘qiblar juda kuchayib" ketganini aytadi.

Jurnalist ayni yil yozida Qarshi shahar jinoyat ishlari sudining qarori bilan 10 sutkalik qamoq jazosini o‘tab chiqdi.

U ta‘qib va tazyiqlar kuchayavergach 2005 yilning 27 iyulida O‘zbekistonni tark etishga majbur bo‘lganini aytadi.

Hozirda Shvetsiyada istiqomat qilmoqda.

Oilalik. Ikki nafar o‘g‘li bor.

"Muhojirotdagi hayotim davomida ham O‘zbekistondagi qattol rejimga qarshi kurashim to‘xtagani yo‘q", - deydi To‘lqin Qorayev.

2011 yilda tashkil topgan muxolifatdagi "O‘zbekiston Xalq Harakati" muassislari majlisi a‘zosi.

--------------------------------------------------------------------------------

Muhammadsolih: To‘lqin aka sizni va Tolib akaning tashkiloti bo‘lmish O‘IHXJ bugun qanday faoliyat bilan mashg‘ul?!Abdujalil Boymatov haligacha o‘zini shu tashkilotni Prezidenti g‘isoblaydi. Buni qanday izohlaysiz?! Tolib aka davrida shunaqa mashhur bo‘lgan tashkilot endi rahbarsiz falaj holga tushib qoldimi?!

To‘lqin Qorayev: O‘zbekiston Inson Huquqlari Jamiyati (O‘IHJ) o‘zining tashkil topgan dastlabki kunlaridanoq turli ta‘qiblar va bo‘linishlarni boshidan o‘tkazib keladi. Ayni hozirgi damda xoh O‘zbekiston ichkarisida bo‘lsin, xoh tashqarisida, faoliyat ko‘rsatayotgan barcha inson haqlari tashkilotlari aynan mana shu O‘IHJ dan ajralib chiqqan tashkilotlardir. Demoqchiman, ularning barchasining asosi O‘IHJ dir. Savolda "Sizning va Tolib akaning tashkiloti..." degan jumla kelayapti va uni men mutloq noto‘g‘ri deb hisoblayman. Balki savol beruvchi shaxs o‘zi berayotgan savolining jumlalarini to‘g‘ri ishlata bilmagan bo‘lishi ham mumkin. Abdujalil aka Boymatov O‘IHJ Frantsiyaning Andjers shahrida ro‘yxatdan o‘tganidan so‘ng saylangan birinchi prezidentidir. Avvallari tashkilotimiz rahbari rais maqomida bo‘lgan bo‘lsa, biroq Frantsiya qonunlariga ko‘ra, jamoat tashkilotlari rahbari o‘sha tashkilotning prezidenti sanaladi va shunga ko‘ra 2009 yilda O‘IHJ da prezident lavozimi ham ta‘sis etildi.

Tashkilotda yana bir bo‘linish 2011 yilda sodir bo‘ldi. Bunda Berlinda "O‘zbekiston Xalq Harakati" nomi ostida bir siyosiy bir platformasiga asos solingandi. Biroq Abdujalil Boymatovning O‘IHJ ning ushbu siyosiy birlashmada ishtirok etishni istamaganligi O‘IHJ ni yana bir bor bo‘linishga olib keldi. Shu yilning o‘zida O‘IHJ ning navbatdagi qurultoyi bo‘lib o‘tishi kutilayotgandi va o‘tkazildi ham. Ikki guruhga ajralib qolgan tashkilot a‘zolarining bir guruhi keksa huquqbon Tolib Yoqubov tomonida turgan bo‘lsa, yana bir guruh O‘IHJ ning prezidenti Abdujalil Boymatov tomonida edi. Shu qurultoyda Shvetsiyada yashayotgan taniqli muxolifatchi va tashkilotimizning ham a‘zosi bo‘lgan Hazratqul Xudoyberdiyev tashkilot yuqori lavozmi – prezidentligiga saylandi va O‘IHJ nomi O‘zbekiston Inson Huquqlari Xalqaro Jamiyati (O‘IHXJ) deb o‘zgartirildi. Abdujalil Boymatovning fikrini qo‘llab-quvvatlaganlar O‘IHJ da qolishdi va faoliyatlarini davom ettirishmoqda. Yangi nom bilan atalgan va aslida esa o‘sha eski tashkilot bo‘lgan O‘zbekiston Inson Huquqlari Xalqaro Jamiyati esa navbatdagi qurultoyini o‘tkazishi lozim deb bilaman va shundan so‘ng faoliyat yana qayta jonlanadi. Hozir ham bu tashkilot faoliyatsiz turibdi deb qaralsa noto‘g‘ri bo‘lardi menimcha, faoliyat bor, ammo ilgarigi darajada emas. Bu ham bo‘lsa ko‘plab a‘zolarning ta‘qiblardan qochib tarki vatan qilganliklari bilan bog‘liq.

Endi savolning asosiy o‘zagiga kelsak. 2008 yilda Frantsiyada ro‘yxatdan o‘tgan O‘IHJ ning nomi o‘zgartirilib O‘IHXJ ga aylangan. O‘IHJ ning legallashtirish, balki uni Irlandiyada bo‘lsin qaytadan ro‘yxatdan o‘tkazish masalasini esa Abdujalil Boymatov rahbarligi ostida faoliyat ko‘rsatayotgan huquqbonlar guruhi hal qilishi kerak deb bilaman.

Sherzod, Osh: Assalom alaykum !! Tulqin aka men anchadan beri bir narsani uylap yuripmaan , 2001 yildan beri afgonistonda terrorizmga qarshi katta urush boshlandi ,boshlanishiga boshlandiku lekin terrorchilar yanaham keng kulamda urush olib borishyapti , hammaga ma'lumki hozir dunyoda terroristik gruppalar son sanoqsiz ularning qancha qushini bor ?

To‘lqin Qorayev: Juda og‘ir, aytish joiz bo‘lsa men bilish imkonim ham bo‘lmagan savolni qo‘ygansiz. Terrorizmga qarshi kurash so‘ngi yillarda ancha urf bo‘lib borayapdi. Asosan bu illatga qarshi diktatorlik mamlakatlari kurashmoqdalar. Masalan O‘zbekiston, Rossiya Federatsiyasi, Tojikiston, Qozog‘iston, hattoki Qirg‘iziston ham. Mening nazarimda, asosan ozodlik va erk talabini ko‘tarib chiqganlar "terrorchi", yoki "terrorchi guruhlari" deb atalmoqda. Masalan, O‘sh va Jalolobodda 2010 yilning iyun oyida sodir bo‘lgan qonlik voqealarni eslaylik. Unda ham Qirg‘izistonning hukumati mahalliy o‘zbeklarni "terrorchi" deya atagandi. Garchi ular terrordan jabr ko‘rganlar bo‘lishsada.

"Terrorizm" atamasining o‘zi muttasil qo‘rqitish bilan olib boriladigan siyosat ma‘nosini beradi. Unga sinonim o‘laroq "kuch ishlatish", "qo‘rquvga solish" kabi atamalarni ham keltirish mumkin. Demak, shuning o‘zi aslida kim terrorchi ekanligini ko‘rsatadi. Masalan, ikkinchi jahon urushi davrida ham sobiq Sovet Ittifoqining gitlerchilar zabt etgan hududlarida partizanlar urushi borardi va o‘sha partizanlarni ham Adolf Gitler "terrorchilar" deb atagani tarixdan ma‘lum.

2001 yilda Afg‘onistonda terrorizmga qarshi urush boshlangani iddaosiga keladigan bo‘lsak, bu yerda kim haq, kim nohaq ekanligini ajratib olish oson emas. Afg‘oniston xalqining bir bo‘lagi bo‘lmish Tolibon o‘zi istagan hukumatni barpo etgandi va bu hukumat dunyo mamlakatlari tomonidan tan olinmadi. Bir qaraganda, ular ham o‘zlari istagandek davlat qurishga haqli edilar deb qarash mumkin, biroq inson huquqlari masalasi o‘rtaga chiqdi. 1947 yilda Birlashgan Millatlar Tashkilotiga asos solingan bo‘lsa, o‘sha damdan inson huquqlari hech bir davlatning ichki ishi bo‘lmay qolgan.

Bir eslaylik, Gitler fashist rejimining birinchi qurbonlari nemislar bo‘lgandi va boshqa davlatlar Germaniyaning ichki ishlariga aralasha olmasdilar. Natijada dunyoda 60 milliondan ortiq insonni qurbon qilgan kata falokat sodir bo‘ldi. O‘tmish hamma vaqt kelajak avlodlar uchun bir maktab vazifasini o‘tagan va shunday ekan, 1947 yildan bu yog‘iga inson huquqlari masalasi birorr mamlakatning ichki ishi bo‘lmay qoldi.

Afg‘onistonda Toliblar hukmronligi davrida qizlar maktablarining yopilishi, ayollar huquqlarining poymol qilinishi, mamlakatni faqat qurol ishlatadigan bir harbiy poligonga aylanib qolgani kabi holatlar bu kuchga qarshi kurash boshlashga bir zarurat paydo qilgan bo‘lsa ham ajab emas. Ammo Toliblarni yengib bo‘lmadi. Buni ham tan olishimiz lozim.

Dunyoning boshqa mamlakatlarida ham "terrorchi" deya tamg‘a bosilayotganlarning hammasi aslida terrorchilar emas. Ularning aksari o‘z vatanlarida tinch yashashni orzu qilayotgan odamlardir. Masalan, O‘zbekiston hukumati ham "terrorchi" tamg‘asini bosganlarning anchasi Yevropa mamlakatlarida yashayapti. Qaysi biri til o‘rganish kurslariga borsa, yana boshqasi ishiga boradi. Tag‘in turli kasb-hunarlarga o‘qiyotganlar ham bor. Shunday ekan, u odamlarni emas, balki ularga zug‘um o‘tkazgan zo‘ravon hukumatlarni "terrorchilar" deb atagan bo‘lardim. Savolingizning terroristlarning qo‘shinlari soni haqidagi qismiga esa menda javob yo‘q. Bunisini bilmayman.

Arslonbek: Salom Tulqinjon, siz huquqbon ekansiz, nega huquqbonlar ichida giybat juda kup ? 2-Savol Uz-dan har-hil taziyq orqalik chiqib ketganlarni va yashayotgan faollarni hozirda sotqin va hoyin deyuvchilar ham bor shunga siz kim kim ekanini ayta olasizmi?

To‘lqin Qorayev: G‘iybatchilikni bizning milliy madaniyatimiz juda qoralaydi. Oxiri zamon payg‘ambari Muhammad Salollohi A‘layhi Vassalamdan kelgan bir hadisi sharifda g‘iybat qilguvchilarni payg‘ambarimiz odam go‘shtini iste‘mol qilayotganlarga o‘xshatganlar. Afsuski, biz dinimizdan qaytganimizmi yoki boshqa sababmi, ko‘pchiligimiz g‘iybatga o‘ch bo‘lib qolganmiz. G‘iybatchilikni siz huquqbonlar orasida deyapsiz, men esa nafaqat huquqbonlar orasida, balki siyosatchilar orasida ham bor deb ayta olaman. Hattoki iqtidorda turgan Islom Karimov hukumati ichida ham g‘iybat yeyishlik bor. Odatda kimdir kimgadir kuchi yetmaganida, yoki uning nomini bulg‘ashni istaganida uning g‘iybatini qilsa kerak. Bundan ham albatta ma‘lum bir maqsad bo‘ladi. Masalan, O‘zbekistondagi rejimning topshirig‘i bilan boshqalarni g‘iybat qilib yurganlar kammi? Hattoki, bu g‘iybatlar internet saytlarida tarqatilmoqda. Nachora, bizga kelgan epidemiya bu. Bundan qutilish chorasi menimcha millatimiz ongining o‘sishiga bog‘liq.

Ikkinchi savolingizga keladigan bo‘lsam, O‘zbekistonni tark etganlar kam emas. Birov shunchaki, g‘arbda yashagisi kelib tarki vatan qilgan bo‘lsa, boshqa birov majbur bo‘lganidan tarki vatan qildi. "Sotqin", "Xoin", "Xalq dushmani" va shunga o‘xshash turli tavqi la‘natlarni begunohlar boshiga yog‘dirayotganlar bir o‘ylab ko‘rishsa bo‘lardi, menimcha: kim u sotqin va u qanday xiyonat qildi ekan?

Vatanga qarshi urush borarkan, dushman tomoniga o‘tgan odamni sotqin deyishardi. Vatanning harbiy-texnik sirlarini ham boshqa mamlakatlarga sotganlarni sotqin desak bo‘lar. Xo‘sh, O‘zbekistonga qarshi qanday urush borayaptiki, tarki vatan qilganlar xoin bo‘lsin? Yoki O‘zbekistonning qaysi bir harbiy-texnikaviy sirlarini sotganlar borki, ular xoin bo‘lishsin?

Hozirda mana shu iflos atamani ko‘plar bir biriga qarshi qo‘llamoqda. Masalan, o‘zbek muxolifati va o‘zini muxolifat deb atayotgan guruhlar ham bir birlarini "sotqin" deyishadi. Kishi o‘zini qaysi platformada ekanligidan kelib chiqib boshqasini sotqin deyishi unchalik to‘g‘ri bo‘lmasa kerak menimcha. O‘zbekistonni ta‘qiblar sabab tark etganlar hukumatga ma‘qul kelmagan siyosiy yoki jamoatchilik harakatlari a‘zolari ekan, ularni zo‘ravon hukumatitmiz ham "sotqin" deb ataydi. Demak, hukumat pozitsiyasini ifoda etayotganlar biz uchun sotqindirlar. Chunki ular o‘zlarining va bizning g‘oyamizga qarshi chiqdilarmi, demak maqsadlarini ham o‘zgartiribdilar. Keyin, "sotqin" degani, odatda mavhum tushuncha. Kimdir birov uchun sotqin bo‘lsa, boshqa birov uchun u qahramon bo‘ladi.

Miltiqli kishi: Sizni siyoxni bo‘chkasi bilan sotib oladiganlar hilidan deyishadi. Yaqinda jurnalistlar tomonidan Shvetsiyada va Shveytsariyada Gulnora Karimovaning pul yuvishi va poraxo‘rligi fosh etildi. Siz bu voqealarga bir qalam sohibi sifatida ozroq hissa qo‘shdingizmi?

To‘lqin Qorayev: Savolingiz men uchun tushunarsizroq bo‘lsada, o‘zim tushungan darajada javob berishga urinib ko‘raman. Avvalo mening ortimdan siz aytayotganingizdek "siyohni bochkasi bilan sotib oladi" degan "sifat" berilmagan. Bunaqa sifatni ilgarilari, ya‘ni Sovet davrida yuqori idoralarga birovlar ustidan anonim shikoyatlar yozadiganlarga nisbatan qo‘llanilardi. Ko‘chma ma‘noda ham, to‘g‘ri ma‘noda ham, bu sifat menga ta‘luqlik emas deb bilaman.

Shvetsiya jurnalistlari TeliaSonera mobil aloqalar kompaniyasining O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaga yirik miqdorda pora berganligi ortidan ko‘tarilgan shov-shuv material dunyo jamoatchiligining diqqatiga tushdi. Ma‘lumki, kamina shved televideniyasida ishlamayman. Shundan kelib aytish mumkinki, mening bu ishlarda hissam mutloqo yo‘q!

Baxodir, Termiz: Tulkin akaga savolim: agar solishtirilsa, bugungi uzbek jurnalistikasi 90-yillar jurnalistikasidan nimasi bilan fark kiladi? Uzbek jurnalistlari professional darajasi oshgan deb ayta olasizmi? Raxmat. Baxodir

To‘lqin Qorayev: 90-yillardagi o‘zbek jurnalistikasini havas qilsa arziydigan davr deb bilaman. U davr jurnalistikamiz uchun erkinlik davri edi. Aynan o‘sha davrda nafaqat jurnalistlar, balki elning ardog‘iga sazovor bo‘lgan ko‘plab ijodkorlar ham yetishib chiqqandi va ishonamanki, millatimiz o‘zining o‘sha davrda ijod etgan farzandlari bilan faxrlanadi.

90-yillar jurnalistikasi Sovet Ittifoqi yemirilish davriga to‘g‘ri keladi va unga Gorbachev erkinligi davri deb ham qaraladi. Turli mavzularda o‘tkazilgan bahslarda haqiqat qaror topadigan davr bo‘lgandi u.

Bugungi jurnalistlarimiz deganda men xorij ommaviy axborot vositalariga yozayotgan qalamkashlarni tushunaman. Aynan mana shu toifadagi jurnnalistlarning mehnatlari sabab, O‘zbekiston ichkarisidan ob‘ektiv ma‘lumotlar tashqariga sizib chiqmoqda. Shunday ekan, o‘zbek jurnalistikasini ham men professional jurnalistika deb atay olaman.

Vatan ichkarisida hukumat nashrlari va boshqa turdagi ommaviy axborot vositalariga xizmat qilayotgan jurnalistlarni esa rejimning targ‘ibot quroliga qiyoslagan bo‘lardim. Chunki ularda na matonat va na imkoniyat bor. Jurnalistlar faoliyati erkinligini kafolatlaydigan beshta qonun mavjud bo‘lsada, biroq jurnalistlarimiz, aniqrog‘i, o‘zini jurnalist atayotgan kimsalarda bu kasbga loyiqlik alomatini kuzatmayapman.

Jurnalist har qanday holatda ham haq so‘zni yozib chiqa olsa va ommaga yetkazsa, ana unda uni jurnalist deb atasak bo‘lardi. Ishidan ajralib qolishidan, yoki qamalib qolishidan qo‘rqib haqiqatni yashiradigan, yoki ko‘rib ko‘rmaslikka oladigan qalamkashlar jurnalistlar emas. Yuqorida aytib o‘tganimdek, diktatura rejimi targ‘ibot qurolidir ular.

Ozod Sobirjonov: Assalomu alaykum, To‘lqinbek! Qattol rejimga qarshi kurashishdan charchaganim yo‘q, debsiz. Lekin nima uchun Karimov hukumati ag‘darilmadi shu paytgacha? Nega insonlar unga qarshi chiqishmayapti?

To‘lqin Qorayev: Karimov hukumatining ag‘darilishi bir menga bog‘liq bo‘lganida u taxminan 1995-yilladayoq ag‘darilgan bo‘lardi. Chunki aynan o‘sha yillarda bu hukumatdan butunlay hafsalam pir bo‘lgandi. Endi insonlar unga qarshi chiqishmayapti deganingiz biroz xato fikr hamdir. O‘zbekiston xalqining kam deganda 90 foizi Karimov rejimini istamaydi va undan qutulinadigan kunni intiq bo‘lib kutmoqda.

Islom Karimov hukmronligi yillarida ommaga qarab o‘t ochishlar kam bo‘lmadi shekillik. 1992-yildayoq Toshkentdagi Talabalar shaharchasida bosh ko‘targan talabalar peshonasidan o‘q yegandi. Undan so‘ng Parkentda, Namanganda xalqning kichik noroziliklari ham vaxshiylik bilan bostirildi. Eng so‘ngi qonli voqea esa Andijonda 2005-yilning 13-may kunida sodir bo‘ldi.

Xalqimizning ruhiyati singan va u hozircha kurashga yaramaydi. Albatta Islom Karimov butun O‘zbekiston xalqini, ya‘ni mana shu 30 millionga yaqin xalqni qirib tashlay olmaydi va xalq bir maqsad yo‘lida birika olsa, albatta, u g‘olib bo‘lardi. Ammo xalqimiz buni tushunmaydi yoki tushunishni ham istamaydi. Natijada, mana yigirma yildan ortdiki, boshimiz uzra diktatorning qonlik qilichi aylanmoqda. U ko‘tarilgan boshlarni kesib tashlaydi, lekin egilgan boshlarni kesmasada, diktatorimiz ularni muttasil yanchib kelayapti. Insonlarning unga qarshi chiqmasligining bosh sababini esa, ularning jur‘atsiz va qo‘rqoqlikligida deb bilaman.

Maxmud: Nega Uzbekistonda xozirgacha fukaroviy jamiyat shakllanmadi? Nima uchun avtoritar tizim agdarilish urniga yanada kuchayib borayapti?

To‘lqin Qorayev: Bu savolni ikki qismga bo‘lib ko‘rsak ham bularkan va uning ikkinchi qismiga yuqorida javob berdim deb o‘ylayman. Birinchi qismiga javob berishdan oldin uni biroz tahrir qilish kerakka o‘xshayapti. "Nega O‘zbekistonda hozirgacha fuqaroviy jamiyatlar shakllanmadi?" - degan savol qo‘yilayotgan bo‘lsa kerak.

Har bir mamlakatda, agar uning hukumati o‘zining xalqaro obro‘sini o‘ylasa, fuqaroviy jamiyatlar uchun keng yo‘l ochadi va ularning faoliyatlariga davlat tomonidan aralashuv bo‘lmaydi. Fuqarollik jamiyatlari har bir davlatning o‘z ichidagi sanitarlari desak mubolag‘a bo‘lmas. Odatda bu kabi tashkilotlar davlatning va uning mas‘ullari bo‘lgan turli toifa mansabdorlarning faoliyatlarini nazorat qilib boradi. Bu esa o‘z navbatida, jamiyatning demokratik boshqaruv tuzumida bo‘lishini talab qiladi. Diktatorlik hukmronliklari o‘rnatilgan davlatlarda esa fuqaroviy jamiyatlar rivojiga yo‘l berilmaydi, hattoki ularni tashkil etishga ham yo‘l qo‘yishmaydi. Sababni tag‘in mamlakat uzra o‘rnatilgan diktatura siyosatidan izlashimiz kerak bo‘ladi. O‘zbekistondagi bugungi hukumatga xalq nazorati mutloq kerak emas va shu sabadan ham bu kabi tashkilotlar rivojlanmayapdi.

Avtoritar tuzumning kuchayib borayotganiga oid savolga yuqorida javob bergan bo‘lsamda, yana bir qo‘shimcha qilish maqsadida shuni eslatib o‘tmoqchiman: avtoritar tuzum ag‘dariladi, qachonki xalq shu maqsadda birlasha olsa va u o‘z irodasi bilan avtoritar tuzimdan ko‘ra kuchliroq ekanligini ko‘rsata olsa. Aks holda ko‘rib turganimizdek, rejim gullab yashnayapti, xalq esa abgor holidan yanada abgorlashib borayapti.

Sulaymon, Toshkent: Bush paytingizda kaysi nashriyalarni ukiysiz? Sizga kaysi veb saxifalar yokadi?

To‘lqin Qorayev: Menda ham bo‘sh vaqt bo‘lib turadi va javobimdan ajablanasiz deb o‘ylayman. Bo‘sh vaqtimda matematika bilan shug‘ullanaman. Bu bilan bu fanning bilag‘oniman degan da‘voni ilgari surayotganim yo‘q, balki aksincha, uni bilmaganim uchun. Mana shu fanni o‘z davrida yetarlicha o‘zlashtira olmaganman yoki allaqochon unutganman. Endilikda, shu yoshimda matematikaga qiziqib qoldim.

O‘zbek nashrlari menga yetib kelmasligini inobatga olib qaraydigan bo‘lsam, menda faqat internet nashrlari qoladi xolos. Men qiziqish bilan kuzatib boradigan saytlarim esa Ozodlik, Bi-bi-si radiolarining veb sahifalaridir. Shuningdek, o‘zim a‘zosi bo‘lgan O‘zbekistoyen Xalq Harakati sahifasini, Tsentraziya, Fergana, Uznyus, Yevronyus, Dunyo o‘zbeklari, O‘zbekiston Inson Huquqlari Jamiyati sahifasi kabi sahifalarni kuzatib boraman. Yangiliklar va tahlillar mening bo‘sh vaqtimda bir ko‘z tashlab qo‘yadigan sahifalarim emas, balki mening asosiy faoliyatim yo‘li deb bilaman.

Baxodir, Koreya: Nima uchun chetda yurgan uzbekistonlik muxojirlar ittifok emas? Boshka millatlar bir-birini kullasa, uzbeklar bir-biridan kochadi?

To‘lqin Qorayev: Ayni mana shu savolni sizning o‘zingizga va boshqa millatdoshlarimizga bergan bo‘lardim. Nafaqat muhojirotdagi o‘zbeklar, balki O‘zbekiston ichkarisidagi o‘zbeklar ham bir biriga ittifoq va mehribon emaslar. Afsuslar bo‘lsinki, biz shunday millat ekanmiz!

Ilgarilari o‘ylar edim, millat o‘z dinidan ayrilgani uchun bir biriga yov bo‘lib qolgandir deb. Yo‘q! Gap dinda emas ekan. Chunki muhojirotda, tag‘in diniy e‘tiqodda sobit bo‘lgan vatandoshlarimizda ham bir ittifoq bo‘lishlikni ko‘rmayapman. O‘zbeklar ko‘proq manfaat yo‘lida birikadigan millatga aylanib qolishgan. Bu kasallik bu millatga qachon va qay vaziyatda tekganligini esa bilmayman.

O‘zbekistonda minglab musulmonlar qamoqlarda qiynoqlar ostida yashayapti. Kunda bo‘lmasa ham, kunora kimningdir qamoqda o‘ldirilganini eshitib qolamiz va u albatta diniy motivlar bilan qamalgan mahbus bo‘lib chiqadi. Amerika va Yevropa qit‘alarida bemalol oyog‘ini uzatib yashayotgan "birodarlar" esa parvoi falakda. Hattoki "oh", deb qo‘yishni ham bilishmayapti. Ayni shunday manzarani dinsizlar orasida ham kuzatasiz.

Shunday ekan, o‘zbeklar bir biridan hadiksirab yashaydi va tabiiyki, bir biridan qochadi. Nega bu millat aynan shunaqa ekanligini esa tushuntirib bera olmayman. Chunki buning boisini o‘zim ham bilmayman.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.