BBC navigation

Qozoq multimillioneri Muxtor Ablyazov Britaniyadagi "huquqiy jangini yutqazdi"

Сўнгги янгиланиш 7 ноябр 2012 - 14:26 GMT

Britaniyadan siyosiy boshpana olgan Muxtor Ablyazov shu yil fevralida g‘oyib bo‘lgan.

Londondagi Yuqori mahkama 6 milliard dollardan ziyod firibgarlikda ayblanayotgan Qozoq korchaloni Muxtor Ablyazovning arizasini rad etgan.

Bu Qozog‘istonning yirik BTA bankining janob Ablyazovga nisbatan a‘volari qondirilishini anglatadi.

Bankning rahbari bo‘lib ishlagan Muxtor Ablyazov 2009 yilda Britaniyadan siyosiy boshpana olgan va o‘ziga nisbatan ayblovlarning siyosiy sabablarga asoslanganini aytib keladi.

U, bundan ko‘zlangan asl maqsad, Qozog‘iston Prezidenti Nursulton Nazarboyevning o‘zini siyosiy muxolif sifatida yo‘q qilish bo‘lganini aytgan.

Londondagi Yuqori mahkamaga shu paytgacha olib chiqilgan eng yirik qalloblik ishi deb aytilayotgan mojaroning so‘nggi qarorini hakam, Adliya Lordi Mouris Key o‘qib eshittirgan, qaror matni ancha keskin yangragan.

Hakam so‘zlariga ko‘ra, Muxtor Ablyazov mahkamaga "takabburona bepisandlik" ko‘rsatgan va biror bir kishining bunchalar "tsinizm, opportunizm bilan va makkorona" ish tutishini tasavvur qilish mushkuldir.

Bu qaror bilan London Yuqori mahkamasi Muxtor Ablyazovga nisbatan bundan oldin chiqarilgan ikki mahkama qarorini ma‘qullagan.

Shu yil fevralida bo‘lib o‘tgan mahkama ham Muxtor Ablyazovni mahkamaga hurmatsizlikda ayblab, uni 22 oylik qamoq jazosi chiqargan, may oyidagi Yuqori mahkama qarori esa janob Ablyazovdan o‘zining mablag‘lari haqidagi ma‘lumotlarni oshkor etishni talab qilgan, aks holda 6 milliardan ziyod da‘vo ishlarida himoyadan mahrum bo‘lishi haqida ogohlantirgan edi.

So‘nggi qaror janob Ablyazovning Britaniyadagi "mahkama jangida" yutqazganini anglatadi.

Ushbu ish bo‘yicha yakuniy qaror shu yilning oxirigacha e‘lon qilinadi, deb kutilayapti.

Lekin bugungi qarorni Qozog‘istonning BTA banki olqishlab chiqqan.

BTA Muxtor Ablyazov rahbarligida Qozog‘istonning eng qudratli banklaridan bo‘lgan, bu bankka Britaniyadagi Barclays, HSBC, Royal Bank of Scotland banklari ham kredit bergan.

Jami Muxtor Ablyazovga nisbatan to‘qqizta firibgarlik ishi bo‘yicha da‘vo ilgari surilgan, Britaniya banklari ham bu ishlarda jabrlanuvchi tomon deb ko‘rilgan.

BTA banki jahon bo‘ylab Ablyazovga tegishli deb ko‘rilgan mablag‘larni muzlatishga erishib keladi, endi esa bank bu mablag‘larni o‘zining hisobiga o‘zlashtirib olish jarayonini boshlashi haqida aytmoqda.

Muxtor Ablyazovga tegishli mol-mulk orasida Britaniyada jami qiymati 100 million dollar atrofida deb ko‘rilayotgan 10 ta ko‘chmas mulk ham bor.

Muxtor Ablyazovning aytishicha, u o‘zining qobiliyati va mahorati bilangina BTA bankini shunchalik moliyaviy qudratli tizimga aylantirgan.

U 2009 yilda Qozog‘istonni tark etganidan keyin BTA bankining 71 foizi aktsiyalari davlat hisobiga o‘tkazilgan.

Bank hisobida 16 milliard dollarlik kamomad aniqlangani haqida aytishgan Qozog‘iston rasmiylari.

Bugungi kunda Muxtor Ablyazovning qayerdaligi noma‘lum qolmoqda, bu narsa mahkama hay‘atlari bilan birga uning advokatlarini ham g‘azablantirgani haqidagi xabarlar tarqalgan.

---------------------------------------------------------------------------------------------

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.

Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing.

Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.

BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.