BBC navigation

Obama qarshisida turgan beshta qiyin masala nima?

Сўнгги янгиланиш 7 ноябр 2012 - 17:20 GMT

Prezident Barak Obama prezidentlik kursisiga qayta cho‘kib, ikkinchi muddatga saylanishdek muvaffaqiyatidan lazzatlanishi oldidan, u oldida turgan ba‘zi qiyin vazifalarni o‘ylab ko‘rishiga to‘g‘ri kelishi mumkin.

Mana bu uning prezidentlik stolida yotgan beshta asosiy masala.

Oqsayotgan iqtisod

AQSh Buyuk Depressiya davridan beri eng yomon deb ko‘rilgan iqtisodiy inqirozdan sekin-asta emaklab chiqmoqda.

Ishsizlik kamaygan, lekin o‘jarlik bilan baribir yuqori qolmoqda - ishsizlik darajasi hozirda 7.8 foizga teng. Millionlab ishsiz amerikaliklarni qayta ishga yollash juda sekin yuz berayapti. Iqtisodiy o‘sish esa uchinchi chorakda 2 foizga teng bo‘ldi.

Hatto kichik bir zarba ham iqtisodni yana qulatishi mumkin.

AQShni oqsatayotgan ko‘plab omillardan ba‘zilari Ovro‘podagi qarz inqirozi va uning global savdoga bo‘lgan ta‘siri, AQSh ko‘chmas mulk bozoridagi davom etayotgan muammolar, AQSh hukumatining qisqa muddatga mo‘ljallangan mavhum moliyaviy siyosati va Vashingtonda boshi berk ko‘chaga kirib qolgan siyosiy farqlar.

Bularning bariga qaramay, amerikaliklar oxirgi haftalarda bir qator hush xabarlarni ham olishdi - ish o‘rinlari biroz o‘sgan, Ichki yalpi mahsulot sekin-asta ko‘tarilmoqda, ko‘chmas mulk bozori sal oyoqqa tura boshlagan, va amerikaliklar iste‘molchilarida o‘ziga ishonch paydo bo‘la boshlagan.

Agar, iqtisodiy tahlilchilar bashorat qilayotgandek, iqtisod gullab-yashnaydigan bo‘lsa, bunga janob Obama o‘z hizmati deya da‘vogarlik qilsa ajabmas.

Moliyaviy jar va byudjet defitsiti

1 yanvardan boshlab soliqlar oshadi va hukumatning ijtimoy xizmatlar uchun yordami kesiladi. Bu deyarli har bir amerikalikning cho‘ntagiga ta‘sir qiladi va shundoq ham ojiz iqtisodni barbod qilishi mumkin. Lekin, Kongress bu salbiy ta‘sirni bartaraf etishning yo‘llarini topishi mumkin.

"Moliyaviy jar" siyosat va moliya bir-biriga behosdan urilishidan kelib chiqqan muammo emas. Uni 2011 yilda janob Obama va Kongress o‘zaro kelishib yaratganlar. U Obama va Kongressni uzoq muddatda AQSh byudjet defitsitini kamaytirishga rag‘batlantirishi ko‘zda tutilgandi.

Uning ma‘nosi shuki, Demokratlar va Respublikachilar o‘z tomonlari uchun muhim bo‘lgan mudofaa va ijtimoiy dasturlarga beriladigan moliyaviy yordamning, hamda Jorj Bush davridan qolgan past darajali soliq ko‘rsatkichlari kesilishiga qarshi kurashishlari kerak.

Ular qonunga "vaqtinchalik" deb kiritilgandi, lekin Kongress ulardan voz kechish istagini izhor qilmayapti.

Ijtimoy xizmatlarning keskin kesilishi va soliqlarning oshirilishi birgalikda qaltiroq AQSh iqtisodini yana retsessiya qa‘riga uloqtirishi mumkin. Bunday ogohlantirish deyarli har bir iqtisodchi tomonidan yangrayapti.

"Bu oddiy makroiqtisod. Konservativmisiz yo liberal, agar soliqlar oshishi va xarajatlar kesilishi bilan talab 500 milliard dollarga ozaysa, jarga qulashingiz turgan gap", - deydi Meriland Universiteti professori Pitr Morichi.

Umid qilinayotgani shuki, AQShni bu jara yoqasidan qaytaradigan "kelishuv" defitsit muammosini ham hal etadi. Defitsit bu yil 1.1 trillion dollarga, ya‘ni Yalpi ichki mahsulotning 7 foiziga teng.

Bunday kelishuvga erishish uchun, prezident va Kongress Medicare va Social Security kabi ijtimoiy dasturlar, 651 milliard dollarlik mudofaa byudjeti va daromad solig‘i borasidagi o‘zaro farqlarini tezroq bartaraf etishlari kerak bo‘ladi.

Eron

Eron bir qator AQSh siyosatlarining o‘zaro to‘qnashadigan nuqtasida turibdi - AQShning Afg‘onistondan qo‘shinlarini olib chiqishi, Iroqda barqarorlikni ta‘minlash, Isroil-Falastin masalasiga yechim topish, terrorchilikka qarshi kurash, energiya zahiralariga yo‘l ochish va yadroviy qurollar tarqalishining oldini olish masalalarining bari Eron bilan bog‘liq.

AQSh Eronning yadroviy qurolga ega bo‘lishini bartaraf qilish yo‘lida qat‘iy qolayapti. Eron o‘z yadroviy dasturi butkul tinch yo‘lda ekanini aytadi, va uning rahbariyati Eron iqtisodini tobora ko‘p qiynayotgan xalqaro sanktsiyalarga qarshi kurashishda davom ettirishlarini aytishgan.

"AQSh va Eron o‘rtasida amalda sovuq urush ketayapti", - deydi Xalqaro Tinchlik uchun Karnegi fondidagi Eron bo‘yicha tahlilchi Karim Sadjadpur.

Unga ko‘ra, Eron ruhoniy rahbari Oyatulloh Ali Homanaiy qo‘li ostida Eron o‘z milliy manfaatlarini faqat AQShga ziddiyat asosida belgilaydi.

Janob Obama hisobga olishi zarur bo‘lgan yana bir omil Eron yadroviy infratizilmasiga bo‘lgan Isroil harbiy hujumi tahdidi. Eron javoban hujum qilishga va‘da bergan.

Janob Sadjadpurga ko‘ra, janob Obama uchun muhim vazifa harbiy kuchga qo‘l urmay turib, Eronning yadroviy ambitsiyalarini tekshirish bo‘ladi.

"Bu kontekstda Eronni nazarda chetda qoldirib bo‘lmaydi. Bu davlatga qilingan harbiy hujum AQSh halqaro sahnada yuz tutayotgan boshqa har bir muammoni yanada qiyinlashtiradi va mintaqaviy urushga sabab bo‘lishi mumkin", - deydi u.

Medicare xarajatlari

65 yoshdan yuqori va nogiron amerikaliklar uchun mo‘ljallangan bahaybat Medicare dasturining yaqin orada puli qolmasligi bashorat qilingan.

Demokratlar g‘ururlanuvchi qariyb 50 yillik bu dasturning yelkasida ikkita og‘irlik turibdi - samarasiz sog‘liqni saqlash tizimining oshib borayotgan xarajatlari va nafaqaxo‘rlar sonining ko‘payishi. Nafaqaxo‘rlarning ko‘plari yaqin orada davlat imtiyoz pullariga haqli yoshga yetadilar.

Medicarening kasalxona sug‘urta dasturi, hozirgi ko‘rsatkichlarga binoan, 2024 yilga borib bor pulini sarflab bo‘ladi. Cheksiz moliyaga ega bo‘lgan uy tashriflari va retsept dorilari dasturlari 2035 yilga borib Yalpi ichki mahsulotning 3.4 foiziga teng bo‘ladi. O‘tgan yili bu ko‘rsatkich 2% edi.

"Oshib borayotgan xarajatlar muammosini hal qilish juda qiyin", - deydi Byudjet va siyosiy prioritetlar markazi tadqiqotchisi Pol Van de Voter.

Medicare va Medicaid Services markazlarining sobiq rahbari Don Bervik esa Medicare xarajatlarini biroz o‘zgartirish bilan muammoni hal qilib bo‘lmasligini aytadi. Unga ko‘ra, butun sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilish lozim.

"Medicarening asoratlari, ya‘ni biz davlat sifatida ko‘tara olmaydigan xarajatlar - bu Medicare asoratlari emas, balki sog‘liqni saqlash tizimining asoratlari. Amerikaning sog‘liqni saqlash tizimi bizning talablarimizga javob bera olmaydi. Muammoning ildiziga qaramoqchi bo‘lsangiz, hukumat yoki xususiy shirkatlar roliga emas, balki umuman Amerika sog‘liqni saqlash tizimi qanday qurilgani va qanday yetkazib berilishiga qarash kerak", - deydi u.

Kongress bilan ishlash

Janob Obama yana bir bor to‘rt yildirki boshi berk ko‘chaga kirib qolgan, hatto pochta nomini o‘zgartirishdek masalada ham o‘zaro "yoqalashadigan" kongressmenlariga yuz tutmoqda.

Ko‘plab tahlilchilar Kongress bo‘linganicha qolishini bashorat qilishgan - Respublikachilar Vakillar palatasi ustidan nazoratni saqlashsa, Demokratlar oz farq bilan Senatdagi aksar o‘rinlarni egallab qolishadi.

Yaqin muddatda Respublikachilar otdan tushib, Demokratlar bilan murosaaga borishlariga hech nima ishora qilayotgani yo‘q. Uning ustiga, ular nafaqat Vakillar palatasi, balki Senatda ham qonunlarga veto qo‘yish uchun yetarli ovozga egalar.

"Bu saylov bizni yana qandaydir toqatbaror siyosatchilikka qaytaradi degan ishora yo‘q. Bu ziddiyat hali ancha davom etadi", - deydi "Ahvol bundan ham yomon: Amerika konstitutsiyaviy tizimi yangi ekstremizm siyosati bilan qanday to‘qnashdi" kitobi muallifdoshi va taniqli kongress tahlilchisi Norman Ornshtayn.

----------------------------------------------------------------------------------------------

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.

Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing.

Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.

BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.





* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.