BBC navigation

Shukrullo Mirsaidov vafot etdi

Сўнгги янгиланиш 2 ноябр 2012 - 15:03 GMT

O‘zbekistonning birinchi va oxirgi vitse-prezidenti Shukrullo Mirsaidov o‘tgan tunda Toshkentda 73 yoshida olamdan o‘tgan.

Ayrim xabarlarga ko‘ra, uning o‘limiga yurak xuruji sabab bo‘lgan.

Mamlakatning postsovet tarixida o‘ziga xos siyosiy o‘ringa ega bo‘lgan Shukrullo Mirsaidov O‘zbekiston Ministrlar Sovetining so‘nggi raisi (1990) sifatida ham tarixga kirgan.

1991 yil avgustida O‘zbekiston mustaqillikka erishishi ortidan yangi joriy etilgan vitse-prezidentlik lavozimiga tayinlangan Shukrullo Mirsaidov O‘zbekiston tarixida yuqori lavozimdan iste‘fo bergan yagona rahbardir.

1992 yil yanvarida Toshkentdagi Talabalar shaharchasidagi namoyishlarning kuch bilan bostirilishi ortidan iste‘fo bergan Shukrullo Mirsaidov o‘z qarorini "O‘zbekistonda demokratik islohotlar amalga oshirilmayotgani" bilan izohlaydi.

U "demokratiya va oshkoralik siyosatining o‘rnini avtoritarizm egallab borayotgani"ni urg‘ulab, prezident Islom Karimovga ochiq maktub ham yo‘llagan.

Ko‘p o‘tmay muxolifatning Toshkentdagi "Demokratik kuchlar forumi"da ishtirok etgan Shukrullo Mirsaidov Prezident Karimov boshqaruviga qarshi harakatlarni birlashtirishga uringani aytiladi.

Prezident Karimov ma‘muriyatining keskin tanqidchilaridan bo‘lgan Shukrullo Mirsaidov o‘z vaqtida hukumat tomonidan jiddiy siyosiy tahdid sifatida ko‘rilgan.

1992 yilda Shukrullo Mirsaidovga qarshi "tovlamachilik va poraxo‘rlik" ayblari bilan yirik jinoyat ishi ochiladi.

Unda Mirsaidov vitse-prezidentlik lavozimini egallab turgan payt O‘zbek paxtasidan kelgan yirik mablag‘larni o‘zlashtirganlikda ayblanadi va 1 million AQSh dollari miqdoridagi jarimaga tortiladi.

Ammo keyinroq xalqaro arbitraj Shukrullo Mirsaidovni oqlaydi.

1994 yilda Toshkentda Shukrullo Mirsaidov mashinasiga yaqinlashayotgan paytda mashinasi portlab ketadi.

Shunda ham, o‘z siyosiy faoliyatini davom ettirgan Shukrullo Mirsaidov xuddi o‘sha yili o‘zbek muxolifatining "Muvofiqlashtiruv kengashi"ni tuzishga urinadi.

U rasman ro‘yxatdan o‘tmagan "Adolat - Haq yo‘li" partiyasiga ham rahbarlik qilgan.

Ammo 1995 yilda Toshkent yaqinida o‘g‘li noma‘lum shaxslar tomonidan o‘g‘irlanib, do‘pposlab ketilgan Shukrullo Mirsaidov siyosiy faoliyatini to‘xtatishini e‘lon qiladi.

Qolgan umrini Toshkentda, oddiy nafaqaxo‘r sifatida o‘tkazgan Shukrullo Mirsaidovning yurak xastaligidan azob chekkani aytiladi.

Toshkentdan kelayotgan xabarlarga ko‘ra, uning janoza marosimida ko‘plab odamlar ishtirok etishgan.

Rasmiy matbuot Shukrullo Mirsaidovning vafoti haqida sukut saqlamoqda.

O‘zbekistondan olingan so‘nggi xabarlarga ko‘ra, Shukrullo Mirsaidov Toshkent shahridagi "Teshik qopqoq" qabristonida dafn etilgan.

--------------------------------------------------------------------------------------------

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.
Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing. Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.

BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.