BBC navigation

Rossiya gidroloyihalar vositasida Qirg‘izistonda ta‘sir doirasini oshirmoqda

Сўнгги янгиланиш 29 октябр 2012 - 13:48 GMT

Qirg‘iziston Prezidenti Almazbek Atamboyev "Yuqori Norin GESlari kaskadi" ilk poydevorini qo‘yish marosimida qatnashgan.

Kaskad 4 ta yangi gidroelektr stantsiyani o‘z ichiga oladi, bu inshootlarni rossiyaliklar qurib berishga ahd qilganlar.

Kuzatuvchilar fikricha, Markaziy Osiyoning kambag‘al mamlakati Qirg‘izistonning 500 million dollarlik qarzini kechib yuborish evaziga Rossiya Qirg‘izistonning gidroelektr loyihalaridagi ishtiroki hamda mintaqada ta‘sir doirasini oshirmoqda.

Qirg‘iziston Prezidenti Almazbek Atamboyev, Rossiyaning "RusGidro" shirkati rahbari Yevgeniy Dod, boshqa rossiyalik va qirg‘izistonlik rasmiylar ishtirokidagi GESlar qurilishini boshlash marosimi Poytaxt Bishkekdan 400 kilometrcha janubi-sharqdagi Norin viloyatida bo‘lib o‘tgan.

"Aq Bechel" suv bo‘lish tarmog‘i Rossiya bilan Qirg‘iziston hamkorlikda barpo etishni rejalayotgan gidroinshootlar majmuasidan birinchisi bo‘lgan.

Tantanali marosimda so‘zlagan Prezident Atamboyev Qirg‘iziston iqtisodiga Rossiya sarmoyalari miqdori oshayotganini olqishlagan.

"Bugun biz Norin daryosining yuqori qismida tarixiy hodisaning guvohi bo‘lib turibmiz. Buyuk Sho‘rolar Ittifoqi qulaganidan keyin biz birinchi marta faqat birgina gidroelektrstantsiya emas, stantsiyalarning butun boshli kaskadi poydevorini qo‘ymoqdamiz. Bunda byuuk Rossiya bizni qo‘llab-quvvatlaydi", deb aytgan Prezident Almazbek Atamboyev.

Suv to‘g‘onlarini birgalikda barpo etish borasidagi kelishuv Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning shu yil sentyabrida Qirg‘izistonga safari mobaynida imzolangan edi.

"Bugun Qirg‘izistonning birodar mamlakat Rossiya bilan aloqalari uchun juda ham muhim kun. Men, ayniqsa, Rossiya Prezidenti Vladimir Vladimirovich Putinga ushbu loyihani dastaklagani, uning siyosiy irodasi va donoligi uchun minnatdorlik bildirmoqchiman", degan poydevor qo‘yish marosimida janob Atamboyev.

Rossiya bilan Qirg‘iziston o‘rtasida erishilgan kelishuvlarga muvofiq, Qirg‘iziston mamlakatdagi Rossiya harbiy bazasi muddatini uzaytirishga, "Manas" aeroportidagi AQSh Tranzit markazi yopishga rozilik bergan.

Hamda Rossiyaning "RusGidro" shirkati 2016 yilgacha "Yuqori Norin kaskadi" tarkibiga kiradigan to‘rtta GESni qurib berishni o‘z zimmasiga olgan.

Loyiha hisob-kitoblariga ko‘ra, bu GESlar jami soatiga 1 million kilovattdan ortiq elektr energiyasi ishlab chiqarib beradi.

Qirg‘iz rasmiylari qurilishlar keyingi yil bahoridan boshlanishini aytmoqdalar.

GESlar qiymati 400 million dollardan ortiq bahoga baholanmoqda, barpo etib bo‘linganidan keyin inshootlar keltiradigan daromadning 25 foizi "RusGidro"ga tegishli bo‘lishi aytilgan.

"2016 yilda bu to‘rtta GESni qurib bitkazganimizdan keyin bu joylarda yana sakkiztasini qurishni boshlaymiz", degan Norin viloyatida gapirgan Prezident Atamboyev.

Gidroelektrstantsiyalar loyihalari oxirgi yillarda Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi munosabatlar taranglashishiga sabab bo‘layotgan omillardan biriga aylangan.

"Aq Bechel" inshooti qurilishi boshlanishi marosimida ishtirok etish uchun kelgan "RusGidro" shirkati rahbari Yevgeniy Dodning jurnalistlarga aytishicha, vaqti kelib mintaqada suv bahosi neft bahosidan qimmat bo‘ladi.

Markaziy Osiyoning asosiy suv manbalari quyi oqimida joylashgan O‘zbekiston yuqori oqimdagi Tojikiston va Qirg‘izistonda yirik suv to‘g‘onlari barpo etilishiga qarshiligini bildirib keladi.

Iqtisodi ziroatchilikka bog‘langan O‘zbekiston bu inshootlar qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishni kamaytirib yuborishidan xavotirda.

Prezident Islom Karimov Qirg‘izistonda "Qambarota-1" va Tojikistonda "Rog‘un" GESlari qurilishiga qarshi gapirib keladi, janob Karimov suv ustidan mojarolar mintaqada hatto urush keltirib chiqarishi ham mumkinligidan ogohlantirish bilan chiqdi.

"Mening ishonchim komil, agar quyi oqimdagi mamlakatlarga "Qambarota-1" GESi keltiradigan foyda aks etgan fakt va hujjatlar taqdim etilsa, bu muammo hal bo‘ladi", degan Qirg‘iziston Prezidenti Atamboyev bu loyihada O‘zbekistonni ham ishtirok etishga taklif etgan.

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.

Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing.

Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.

BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.