BBC navigation

Uch o‘zbek ayoli Tojikistonga ayg‘oqchilikda ayblangan

Сўнгги янгиланиш 5 ноябр 2012 - 11:41 GMT

Ko‘rsatuvda aytilishicha, ayollar vatan xoinlari sifatida jazoga tortilganlar.

O‘zbekiston televideniyesining "Yoshlar" telekanalida 31 oktyabr kuni efirga uzatilgan "Vatan xoini" ko‘rsatuvida aytilishicha, uch ayol Tojikiston foydasiga ayg‘oqchilik qilgani uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan.

O‘zbekiston Jinoyat mahkamasi ayollarga 15 yilgacha qamoq jazosi tayinlagan.

Ayollar Tojikiston bilan chegaradosh Surxondaryo viloyati fuqarolari bo‘lishgan.

Ushbu mavzu yuzasidan "Yoshlar" telekanaliga qo‘ng‘iroq qilganimizda, kanal jurnalistlaridan biri shunday ko‘rsatuv efirga ketganligini tasdiqlar ekan, bu masalada dushanba kuni telekanal rahbarlari bilan suhbatlashishimiz mumkinligini bildirdi.

"Vatan xoinlari" ko‘rsatuviga binoan, ayg‘oqchilikda ayblangan Gulnora Amonova, Kimyo Xudoyorova va Ra‘no Xursandovalar Tojikiston xavfsizlik xizmatlari bilan O‘zbekistonning harbiy va xavfsizlik ob‘ektlari haqida ma‘lumot yetkazib turish uchun hamkorlik qilishadi.

Ayollardan biri Gulnora Amonova 1998 yil tojik militsiya xodimiga turmushga chiqadi.

Ko‘rsatuvda aytilishicha, bu nikoh Tojikiston Milliy xavfsizlik qo‘mitasi tomonidan rejalashtirilgan bo‘lib, shu tariqa ayoldan O‘zbekiston haqidagi maxfiy ma‘lumotlarni olish ko‘zda tutilgan.

Televideniye muxbiriga ko‘ra, Amonova va uning dugonasi Ra‘no Xursandova asosiy ishni olib borgan Xudoyorovaga ma‘lumotlarni to‘plash va Tojikistonga yetkazishda yordam berib kelishgan.

"Kimyo Xudoyorovaga quyidagi ob‘ektlarning rasmi va joylashgan joyi haqida ma‘lumot berish topshirilgan: Surxondaryodagi harbiy bo‘linmalar, u yerdagi qurol va aslahalar saqlanadigan joy, Sariosiyo tumaniga qarashli prokuratura, militsiya va chegara bo‘linmalari; Bu idoralarda ishlaydigan xodimlar va harbiylar haqida ma‘lumot, ularning jangovor tayyorgarligi va avtomashina raqamlari to‘g‘risida aniq ma‘lumotlar so‘ralgan", - deyiladi ko‘rsatuvda.

Ko‘rsatuvda Xudoyorova o‘zi bilan suhbatda u Sariosiyo Ichki ishlar bo‘limi va prokuraturasi aks etgan suratlarni tojik maxfiy xizmat xodimlariga berganini tasdiqlagan.

Kimyo Xudoyorova O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 160 - moddasi birinchi bandi, ayg‘oqchilikda ayblanib 15 yilga ozodlikdan mahrum qilinadi. Amonova va Xursandovalar esa 157- moddaga asosan, xiyonat qilganlikda ayblanib har biriga 14 yildan qamoq jazosi tayinlanadi.

"Vatan xoinlari" deb nomlangan ko‘rsatuvda ayollar o‘zlarini Tojikiston xavfsizlik idoralari ayg‘oqchilik qilishga majbur qilishganini aytishgan.

"Ayollar kerakli tashkilotlarga o‘z vaqtida xabar berishdan ko‘ra, O‘zbekistonga qarshi ma‘lumot berib, buning evaziga pul olishni ma‘qul ko‘rganlar", - deyiladi ko‘rsatuvda.

Ko‘rsatuv nihoyasida ayollar vatani, qarindoshlari va hamyurtlariga nisbatan xiyonat qilganligi va buning uchun kerakli jazoga tortilgani ta‘kidlanadi.

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.
Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing. Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring. BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.