BBC navigation

Afg‘oniston yoshlari internetga ko‘proq qiziqishmoqda

Сўнгги янгиланиш 24 октябр 2012 - 13:02 GMT

Afg‘onistonning 28 million aholisidan atigi bir millioni internetdan foydalanish imkoniga ega.

Kobullik oliy o‘quv yurti talabasi Muhammad Xorun Afzaliy aksar rivojlanayotgan mamlakatlardagi yoshlardan unchalik farq qilmaydi.

U bo‘sh vaqtini Facebook va Skype orqali xorijlik qarindoshlari bilan suhbatlashib o‘tkazadi.

Ammo notinch Afg‘onistonda internet, rivojlangan davlatlardan farqli, anchayin qimmat xizmat turlaridan hisoblanadi.

O‘n yil oldin Afg‘onistonda internet deyarli yo‘q edi. Mamlakat aloqa tarmog‘i deyarli ishlamasdi.

O‘ttiz yillik ichki urushlar ushbu tizimni vayronaga aylantirgandi.

Mahalliy aholiga ko‘ra, Tolibon rejimi paytida Kobulda xorijga telefon qilish uchun sanoqli telefon nuqtalari bor edi, deyishadi.

Odamlar telefondan foydalanish uchun soatlab navbatda turishgan.

Ba‘zi afg‘onistonliklar xorijga sim qoqish uchun hattoki qo‘shni Pokistonga borishgan.

Ammo Tolibon ag‘darilganidan buyon vaziyat tubdan o‘zgardi.

"Biz uchun katta o‘zgarishlar keldi.O‘n yil oldin xorijdagi qarindoshlarimiz bilan gaplashish qanchalar qiyin bo‘lganini haliyam yaxshi eslayman. Hozir esa biz osonlik bilan Afg‘oniston ichkarisida va tashqarisida istagan odamimiz bilan suhbat qura olamiz", - deydi Muhammad Xorun Afzaliy.

Afg‘oniston taxminan 65 foiz aholisining yoshi 25 dan past ekan, internet va aloqa xizmatlarini ko‘rsatuvchi provayderlar bu xizmatlar uchun talab davomli oshib borishiga umid qilishadi.

Afg‘onistonning 28 million aholisidan faqat bir millioni internetdan foydalanish imkoniga ega. Kompyuterlarning yo‘qligi, chiroqlarning davomli o‘chib turishi va og‘ir iqtisodiy sharoit ushbu sohaning tez sur‘atlarda rivojlanishiga to‘sqinlik qilmoqda.

Ammo telekomunikatsiya sohasiga yetarlicha sarmoya yotqizilmaganligiga eng asosiy sabab - xavfsizlikning ta‘minlanmaganidir.

O‘tgan yili telefon shirkatlari tunlari xizmat ko‘rsatishni to‘xtatishdan bosh tortishar ekan, Tolibon bir qator telefon shirkatlariga tegishli aloqa tarmoqlarini buzib tashladi.

Bryusselda joylashgan Xalqaro Inqiroz Guruhi zaruriy choralar ko‘rilmasa, 2014 yilda NATO kuchlari chiqib ketgach, hukumat parchalanib ketishi, mamlakatga sarmoya kirmasligi va hatto fuqarolar urushi boshlanishi mumkinligidan ogohlantirgan.

Guruhga ko‘ra, Afg‘oniston politsiyasi va qurolli kuchlari vaziyatni nazorat ostida ushlab turishga qodir emas.

Ammo Xalqaro Inqiroz Guruhi hisobotini inkor etgan Afg‘oniston hukumati unda mahalliy va xorijiy sarmoyadorlarni himoya qilish uchun yetarli kuch borligini ta‘kidlaydi.

Afg‘oniston kelajagi nima bo‘lishi noma‘lum. Ammo nima bo‘lganida ham, internet xizmatining rivojlanib borayotganini ayni paytda mamlakat yutuqlaridan biri deb aytish mumkin.

--------------------------------------------------------------------------------------------

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.
Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing. Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring. BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.