BBC navigation

Boks: "Tinchlik kamari" afg‘onistonlik bokschining o‘ziga nasib etti

Сўнгги янгиланиш 31 октябр 2012 - 14:21 GMT

Afg‘onistonlik bokschi WBO tasnifida qit‘alararo chempionlik maqomini qo‘lga kiritdi.

Afg‘oniston tarixidagi ilk professional jangda WBU tasnifida o‘rtacha vazn toifasida amaldagi jahon chempioni Hamid Rahimiyning o‘zi g‘olib chiqdi.

Seshanba kungi 12 raundlik jang yettinchi raund o‘rtalaridayoq poyoniga yetti.

Hakam yelkasidan olgan jarohati sabab, tanzaniyalik bokschi Sayid Mbelva ortiq jangni davom ettira olmasligni e‘lon qildi.

Hakamning ushbu qarori ortidan "Tinchlik uchun janggi"ning tashabbuskori bo‘lgan Hamid Rahimiyning o‘zi g‘olib, deb e‘lon qilindi.

So‘nggi g‘alabasi bilan afg‘onistonlik dongdor bokschi WBO tasnifida qit‘alararo chempionlik maqomini qo‘lga kiritdi.

Jang arafasida tanzaniyalik bokschi Sayid Mbelva afg‘onistonlik raqibini to‘rtinchi raunddayoq nokautga uchratajagini oshkora bayon qilgandi.

Hamid Rahimiyning jamlog‘i esa, uning bu bayonotida qo‘rqmasliklari, jangning taqdirini uchinchi raunddayoq o‘z foydalariga hal qilishlarini aytib, javob berishgandi.

Jang

Poytaxt Kobuldagi Loya Jirga jamlog‘ida uyushtirilgan jang rejalanganidan ikki soatcha kechikib boshlangan.

Ayon bo‘lishicha, bunga katta sondagi tomoshabinlar har birini alohida tekshiruvdan o‘tkazishga to‘g‘ri kelgani sabab bo‘lgan.

Bahosi 60 AQSh dollaridan 200 AQSh dollarigacha bo‘lgan chiptalar esa, qo‘lda 700 AQSh dollariga chiqib ketgan.

Chiptalar 60 AQSh dollari bo‘lganida ham, bu – poytaxt Kobul aksariyat aholisining yarim oylik ish haqlariga teng mablag‘ degani.

Ammo, ayon bo‘lishicha, Afg‘onistondagi og‘ir iqtisodiy sharoitga qaramay, bu ham muxlislarni jangni tomosha qilish ahdidan qaytara olmagan.

Xabarlarga ko‘ra, odamlar yig‘ib qo‘ygan pullari va ayrimlari, hatto, qo‘llaridagi iPhone larini sotib bo‘lsa-da, jangga chipta olishga harakat qilishgan.

Ayrimlari esa, hayajonning zo‘ridan kun bo‘yi tuz ham tatmaganliklarini aytishgan.

Mingdan ortiq ishqibozni o‘ziga jalb etgan jang o‘ta kuchaytirilgan xavfsizlik choralari ostida bo‘lib o‘tgan, bellashuvning tinch o‘tishini ta‘minlash uchun yuzlab politsiya kuchlari safarbar etilishgan.

Afg‘oniston tarixidagi ilk professional jangni bevosita tomosha qilish uchun Loya Jirga jamlog‘iga parlamet a‘zolari va xorijiy diplomatlar ham tashrif buyurishgan.

Tomoshabinlar orasida xotin-xalaj va bolalar ham ko‘rinish berishgan.

Poytaxt Kobul politsiya boshlig‘i esa, jamloqqa yig‘ilgan barcha muxlislarga maxsusan murojaat qilib, ularni har ikki bokschiga birdek muxlislik qilishga da‘vat qilgan.

Afg‘oniston Davlat televideniyesi va "Xurshid" xususiy telekanali orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri olib uzatilgani bois, qolgan millionlab afg‘onlar jangni uylarida o‘tirib, tomosha qilishga muvaffaq bo‘lishgan.

Afg‘oniston tarixidagi ilk professional jang xalqaro miqyosda ham katta qiziqishga sabab bo‘lgan, dunyoning yetakchi ommaviy-axborot vositalari e‘tiboriga tushgan.

Bu faqat boshlanishi

Dongdor bokschisi professional ringdagi navbatdagi g‘alabasi ortidan, "bergan quvvati uchun afg‘on xalqi va shu qadar xavfsizlik choralarini ko‘ra olgani uchun mamlakati hukumatiga o‘z minnatdorchiligini izhor etgan".

Hamid Rahimiy qit‘alararo chempionlik kamari Afg‘oniston va afg‘on xalqining haqqi ekani, poytaxt Kobuldagi jang mamlakatida professional boksning debochasi bo‘lajagini aytgan.

Afg‘onistonlik bokschi ikki yillik sa‘y-harakatlari ortidan, poytaxt Kobulda mamlakati tarixidagi ilk professional jangni uyushtirishga muvaffaq bo‘lgandi.

Millati hazora bo‘lgan Hamid Rahimiy nega bu kabi g‘ayriodatiy tashabbus bilan chiqqani sababini "Afg‘oniston o‘zgarish va yordamga muhtoj" ekani bilan izohlagandi.

Ayni o‘rinda shuni alohida ta‘kidlash joizki, unga qadar Afg‘oniston tarixida hali hech bir bokschi professional boksda jahon chempionligi maqomini qo‘lga kiritmagan.

Bugun Afg‘oniston Prezidenti Homid Karzay har ikki bokschi bilan ham uchrashishni rejalagan.

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.

Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing.

Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.

BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.