BBC navigation

AQSh saylovi: nomzodlar tashqi siyosat ustida to‘qnashdilar

Сўнгги янгиланиш 23 октябр 2012 - 14:02 GMT

Debat qizg‘in kechishiga qaramay, ikkovlonning fikri ko‘p masalalarda bir joydan chiqdi.

AQSh Prezidenti Barak Obama saylovlar oldidan o‘tkazilayotgan uchinchi va yakuniy teledebatida Respublikachi nomzod Mitt Romniga qarshi tajovuzkorona chiqish qilgan.

Floridada o‘tgan qizg‘in mubohasada prezidentlikka ikki nomzod arab bahori, Eron, Isroil va Xitoy masalalarida to‘qnashdilar.

Janob Obama o‘z raqibi tashqi ishlar masalasiga kelganda, xaritani tushunmasligini aytdi. Unga javoban, janob Romni Prezident Obama Yaqin Sharq "boshboshdoqlik" ichida qolib ketishiga izn berganini da‘vo qildi.

Debat ortidan o‘tkazilgan ikki ommaviy fikr so‘roviga binoan, janob Obama debatda ustun keldi.

"Oshib borayotgan boshboshdoqlik"

Dushanba oqshomida bo‘lib o‘tgan mubohasa boshlanishi bilanoq Obama o‘z raqibini siquvga ola boshladi.

Lekin, tahlilchilarga ko‘ra, Obama saylovlar oldidan tarafdorlari oshib borayotgan Romniga baribir "nokaut zarbasi"ni bera olmadi. Hozirda ikkovlonning tarafdorlari soni teng deya baholanadi.

Boka Raton shahridagi Linn Universitetida o‘tgan va faxriy CBS xabarlari boshlovchisi Bob Shiffer tomonidan olib borilgan debat o‘tgan hafta bo‘lib o‘tgan ikkinchi debatchalik qizg‘in kechmadi. Unda Obama birinchi debatda namoyish qilgan "uyqusiragan" chiqishidan farqli o‘laroq, o‘zini ancha dadil tutgandi.

Biroq, shunga qaramay, keskin aytishuvlar yangradi. Obama o‘z raqibini tashqi siyosatga endi kirib kelgan va muntazam siyosiy qarashlarga ega bo‘lmagan shaxsdek ko‘rsatishga urindi.

Janob Obamaga ko‘ra, sobiq Massachusets hokimi bo‘lgan Romni AQSh askarlarining Iroqda uzoq qolishini qo‘llab-quvvatlagan, Rossiya bilan yadroviy bitimlar imzolanishiga qarshi chiqqan, hamda AQSh Afg‘onistondan qachon chiqib ketishi masalasida hadeb qarorlarini o‘zgartiravergan.

"Yaqin Sharq masalasiga kelsak, AQShga qudratli va barqaror rahbariyat kerak, yanglish, ehtiyotsiz va xaritani bilmaydigan rahbariyat emas", - dedi Obama.

Lekin, janob Romni Prezident Obamani Yaqin Sharq bo‘ylab "boshboshdoqlik to‘lqini oshib borishi"da aybladi va bu bilan u al-Qoida rivojlanishiga zamin yaratganini da‘vo qildi.

"Men uni Usama bin Lodinni o‘ldirgani va al-Qoida rahbariyatiga qarshi kurashgani bilan tabriklayman. Lekin, bu vaziyatdan faqat qotilliklar bilan chiqa olmaymiz. Bizga muntazam strategiya kerak", - dedi Romni.

Janob Obama hazilomuz javob bera turib, Romni janoblari al-Qoida tahdidini tan olganidan xursand ekanini aytdi va o‘tmishda Romni Rossiyani AQShning eng jiddiy geosiyosiy dushmani deb aytganini eslatdi.

"Bilaman, shu kungacha tashqi ishlar bilan amalda ishlash mavqeida bo‘lmagansiz, lekin har safar biron fikr bildirganingizda, bu xato fikr bo‘lgan", - dedi Obama.

Debat davomida o‘zini bosiq tutgan janob Romni Prezident Obamaning Yaqin Sharqqa qilgan safarini "kechirim safari" deya ta‘riflab, Obama Amerikani o‘z dushmanlariga ojiz qilib taqdim qilgani va yaqin ittifoqchi bo‘lmish Isroilni aylanib o‘tganini aytdi. Janob Obama bu iddaoni saylovoldi kampaniyaning "eng katta yolg‘oni" deya tasvirladi.

Eron masalasida Romni Eron yadroviy masalasi hal qilinmaganini tanqid qildi, ammo, Eronga qarshi harbiy hujum eng so‘nggi yo‘l bo‘lishi kerakligini aytdi.

"Kamroq otlar va miltiqlar"

Raqiblarning fikri ko‘pgina masalalarda bir joydan chiqdi. Ular Isroilga dastak berish kerakligi va AQShning Suriyaga qarshi harbiy aralashuviga qarshi ekanlarini ta‘kidladilar, hamda Xitoy savdo qoidalariga bo‘ysunishi lozimligini aytdilar.

Janob Romni, shuningdek, prezidentning Afg‘onistondan qo‘shinlarni 2014 yilgacha olib chiqish siyosatini qo‘llab-quvvatladi. Shu kungacha Romni bu qarorga qarshi chiqib kelgan.

Eng qizg‘in bir aytishuvda Obama Romni janoblarining bugungi kunda AQSh Birinchi Jahon Urushidagidan ko‘ra kamroq kemalarga ega deya shikoyat qilgani ustidan kuldi.

"Siz, masalan, dengiz kuchlarini tilga oldingiz. Biz 1916 yilgiga qaraganda kamroq kemalarga egamiz, dedingiz. Menga qarang, hokim, bizda bugun 1916 yilga qaraganda otlar va miltiqlar ham kamroq qolgan", - dedi Obama.

Debat tashqi siyosatga asosiy diqqatni qaratishi rejalangan esada, ikki nomzod amerikalik ovoz beruvchilarning xavotiriga sabab bo‘layotgan AQSh iqtisodining ahvoliga bir necha bor to‘xtatilishdi.

CBS o‘tkazgan so‘rovga binoan, so‘ralganlarning 53 foizi Obama g‘olib kelgani, 23 foizi esa Romni g‘alaba qozonganini aytishgan.

Uchta debat ortda qolar ekan, endi ikki nomzod qarorsiz shtatlarda ikki hafta davomida saylov targ‘ibot kampaniyalarini olib boradilar.

--------------------------------------------------------------------------------------------

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.
Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing. Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring. BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.