BBC navigation

Adabiy saytlar adabiyotga xizmat qilmoqdami?

Сўнгги янгиланиш 18 октябр 2012 - 13:42 GMT

Surat Xurshid Davron saytidan olindi

"Salom Shavkat aka!

Bundan bir necha yil avval Usmon aka (Usmon Azim, muallif) bilan mashinasida ketayotganda, siz haqingizda gapira boshladimu yig‘lab yubordim. Menga qo‘shilib Usmon akayam yig‘lab yubordi. Esimda, Buyuk Rauf Parfi abadiyat quchog‘ida yotgan Minor qabristoni oldida to‘xtab, uzoq so‘zsiz yig‘lagan edik. Ichgan emasdik. Mana shu gaplarni yozayapmanu ko‘zimdan tir-qirab yosh oqyapti. Sizni sog‘ingan bo‘lsam kerak, Shavkat aka! Men yig‘laganimdan hech qachon uyalmayman. Hatto o‘sha "Men hech qachon yig‘lamayman!" degan jo‘ramiz ham yolg‘iz o‘zi qolganda bo‘zlab-bo‘zlab yig‘lashiga ishonaman. To‘g‘ri, keyin ko‘z yoshini artib, yuzini yuvib, boshqalar oldiga chiqqanda "Men hech qachon yig‘lamayman!" deyishiga ham ishonaman. Bu dunyoda yig‘lamagan shoirning o‘zi bo‘lmasa kerak! Qolaversa, bu she‘rdagi yig‘loqilikka mutlaqo aloqasi yo‘q".

Bu satrlar shoir va tarixchi Xurshid Davronning marhum shoir do‘sti Shavkat Rahmonga yozgan maktubidan olingan.

Ayni shu kunlarda Xurshid Davronning internet saytiga kirgan o‘quvchining birinchi navbatda bu maktubga ko‘zi tushishi va o‘qishi tabiiy.

Iste‘dodli adib va adabiyotshunos Ahmad A‘zamning o‘z sayti bor. Ayni bir paytda u Xurshid Davronning saytini o‘zbek tilidagi eng yaxshi saytlardan biri sifatida e‘tirof etadi.

"Xurshid Davronning sayti shaxsiy saytlar ichida eng ko‘lamli, katta sayt. Juda katta kutub-xona, Markaziy Osiyo tarixidan tortib turkiy xalqlarning kelib chiqishiyu lug‘atlarigacha undan topish mumkin. Men bir kishining shunday katta ish qilishi mumkinligidan hayratga tushaman. Manzilimga har kuni besh-oltitadan yigirmatagacha kitob keladi undan. O‘zim Xurshidning saytiga kirib turaman. Menga Xurshid do‘stimning yuksak ma‘rifati, xolisligi va ta‘rifga sig‘mas mehnati yoqadi", deydi Ahmad A‘zam.

Yigirmanchi asrning saksoninchi yillarida o‘zbek adabiyotiga yangi ovoz bildan kirib, adabiyotga yangi ruh bergan shoirlardan biri Xurshid Davronning saytida uning o‘z ijodidan ham bahramand bo‘lish mumkin.

Yosh shoir va ilmiy ish bilan shug‘ullanayotgan Ozod Meliboyev o‘zining tengdoshlari uchun Xurshid Davron sayti tobora ommalashib borayotganini aytadi:

"Xurshid Davronning saytini bir ijodkor sayti deb qaraganimizda ham u boshqa ijodkorlar saytiga qaraganda menga ko‘proq narsa beradi. Chunki unda faqatgina sayt muallifi ijodi bilan emas, balki butun adabiyot olami bilan bo‘lmasada, jahon va o‘zbek adabiyotning noyob durdonalari, saviyasi baland asarlar bilan tanishish mumkin".

Hozirda o‘zbek adiblari va shoirlarining shaxsiy internet saytlari yigirmaga yaqinlashib qolgan. Ahmad A‘zamning fikricha, Xurshid Davronniki kabi yuksak talabchan o‘quvchi ehtiyojlarini qondiradigan saytlar qancha ko‘paysa, shuncha yaxshi.

"Bizda hozir saytlar ko‘payib qoldi. Jumladan, badiiy adabiyotga oid saytlar, yozuvchi va shoirlarning shaxsiy saytlari ham birin-ketin oshyapti. Bugun, kitoblar tiraji past, gazeta-jurnallar ham ahvoli shunday bir paytda, yana bunga badiiy asar bosadigan, adabiyotni targ‘ib qiladigan nashrlarni sanashga barmoq ko‘plik qilishini qo‘shsak, bu kabi saytlarning ahamiyati nechog‘li buyuk ekanini aytib o‘tirmasa ham bo‘ladi", deya mulohaza yuritadi Ahmad A‘zam.

Xurshid Davron saytiga kirgan o‘quvchi esa, uning Shavkat Rahmonga maktubini o‘qishda davom etadi:

"Qonli O‘sh voqealari takrorlanganda: "Yaxshiyam Shavkat bu kunlarni ko‘rmadi", deb o‘ylaganman. Bir paytlar yuz bergan fojia sizni qanchalik azobga, qayg‘uga solganiga guvoh bo‘lganman-ku, axir! O‘shdan qaytib kelganda, suhbatlashib o‘tirganda, to‘satdan: "Xurshid, odam ham shunchalik yovuz bo‘ladimi?" deb mung‘ayib qolganingizni, keyin qat‘iyat bilan: "Men endi she‘r yozmayman,O‘shni yozaman!" deb aytganingizni ko‘rganman-ku".

Ahmad A‘zam adabiyotga oid saytlarning insonparvarlik, insonni sevishga xizmat etishi zarurligini ta‘kidlaydi:

"Bizdagi saytlar, sodda qilib aytganda, odobi bilan ajralib turadi. Milliy nizo qo‘zg‘aydigan, mahalliychilikka moyil yoki fahshni targ‘ib qiladigan saytlar yo‘q. Umuman, badiiy adabiyotga oid saytlar - taraqqiyot berayotgan katta ma‘naviy o‘sish imkoniyati bu".

Xurshid Davronning Shavkatga Rahmonga maktubi esa, o‘quvchini bosh ko‘tarishga qo‘ymaydi. U joriy yilda shoir do‘sti tavalludi munosabati bilan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida bo‘lib o‘tgan tadbirni eslaydi:

"12 sentyabr kuni uyushmada (maqtanib qo‘yay, mening tashabbusim bois) tug‘ilgan kuningiz munosabati bilan tadbir o‘tkazdik. Yaxshi xotiralar dildan tilga ko‘chdi, ijodingizga munosib e‘tiroflar aytildi. Ayrimlar (shu jumladan men ham) sizga (tirikligingizda) yordam bergani, she‘ringizni, maqolangizni chiqishiga sababchi bo‘lgani, juda yaqin bo‘lgani haqidayam aytib o‘tishdi. Durustgina she‘r yozadigan, muxolifda ekanini (tuzumga emas, boshqalarga) har bir majlisda namoyish etishni yaxshi ko‘radigan Muhammadjon ukamiz (Yaxshi she‘rlari bor) "Xalq shoirlari"ga qarshi she‘r o‘qib, bu kasofatlar boru "Shavkat Rahmon yo‘q!" deya hayqirdi".

Xatning xuddi shu yerida o‘zi tanigan-tanimagan shoir Muhammadjonning so‘zlaridan bir to‘lg‘anib olgan o‘quvchi Xurshid Davron maktubidan ko‘z uza olmaydi:

"Ha, 16 yil bo‘ldi. Ammo, u "Shavkat Rahmon yo‘q!" deyish naqadar yolg‘on ekanligini bilarmikan? Balki, ayrim "xalq shoirlari" yo‘qdir. Shavkat Rahmon esa bor. Men har soniya, har daqiqa uni ko‘raman, uchrataman, unga to‘qnash kelaman. Men u bilan suhbatlashaman, uning nazarini sezib turganim uchun ba‘zi ishlarni qilishga, ba‘zi so‘zlarni aytishga uyalaman. Har soniya uning ko‘zlariga tikilaman, tabassumini ko‘raman, she‘rlarini o‘qiyman, satrlarini takrorlayman".

Internet imkoniyatlarini bor bo‘yicha his qilgan holda tinimsiz mehnat qilayotgan insonlar yuritayotgan saytlar esa qadr topib bormoqda.

Jumladan, O‘zbekistonda besh yildan buyon o‘tkazib kelinayotgan Internet festivalining bu yilgi yangi g‘oliblari orasida ziyouz.uz sayti ham bor.

Tanlovda “Fan va ta‘lim sohasidagi eng yaxshi sayt” deb topilgan bu saytni jonkuyar inson Davron Tojialiyev ziyouz.uz va ziyouz.somda 2000 tadan ortiq elektron kitob, 15000 tadan ziyod ilmiy-ommabop va ma‘rifiy maqolalarni joylashga muvaffaq bo‘lgan.

O‘z shaxsiy internet saytini yuritayotgan Ahmad A‘zamning fikricha ijodkorlar zamonaviy imkoniyatlardan foydanalib qolishlari zarur:

"Yozuvchilarning aksariyat qismi hali saytlarga o‘rganmagan. Hatto menga o‘zimning ruchkam yo mashinkam ma‘qul deb, kompьyuterga yaqin yo‘lamagani ham talay".

Shuning uchun ham Xurshid Davronning saytiga kirib, xoh uning she‘rlari, hikoya va qissalarini, xoh tarixga oid maqolalarini, xoh maktublarini, xoh u tanlagan jahon va o‘zbek adabiyoti namunalarini, adabiy suhbatlarni o‘qigan insonning yuragi jizillashiga, uni nimadir bezovta etishiga va qayta-qayta bu saytga kirishiga ishonsa bo‘ladi.

------------------------------------------------------------------------------------

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.

Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing. Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.

Fikr va mulohazalarni BBCning tahririy mezonlari bilan ko‘rib chiqqandan keyin e‘lon qilishimiz mumkin.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.