BBC navigation

Xitoy Kompartiyasining s‘ezdi ochildi

Сўнгги янгиланиш 8 ноябр 2012 - 14:42 GMT

Xitoy rahbari Xu Tszintao Xitoy Kommunistik partiyasining 18 s‘ezdini ochgan.

Anchadan buyon kutilayotgan marosimda partiya rahbariyati va Xitoy hukumati tarkibi aniqlanishi kerak.

Xitoyda s‘ezd oldidan xavfsizlik masalalari o‘ta kuchaytirilgan.

Ikki mingdan ortiq delegatlar oldida chiqish qilgan janob Xu Xitoy juda keng imkoniyatlar qarshisida turganini va mamlakat "o‘z oldiga yuksak maqsadlar qo‘yishi va chinakamiga ishlashi" lozimligini, Xitoy taraqqiyoti fan-texnikaning yutuqlariga uzviy bog‘liq holda rivojlanishini ta‘kidlagan.

Xu Tszintao o‘z nutqida korruptsiya borasida jiddiy ogohlantirar ekan, "bu muammo partiya uchun halokatli bo‘lishi, hatto partiya va davlatning parchalanishiga olib kelishi mumkin", - deb aytgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, "qonun buzuvchilar kim bo‘lishi, qanday lavozimni egallashidan qat‘iy nazar javobgarlikka tortilishi lozim".

Oldinroq Xitoyda Chuntsin shahar partiyasining sobiq kotibi Bo Silay poraxo‘rlik va o‘z xizmat vazifasini suiste‘mol qilganlikda ayblanib vazifasidan olingandi.

Bo Silayga korruptsiya bo‘yicha ayblov e‘lon qilishi kutilmoqda.

Ayni paytda yuqori lavozimli rahbarlarning korruptsiyaga aloqadorligi haqida xabarlardan so‘ng Xitoyda yerni noqonuniy bosib olish va atrof-muhitning zararlanishi masalalari borasida norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tgan.

Minglab odamlar Xitoy ommaviy axborot vositalariga o‘z talablarini yozayotganlari aytilgan.

Xu Tszintao nutqi partiya marosimini boshlab bergan. Ma‘lumotlarga ko‘ra, s‘ezd bir hafta davom etadi va Xitoy rahbariyati almashingani e‘lon qilinadi.

Kompartiya bosh kotibi va Xitoy Xalq Respublikasi rahbari Xu Tszintao o‘rniga uning o‘rinbosari Si Tszinpin kelishi kutilmoqda.

G‘arb kuzatuvchilari Xitoydagi o‘zgarishlar, davlat tepasiga yangi rahbariyatning kelishi mamlakatdagi siyosiy islohotlarga yangitdan kuch berishiga va Xitoy bilan munosabatlarga ijobiy ta‘sir ko‘rsatishiga umid bildirishmoqda.

Yangi rahbar

S‘ezdning rasmiy jadvali e‘lon qilinmagan, lekin Xitoyning yangi rahbarlari kim bo‘lishi va ularning kelgusi rejalari qanday bo‘lishi masalasi butun jahonning diqqat markazida.

S‘ezd davomida yangi markaziy qo‘mita saylanadi. Markaziy qo‘mita so‘ngra eng yuqori darajali idora hisoblanmish Politbyuroning doimiy qo‘mitasi a‘zolarini tayinlaydi.

Jarayon yopiq eshiklar ortida o‘tadi, lekin aslida yuqori darajali rasmiylar kim bo‘lishi bo‘yicha avvaldan qaror qabul qilingan.

Hozirda Doimiy qo‘mitaning to‘qqizta a‘zosi bor, ulardan yetti nafari, xususan Prezident Hu Jintao va Bosh Vazir Ven Tszyabao lavozimni topshirishlari kutiladi.

Qo‘mitada qolayotgan ikki a‘zo Si Tszinpin Kommunistik partiya rahbari, Li Kesiyang esa uning muovini etib tayinlanadi. Janob Si 2013 yil martida, shuningdek, Xitoy prezidenti lavozimini qabul qilib olishi kutiladi.

Tahlilchilarga ko‘ra, Xitoyda siyosiy islohotlarning yo‘qligi ko‘plarning e‘tiborini tortgan. Kommunistik partiya avvalgidek barcha lavozimlarni nazorat qiladi va har qanday tanqidni bostiradi.

Partiya mudofaadan ko‘ra, o‘zining ichki xavfsizligi uchun ko‘proq pul sarflaydi.

Si Tszinpin hukumat tepasiga kelgach, ba‘zi tahlilchilarga ko‘ra, boshqaruv stili o‘zgarsa kerak. U nisbatan yosh va G‘arbni yaxshi biladi.

Shu kunlarda Xitoy blogosferasida Janob Si go‘yoki taniqli islohotchilar bilan uchrashgani xabar qilingan, lekin buni tasdiqlovchi biror rasmiy xabar yo‘q.

Ayni damda Xitoydagi siyosiy tizim o‘zgarmoqda. O‘tmishda Mao Tszedun yoki Den Syaopin kabi dohiylar butun mamlakatga o‘z so‘zlarini o‘tkaza olgan bo‘lsa, bugunda Xitoyni kollektiv rahbariyat boshqaradi, va yangi lider mana shu kollektiv rahbariyat tarkibidagi turli fraktsiyalar o‘rtasida ustalik bilan amal qilishiga to‘g‘ri keladi.

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.

Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing.

Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.

BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.