BBC navigation

Rifat Gumerov O‘zbekistonda taqiqlangan shoirlar va savodsiz amaldorlar haqida

Сўнгги янгиланиш 25 октябр 2012 - 15:59 GMT

Rifat Gumerov O‘zbekistondagi faol ijod qilayotgan rusiyzabon adiblardan biri

O‘zbekistonlik rusiyzabon adib Rifat Gumerovga savol bering.

Rifat Gumerov 1958 yilda Qozog‘istonning Jambul viloyati, Talas tumanidagi Uch orol qishlog‘ida dunyoga kelgan.

Farg‘ona va Toshkentda yashab, ijod qiladi.

Adabiy taxallusi-Umar Rifat Bek Mansur Al-Farg‘oniy.

Shoir, yozuvchi, noshir va faylasuf Rifat Gumerov Avstriya Ma‘naviy an‘analar akademiyasining haqiqiy a‘zosidir.

U Farg‘ona Davlat Universiteti, Moskvadagi Gorkiy nomli adabiyot instituti hamda Toshkent Davlat Universiteti aspiranturasida tahsil olgan.

Rossiya Yozuvchilar uyushmasi Moskva bo‘limi boshqaruvi hamda "Yosh Gvardiya" nashriyotlarida ishlagan.

Rifat Gumerovning asarlari "Drujba narodov", "Yunost", "Zvezda Vostoka", "Literaturnaya gazeta" va boshqa ko‘plab nashrlarda chop etilgan.

U rus tilidagi "Kabisa yoz" (1989), "Sadoninng surati" (1990) hamda "Dixi" kitoblari muallifi.

"ARK" adabiy-badiiy almanaxi bosh muharriri, shuningdek, "Mir. R" xalqaro loyihasi rahbari va hammualliflaridan.

Rifat Gumerov hozirda besh jildi dunyo yuzini ko‘rgan 50 jildlik "Markaziy Osiyo zamonaviy rus adabiyoti antologiyasi"ning asoschisi va noshiri hamdir.

Uning she‘rlari o‘zbek tiliga Maqsud Bekjon, Sirojiddin Sayyid va Abdul Jalil kabi shoirlar tomonidan o‘girilgan.

Rifat Gumerovning o‘zi Rauf Parfi, Bahrom Ro‘zimuhammad, Yahyo Tog‘a va boshqa o‘zbek shoirlarining she‘rlarini rus tiliga tarjima qilgan.

BBC: Oybek G‘affor ismli web sahifamiz o‘quvchisi savol yo‘llabdi: "Muhtaram Rifat Gumerov. Men sizning zamonaviy o‘zbek shoiri (va siyosatchisi) Muhammad Solih she‘riyati haqidagi fikringizni bilmoqchi edim. Va siz bugungi kunda O‘zbekistonda Muhammad Solihning she‘riy kitoblari taqiqlanganiga qanday qaraysiz? Rahmat".

Rifat Gumerov: Muhammad Solih atoqli o‘zbek shoiridir.

Muhammad Solih, Xurshid Davron va Usmon Azim- o‘zbek she‘riyatida "yangi to‘lqin"ni namoyon qilgan uch ismdir. Ushbu "yangi to‘lqin"ning darakchisi esa Rauf Parfi hisoblanadi. Men adabiyotning darvishi bo‘lgan bu inson bilan do‘stlashish sharafiga muyassar bo‘lganman. 80-yillarning ikkinchi yarmi-she‘riyatning oltin davri sanaladi. Men Muhammad Solihning 1989 yilda "Yosh gavardiya" nashriyotida chop etilgan "Prozrachnыy dom" ("Shaffof uy"-BBC) kitobiga muharrirlik qilganman. Bu kitobdagi she‘rlarni mening ikki do‘stim-Viktor Sosnora va Aleksey Parshchikovlar tarjima qilishgan. Bu ikki tarjimon Muhammad Solih she‘rlarining tarjimasi uchun eng ko‘p mos keladigan shoirlar, deb bilaman. Ular rus she‘riyatining buyuk vakillari edi. Tarjimon esa tarjima qilinayotgan muallifning darajasiga to‘g‘ri kelishi kerak. O‘sha paytlar Alesha Parshikov Toshkentga kelgan va biz u bilan juda ko‘p suhbatda bo‘lgan edik. Men uni so‘nggi marta ham Toshkentda ko‘rganman. Fikrimcha, "Prozrachny dom" Muhammad Solihning Toshkentda chop etilgan so‘nggi kitobi edi. Ming afsuslar bo‘lsinkiim, bu so‘nggi kitoblar va so‘nggi uchrashuvlar edi...

Taqiqlarga kelsak, shoirlarning otilgani, ularning kitoblari yoqilgani va taqiqlanganiga tarixdan ko‘plab misollar keltirish mumkin: Osip Mandelshtam, Nikolay Gumilev, Usmon Nosir, Cho‘lpon, Fitrat... Bu ro‘yxatni cheksiz davom ettirish mumkin. Ammo vaqti kelib, tarix hamma narsani o‘z o‘rniga qo‘yadi. Kitoblar va she‘rlar xalqqa qaytadi...

Men o‘z javobimga Muhammad Solihning "Nochnye pojelaniya S.M." ("M.S.ning tungi tilagi"-BBC) she‘rini ilova qilmoqchiman. She‘rni Aleksey Parshchikov rus tiliga o‘girgan.

Xochu, chtob v noch prisnilos Vam
Dva dlinnyx uzenkix koshmara:
Dva shumnyx angela, madam,
Kak dva (voskresshiye) shumera.

Na stul, gde ya robel i chax,
Pust prygnet angel verolomny,
Bestseremonno vypiv chay,
On molvit stix, sebe podobny:

"Zachem obidela S.M.,
Zachem krasu vo zlost pustila?
S.M. ne prost, ne prost sovsem,
Chtoby s nebes darit svetila.

Xrani yego mujskuyu chest,
S.M. ranim, spugnesh – naveki…
I pomni: imya yego yest
V sekretnoy nashey kartoteke!".

BBC: Rahmat. Dinora "Siz O‘zbekistonda lotin alifbosiga o‘tilishiga qanday qaraysiz?" deb so‘rabdi.

"Davlat yozuvchiga qanday yozishni o‘rgatadi. Yana buni adabiyot va san‘atdan yiroq savodsiz amaldorlarning qo‘li bilan qiladi..."

Rifat Gumerov: Men bunga bir voqe‘lik sifatida qarayman. Lotinlashtirish o‘zbek yozuvini pichoq bilan qoq ikkiga bo‘lib tashladi. Keksa avlod hanuz kiril yozuvidan foydalanadi va lotindan ajrab qolgan, va aksincha- yosh avlod kirilchadan uzilib qolgan va lotinchani ham yaxshi o‘zlashtira olmayapti. Bunda xalq ta‘limi tizimining qulashi va vayron bo‘lishi hal qiluvchi ahamiyat kasb etdi. O‘qituvchi talabalarga dars berish o‘rniga hujjat tayyorlash bilan ovora-rahbar va nazoratchi idoralarning tekshiruvlari-yu, statistik ma‘lumotlar. Endi buning ustiga arzimas maosh, o‘quv binosi va atrof hududlarni tozalash, paxtaga chiqish, hech kimga keraksiz gazeta va jurnallarga obuna-yu, mudir va direktorlarga pul yig‘ib berishni ham qo‘shing. Shundan savodsiz, go‘zal hayot haqida orzu qiladigan, buning uchun mehnat va o‘qishdan boshqa hamma narsaga tayyor bo‘lgan yosh avlod paydo bo‘lgan...

Agar o‘qish va mehnatga pul to‘lanmasa, davlat buni rag‘batlantirmasa, unda o‘qish va ishlash kimga zarur?. O‘qishning o‘rniga – o‘qituvchilarga pora berish va o‘zi ham pora olish imkoniga ega bo‘lish uchun nazoratchi, tekshiruvchi idoralarga ishga joylashib olish...

BBC: Alberto deb ism qo‘ygan tinglovchimiz so‘rabdi: "Mustaqillik yillarida tariximiz faqat oq va qoraga bo‘yaldi. Ya‘ni hamma sho‘ro davridagi narsalar yomon va hamma mustakillik davridagi narsalar yaxshi qabilida. Men sho‘ro davrida ziyolilar, shu jumladan, yozuvchi va shoirlarning yaxshi yashashgani, ko‘proq chop etilganini yaxshi bilaman. Siz yaqin o‘tmishimiz haqida qanday fikrdasiz?".

Rifat Gumerov: Men 80-yillarda moskvalik do‘stlarimizga qanday hazil qilganimiz, Muhammad Solihning xali o‘sha davrlarda ularga "xali vaqti kelib sizlar O‘zbekistonga borish uchun viza olishingiz kerak bo‘ladi", deganini yaxshi eslayman. O‘shanda uning so‘zlari dohiyona bo‘lib chiqishini kim ham o‘ylabdi, deysiz...
Ha, biz totalitar tuzum, kommunistik partiyaning zo‘ravonligiga qarshi edik. Ammo Sovet Ittifoqining faqat yomon emas, balki yaxshi tomonlari ham bor edi. Yaxshi tomonlarini olib qolib, yomon jihatlaridan voz kechish kerak edi. Hozir esa, buning tom teskarisi bo‘layapti-yaxshi tomonlaridan voz kechib, yomon tomonlarini qoldirdik va unga yana boshqa yomon jihatlar qo‘shilayapti...
Avvallari men chop etilgan she‘rlarim uchun qalam haqi olgan bo‘lsam, hozir kitob chiqarish uchun nafaqat qalam haqi olmayman, balki qog‘ozning haqqini, tahririyat va nashriyot haqlarini qoplashim kerak bo‘ladi. Bu nima degani? Yozuvchi roman yozdimi-bu uning mehnati. Buning uchun moddiy rag‘bat ko‘rmagani yetmaganiday, yana qog‘oz va nashriyotga ham to‘lashi kerak. Davlat qo‘lini yuvib qo‘ygan va bu jarayonda ishtirok etmaydi. Ammo yozuvchiga nima yozishni, qanday qilib "to‘g‘ri yozish"ni o‘rgatadi. Yana buni adabiyot va san‘atdan yiroq savodsiz amaldorlarning qo‘li bilan qiladi...

O‘zining noqobilligi yoki maylsizligini oqlash uchun esa hamma narsaga balogardon bo‘ladigan dushman kerak. Sovet hokimiyatiga qarshi kurashni to‘xtatish vaqti keldi-axir biz mustaqillikning 21-yilidamiz. Yaratish va bunyod qilish vaqti keldi. Aynan o‘z harakati uchun javob berish fursati yetdi...

Shunday ibora bor-agar sen o‘tmishga to‘pponchadan otsang, o‘tmish senga zambarak bilan javob qaytaradi...

BBC: Abduhakim ismli tinglovchimiz so‘rabdi: salom. uzingizga malum, Uzbek fuqorolari chet elga borishsa asosan rus yoki usha davlatni tilida gaplashishadi. Bu birinchidan, usha davlat tiliga hurmat, ikkinchidan majburyat. nega Uzbekistonga kegan Rassiya yoki boshqa davlat fuqorolari Uzbek tilida gaplashishmidi?(turistlar bundan mustasno) Rossiyada, Ukrainada talab qiladiku? nega bizni halqimiz Uzbekistonga ish bian kelgan chet el fuqorolari Uzbek tilida gaplashishni talab qilishmidi. oldindan rahmat.

Rifat Gumerov: Menga bu ma‘lum. Yana menga shu ham ma‘lumki, Angliya yoki AQShda yashaydigan o‘zbeklar ingliz tilida, Koreyadagilar koreys tilida, Olmoniyada esa olmon tilida gaplashishga majburlar. Buni hurmat yoki qoida deb ham bo‘lmaydi. Bu hayotning shafqatsiz zarurati.

Butun sobiq sho‘ro hududida rus tilining ahamiyati o‘n yillar, yuz yillar davomida qaror topgan. Va Chor Rossiyasi hamda undan keyingi sovet imperiyasi davrida rus tili nafaqat davlat tili, balki millatlararo muloqot tili ham bo‘lib keldi. Men shunday bir voqeani eslayman. 1980-yillarda O‘zbekiston Yozuvchilar Uyushmasiga Estoniyadan, eston tilida bir maktub keldi. Va unga javob berish u yoqda tursin, hech kim o‘qiy olmadi. O‘shanda kimdir o‘zbek tilida javob yozish taklifini o‘rtaga tashladi. "Sizning maktubingizni oldik-hech narsa tushunmadik. Sizdan iltimos, bundan keyin bizga o‘zbek tilida yozsangiz...". Bu voqea rus tilining millatlararo aloqa vositasi sifatidagi ahamiyatini yana bir marta ko‘rsatadi.
Hozirgi paytda Markaziy Osiyoda rus tili o‘z o‘rnini boy bermoqda...

Men O‘zbekistonda yashayotgan ko‘plab xorijliklarni bilaman-ular o‘zbek tilini jon deb o‘rganishayapti.
Umuman olganda, til bilish-bu boylik. Inson qancha ko‘p til bilsa, uning imkoniyatlari shuncha ko‘payadi.

BBC: Shvetsiyadan To‘lqin Qorayev: "Hurmatli adib va shoirga mening shunday savolim bor: 1990 yillarda butun sobiq Sovet Ittifoqida "buyuk rus shovviniszmi" atamasi tarqaldi. Haqiqatdan ham mana shu illat bo‘lganligini tasdiqlay olasizmi? Agar rus shovvinizmi bo‘lgan bo‘lsa undan nima maqsad ko‘zlangandi? Va bu hol bo‘lmagan bir afsona bo‘lsa, unda bundan nima maqsad ko‘zlangandi? Javobingiz uchun oldindan o‘z minnadorligimni bildirib qolaman".

Rifat Gumerov: Men "ulug‘ rus shovinistlari" kimligini bilmayman, men faqat ulug‘ rus yozuvchilarini bilaman. Mening "ulug‘ rus shovinizmi" degan iboradan ham xabarim yo‘q, men faqat "ulug‘ rus adabiyoti"nigina bilaman...

--------------------------------------------------------------------------------------------

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.
Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing. Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring. BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.