BBC navigation

Soslan Tigiyevni London olimpiadasidagi bronza medalidan mahrum etishmoqchi

Сўнгги янгиланиш 7 ноябр 2012 - 13:42 GMT

Soslan Tigiyev qonida metilgeksamin moddasi London Olimpiada o‘yinlari tugaganidan keyin topilgan.

Xalqaro Olimpiya qo‘mitasidagi bir necha manbaga tayanib tarqatilayotgan xabarlarga ko‘ra, o‘zbekistonlik kurashchi Soslan Tigiyevning doping tekshiruvida taqiqlangan metilgeksanamin moddasi aniqlangan, shu sabab Tigiyev taqdirlangan bronza medalini u bilan kurashga tushgan mojaristonlik raqibiga topshirishga qaror qilingan.

Erkin kurash bo‘yicha 74 kilogrammdagi sportchilar o‘rtasidagi musobaqada Soslan Tigiyev 10 avgust kuni Mojaristondan bo‘lgan Gabor Xatos bilan gilamga chiqqan va London Yozgi Olimpiya O‘yinlarining bronza medali bilan mukofotlangan edi.

Xalqaro Olimpiya Qo‘mitasidan bildirishlaricha, doping tekshiruvi natijalari 12 avgust kuni - olimpiada o‘yinlari yakunlanganidan keyin ma‘lum bo‘lgan.

Soslan Tigiyevning doping tartib-qoidasini buzish ayblovi bilan 2012 yildagi olimpiada o‘yinlaridagi medalidan mahrum etilgan ikkinchi sportchi bo‘lishi aytilmoqda.

Bundan oldin Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi belaruslik sportchi Nadzeya Ostapchukka berilgan oltin medalni bekor qilgandi.

Beloruslik mergan qonidan metenolon steroid moddasi topilgan.

Ostapchuk oltin medali Yangi Zelandiyalik sportchi Valeri Adamsga berilgan.

Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi intizom qo‘mitasi Tigiyev ishini o‘rganib chiqib, o‘zbekistonlik kurashchini sportdan chetlashtirish va unga berilgan bronza medalini olib qo‘yishni tavsiya qilgan.

Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi chiqargan qarorga Soslan Tigiyev jamoasi dushanba kuniga qadar izoh berishi kerak edi.

2008 yil Pekin Olimpiadasida kumush medalga sazovor bo‘lgan Soslan Tigiyev qonida metilgeksanamin moddasi sportchi vengriyalik Gabor Xatos ustidan ochkolar hisobida g‘alaba qilishi ortidan aniqlangan.

Bronza medali endi Xatosga beriladi.

74 kilogrammdagi kurashchilar o‘rtasida Olimpiya oltin medali Qo‘shma Shtatlardan Jordan Burrougsga nasib qilgandi. Amerikalik sportchi final bellashuvda eronlik sportchi Sodiq Sayid Gudarzini mag‘lub etgandi. Ikkinchi bronza medali kanadalik Mettyu Gentri ustidan g‘alaba qilgan rus sportchisi Denis Tsargushga berilgandi.

O‘zbekistonlik Soslan Tigiyev London Olimpiadasida doping tekshiruvidan o‘ta olmagan to‘qqizinchi sportchidir.

Bu sportchilarning aksari musobaqalardan oldin yoki musobaqalardan tashqari o‘tkazilgan teshkiruvlar paytida aniqlangan.

London Olimpiya o‘yinlari paytida Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi 5 mingdan ortiqroq sportchini peshob va qon tekshiruvidan o‘tkazgan.

Olingan qon va peshoblar muzlatilgan holda sakkiz yil saqlanadi. Yangi tekshiruv usullari o‘ylab topilsa, olingan qon va peshoblar yana bir bor tekshiriladi.

London olimpiadasi boshlanishida o‘zbekistonlik gimnastikasi Luiza Galiulina peshobida taqiqlangan furotsemid moddasi topilib, o‘yinlardan chetlatilgan edi.

---------------------------------------------------------------------------------------------

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.

Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing.

Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.

BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.