BBC navigation

"O‘zbek" spektakli muallifi Talgat Batalovga savol yo‘llang

Сўнгги янгиланиш 29 октябр 2012 - 17:40 GMT

Talgat Batalov bugunda Rossiyada yashab ijod qiladi. "San‘atkor hech qachon tinch bo‘lmasligi kerak, uni shahrida, mamlakatida bo‘layotgan voqealar tashvishlantirishi kerak", - deydi u.

BBC mehmoni - "O‘zbek" spektaklining muallifi va ijrochisi Talgat Batalov.

Batalov Toshkentda marhum rejissyor Mark Vaylning "Ilxom" teatrida ta‘lim olgan, Toshkentda Ab incunabulis videoart loyihasi ahloq mezonlarini buzgani uchun yopilishi ortidan O‘zbekistonni tark etgan. Bugunda Rossiyada yashab, ijod qiladi.

Talgat Batalov 1987 yilda Toshkentda tug‘ilgan. U Toshkentdagi teatr va rassomchilik institutining kino, teatr va televideniye rejissurasi fakultetini tamomlagan. Bu yil u ishtirok etgan "Alangamni yoq" nomli spektakli "Oltin niqob" mukofotiga sazovor topildi.

Uning Rossiyadagi o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari ahvoli haqidagi hujjatli spektakli "O‘zbek" deya nomlangan bo‘lib, muallifning Rossiyada yangi hayot qurish intilishlariga bog‘liq qiziq voqealarga asoslanadi.

"O‘zbek" spektali avvalo aprel oyida Moskvadagi Saxarov nomli markazning ko‘rgazmalar zalida namoyish qilindi. Bugunda u Rossiya poytaxtining Yozef Boys ismli teatrida ijro etilmoqda.

"Men boshidanoq bilardim Markaziy Osiyodan kelgan muhojirlar mavzusi bilan shug‘ullanishimni. Men o‘ziga xos bir boshlovchi rolini o‘ynay olishimni angladim. Chunki, men Toshkentda rus edim, bu yerda esa o‘zbekman", - deydi aktyor.

O‘zbekning hikoyasiga "ashyoviy dalillar" hamrohlik qiladi. U ham bo‘lsa, pasport, ruxsatnomalar, spravkalar - har bir parcha qog‘ozning ortida kunlar, oylar va yillar davom etgan idorama-idora yugurishlar, haqoratu yerga urishlar va qog‘ozbozlik hikoyasi turadi.

Batalov "O‘zbek" spektakli bilan muhojirlarning og‘ir hayotiga e‘tibor qaratishni istagan.

Batalov uchun muhojirlik mavzusi nafaqat ijtimoiy, balki psixologik mavzuga aylangan. U o‘z tahlili bilan, o‘zini "o‘zinikilar orasidagi begona"dek sezganidan so‘z yuritadi.

Spektaklь nafaqat ijtimoiy va psixologik, balki siyosiy jihatga ham ega. Unda kabob sotuvchi o‘zbek hikoyasi bilan bir qatorda, tojik muhojirlarining lideri, O‘zbekistonga hatto onasini dafn etishga bora olmagan siyosiy qochqin va inson haqlari faoli, hamda Vladimir Putin haqidagi hikoyalar o‘rin olgan.

Muallif spektaklda ichki dunyosi va eng shaxsiy hissiyotlarini to‘kib soladi. U internetni tan olmaydigan va adabiy so‘zlar bilan maktublar yo‘llaydigan otasining xatlari hamda onasi bilan skaypda bo‘lgan suhbatining yozuvlarini tomoshabinga taqdim qiladi.

Talgat Batalovning hikoyalari ko‘plab muhojirlarning minnatdorchiligiga sabab bo‘lgan bo‘lsa, boshqa ko‘plarning g‘azabini ham qo‘zg‘agan. Uning "o‘zbeklar - xavfli millat" kabi chiqishlari hammaga ham yoqmagan.

"Men bilan suhbatlashgan inson haqlari faoli Bahrom Hamroyev "o‘zbeklar - xavfli millat" deydi. Chunki ular 20 yildirki diktaturada yashab kelayaptilar, qullardek, dahshatli korruptsiya ichida. O‘z mamlakatlarida hech nima hal etilmasligiga o‘rganganlar, ular uchun muammoni hal qilishning yagona yo‘li bu pora berish. Rossiyaga ular o‘sha odatlarini olib keladilar. Bahrom, masalan, ba‘zi militsionerlar bilan gaplashgan ekan, ular unga "Kimni to‘xtatmang, oralaridagi eng qo‘rqog‘i - bu o‘zbeklar. Hamma hujjat joyida bo‘lsa ham, pora berishni istaydilar", - deb aytishgan. Mentlar bunga o‘rgangan, shundan oziqlanadilar. Domodedovo aeroportida portlashlar bo‘lganida, butun militsiya o‘zbek uchog‘ining tagida bo‘lgan ekan, aeroportga kirishni hech kim nazorat qilmagan, chunki hammasi tirik pul tashuvchi gastarbayterlarni ovlash bilan mashg‘ul bo‘lgan", - deydi Batalov suhbatlaridan birida.

Batalov o‘z ustozi Mark Vaylning asl qotillari noma‘lum qolayotganidan norozi. "Balki bu endi muhim emasdir, muhimi shuki, u Markaziy Osiyodagi hurfikrlilikning tayanchi edi", - deydi u.

Talgat Batalovga savol yo‘llamoqchi bo‘lsangiz, matn ostidagi formani to‘ldiring yoki uzbek@bbc.co.uk elektron pochta adresimizga maktub yo‘llang. Suhbat matni hafta oxirida sahifamizda nashr etiladi.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.