BBC navigation

O‘zbekistonda AQSh bazasi ochilishi haqidagi xabarlar davom etmoqda

Сўнгги янгиланиш 23 октябр 2012 - 14:30 GMT

Sayfullin O‘zbekiston o‘z hududida AQSh bazasini ochishga haqli deydi, ammo bu yuz berishiga ishonmaydi.

AQShning Tojikistondagi yangi elchisi Syuzen Elliot bugun o‘zining birinchi matbuot anjumanida Qo‘shma Shtatlarning Tojikistonda yangi tranzit nuqtasi ochish rejasi yo‘qligini aytgan.

Avvalroq AQShning yuqori martabali harbiysi Amerika O‘zbekiston bilan harbiy baza ochish masalasini muhokama etayotgani haqidagi xabarlarni rad qilgan edi.

Ammo, Rossiyada chiqadigan "Nezavisimaya gazeta" ro‘znomasi qat‘iy raddiyalariga qaramasdan, O‘zbekiston o‘z hududida AQSh bazasi ochilishiga ruxsat berishi mumkinligi haqida yozgan.

Maqolada yozilishicha, Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida AQShga "imkonqadar ko‘p yordam ko‘rsatish bo‘yicha raqobat ketayapti". "Buning evaziga ular naqd pul va harbiy texnika olishadi", - deyiladi unda.

Maqola muallifi, shuningdek, O‘zbekiston prezidentining sobiq maslahatchisi Rafiq Sayfullinning "O‘zbekistonning bunga ma‘naviy va yuridik huquqi borligi" haqidagi so‘zlarini keltirgan. Biroq, janob Sayfullin BBC bilan suhbatda rus matbuoti uning so‘zlarini noto‘g‘ri talqin qilganini aytdi.

Sayfullin: AQSh Afg‘onistondan o‘z qo‘shinlarini olib chiqish chog‘ida o‘z harbiy texnikasining ma‘lum qismini Markaziy Osiyo davlatlari hududida konservatsiya qilib qoldirish ehtimoli bor. Ammo, bu qandaydir baza bo‘ladi deganini anglatmaydi. Agar Rossiya Ulyanovsk aeroportida Amerika yoki NATOning tranzit nuqtasi tashkil etilishiga ruxsat bersa, unda O‘zbekiston ham o‘z hududida shunday narsa tashkil etilishiga ruxsat berish uchun ham ma‘naviy va ham yuridik huquqqa ega bo‘ladi. Tamom. Men yana qaytaraman, bu yerda qandaydir baza bo‘lishi haqida so‘z bormayapti.

BBC: O‘zbekiston shu yil yozida o‘zining tashqi siyosat kontseptsiyasini qabul qilgan va unda O‘zbekiston hududida xorijiy davlatlar harbiy bazalari tashkil etilishiga ruxsat berilmasligini aytgan edi. Kontseptsiyadagi ushbu band o‘zgarishi mumkinmi?

Sayfullin: Men o‘zgaradi, deb o‘ylamayman. Agar bir necha oy ichida o‘zgaradigan bo‘lsa, bunday kontseptsiya qabul qilishdan qanday ma‘no bor? Mening tushunishimcha, hech kim bu kontseptsiyani o‘zgartirishga harakat qilayotgani yo‘q. Hozircha bunday o‘zgarishga asos bo‘ladigan biron bir muhim qaror yo‘q. Albatta, Amerika 2014 yilda Afg‘onistondan butunlay chiqib ketmaydi. Amerika u yerda juda yirik harbiy texnik infratizilmani yo‘lga qo‘ygan, harbiy havo bazalarini yaratgan. Albatta bu bazalarda bir-ikkita askar emas, minglab askarlar bo‘lishadi. Bu yerda gap faqat Afg‘oniston haqida borayotgani yo‘q. Bu yerda Eron, Xitoy va boshqa davlatlar bor. Shuning uchun Qo‘shma Shtatlar mintaqada o‘z ishtirokini u yoki bu ko‘rinishda saqlab qolishdan manfaatdor.

BBC: O‘zbekiston, agar siz aytganingizdek o‘z hududida AQSh bazasi ochilishi haqida o‘ylamayotgan bo‘lsa, u holda, Qo‘shma Shtatlarning mintaqadagi ishtirokini qanday ko‘rayapti?

Sayfullin: Men shunday ta‘rif bergan bo‘lardim. O‘zbekiston va AQSh o‘rtasida faol muloqot borayapti. Bu muloqotda tomonlar bir-birlarini juda ham diqqat bilan tinglashmoqda. Hech qaysi tomon ikkinchi bir tarafga o‘z fikrini o‘tkazishga urinayotgani yo‘q. Balki o‘zaro mushtarak nuqtalarni, mavjud muammolarga har ikki tomonni qoniqtiradigan yechimlar topishga harakat qilinmoqda. Va bularning hammasi Rossiyaning ham, Ovro‘po yoki Xitoyning ham manfaatlarini hisobga olgan holda muhokama qilinmoqda.

--------------------------------------------------------------------------------------------

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.
Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing. Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring. BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.