BBC navigation

UzASIning nomi o‘zgargani MTSu-Teliasonera mojarolarining oqibatimi?

Сўнгги янгиланиш 29 октябр 2012 - 14:24 GMT

Endi O‘zbekistonda Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi bo‘ladi.

O‘zbekistonda Aloqa va axborotlashtirish agentligi deb nomlanib kelgan idora nomini o‘zgartirishga qaror qilingan.

Ko‘pchilik ruscha nomi UzASI deganda yaxshiroq tushunadigan respublika miqyosidagi struktura nomi bundan keyin Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi deb ataladi.

O‘zbek rasmiylariga ko‘ra, bu o‘zgartirishning sababi - mamlakatda aloqa va axborotlashtirish sohasini boshqarishni yanada takomillashtirishdir.

Ushbu o‘zgartirishlar shu yil boshidan O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish idorasi yuzma-yuz kelgan mojarolar ortidan yuz bermoqda.

Shu yil aprelida O‘zbekistonning mobil aloqa bozoridagi yirik o‘yinchi "Uzdunrobita" rahbari Behzod Ahmedovning mamlakatdan qochgani xabari tarqaldi.

"Uzdunrobita" Rossiyaning MTS shirkatining O‘zbekistondagi sho‘‘ba korxonasi va MTS O‘zbekistonning UzASI idorasi tomonidan o‘zining sho‘‘ba korxonasiga qonunga zid bosimlar bo‘layotganidan shikoyat qildi.

MTS o‘zining O‘zbekistondagi biznesini bu mamlakatdagi "qudratli kuchlar" o‘zlashtirib olmoqchi bo‘layotgani haqida bayonot tarqatdi, bu ish UzASI qo‘li bilan qilinayapti, deb ko‘rildi.

O‘zbekiston Aloqa va axborotlashtirish agentligi "Uzdunrobita"ni noqonuniy amallarga qo‘l urganlikda aybladi, iyun oyida bir kunda 9 yarim million mijozning mobil aloqasiz qoldirishni ham "Uzdunrobita"ning qilmishi deb tushuntirdi.

O‘zbek mahkamasi bu agentlikning MTSni mobil aloqa xizmati ko‘rsatish litsenziyasidan mahrum qilish arizasini ham qondirib berdi.

Shu kunlarda esa MTSning yana O‘zbek bozoriga qaytishi mumkinligi haqidagi gap-so‘zlar quloqqa chalinib qoldi.

MTS va UzASI o‘rtasidagi mojaro avjida Shvetsiya jurnalistlari O‘zbekistonning Aloqa va axborotlashtirish idorasi nomi bilan bog‘liq yana bir faktni ommaga oshkor qildilar.

O‘zbekistonda mobil aloqa xizmati ko‘rsatish huquqini mamlakat qonunchiligiga binoan O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish idorasining berishi talab qilinadi va Shvetsiyaning Teliasonera shirkati bunday litsenziyani qo‘lga kiritishi uchun O‘zbekistonda emas, Gibraltarda ro‘yxatga olingan Takilant shirkatiga 2,2 mlrd shved kronasi yoki 337 million AQSh dollari miqdorida pul to‘lagani ayon bo‘ldi.

Shvetsiyada Teliasonera shirkatining 2007 yilda O‘zbekistonda Ucell shirkatiga asos solishi qonuniy bo‘lganmi-noqonuniyligini tekshirish boshlangan.

Aloqa va axborotlashtirish idorasining rahbari ko‘p yillar mobaynida Abdulla Oripov bo‘lgan, keyinroq u O‘zbekiston Bosh vazirining o‘rinbosari sifatida mamlakatdagi aloqa, internet va shunga o‘xshash sohalarni boshqargan.

Hukumat doiralariga yaqin "Uzmetronom" internet sahifasi o‘z manbalariga tayanib, avgust oyida UzASIning sobiq rahbari Abdulla Oripovga nisbatan jinoiy ish ochilgani haqida xabar tarqatgan.

Hozir Frantsiyada istiqomat qiladigan o‘zbekistonlik siyosiy tahlilchi Kamoliddin Rabbimovning fikricha, MTS va Teliasoneralar bilan bog‘liq mojarolardan keyin ushbu idora nomini o‘zgartirishdan Toshkentdagi amaldorlar ikki maqsadni ko‘zlaganlar.

Biri, bu noqonuniy amallarni korruptsiyaga botgan katta amaldorlar sodir etganlar, deb tushuntirish, ikkinchisi hukumatning O‘zbekistonda kuchli informatsion tizim yaratish istagi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

Нега УзАСИ давлат қўмитасига айлантирилди?

Ўзбекистон Алоқа ва ахборотлаштириш агентлигининг давлат қўмитасига ўзгартирилиши ортида қандай мақсад ва сабаблар ётган бўлиши мумкин? Таҳлилчи Камолиддин Раббимов билан суҳбат.

Тинглашmp3

Муқобил медиа плейерда ўйналсинми

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.

Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing.

Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.

BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.