BBC navigation

Rossiyada yana bir o‘zbekistonlik qochqin g‘oyib bo‘ldi

Сўнгги янгиланиш 8 ноябр 2012 - 16:16 GMT

Rossiyalik huquqbonlarning ma‘lum qilishlaricha, Nijniy Novgorod shahrida hibsda ushlab turilgan Azamatjon Ermakov g‘oyib bo‘lgan. Asli Andijonlik Ermakovning himoyachilari, uning O‘zbekiston tomoniga berib yuborilgani yoda o‘g‘irlab ketilgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilmoqdalar.

Shu yil 2 noyabr kuni Azamatjon Ermakovning ishini mahkamada 2009 yildan beri taqdim etib kelgan himoyachisi Nijniy Novgorod hibsxonasida u bilan uchrashuvga borgan. Lekin o‘sha kuni hibsxona xodimlari dam olish kuni ekanligi bahonasi bilan uchrashuvga ruxsat bermaydilar.

Kelgusi kuni esa himoyachiga Ermakov 2 noyabr kuni ozod etilgani ma‘lum qilingan. O‘sha kundan beri Ermakov na o‘z yaqinlari va na himoyachilari bilan aloqaga chiqqan.

Himoyachilarning aytishlaricha, ozodlikka chiqarilishidan bir haftacha avval Ermakov ozodlikka chiqarilishi bilan o‘g‘irlab ketilishi mumkinligidan xavotirda ekanligini aytgan.

Himoyachilarga ko‘ra, O‘zbekistonga chiqarib yuborilishi xavfidan qo‘rqib Azamatjon Ermakovning o‘zi yashiringan bo‘lishi mumkinligi ehtimoldan uzoq.

Hozirda Azamatjon Ermakovning himoyachilari uning g‘oyib bo‘lishi hodisasini tekshirish va unga qarshi jinoiy amal sodir etilganligi aniqlansa buning yuzasidan jinoiy ish ochishni so‘rab Nijniy Novgorod mahalliy militsiya bo‘limi va shahar prokuraturasiga ariza bilan murojaat qilishgan.

Rossiya Ichki Ishlar Vazirligi va Bosh Prokuraturasiga uning qayerda ekanligini aniqlash uchun zudlik bilan choralar ko‘rish talabi ham jo‘natilgan.

Bundan tashqari Federal Xavfsizlik Xizmatidan Ermakovning Rossiya chegarasini kesib o‘tganmi yo‘qligi, agarda kesib o‘tgan bo‘lsa qachon va qay holatda kesib o‘tganligi haqida ma‘lumot berish ham so‘ralgan.

Azamatjon Ermakov dastlab 2009 yil noyabr oyida O‘zbekiston hukumatining talabi bilan Rossiyada hibsga olingan. O‘zbekiston rasmiylari uning diniy-siyosiy ayblovlar asosida qidiruvda ekanligini aytganlar.

Keyinchalik Rossiya Bosh Prokuraturasi Ermakovni O‘zbekistonga chiqarib yuborish haqida hukm chiqargan.

Lekin Ovro‘po Ittifoqining Inson Huquqlari bo‘yicha mahkamasi O‘zbekistonning qiynoqlar keng qo‘llanishi aytilgan mamlakat ekanligini nazarda tutib va unga nisbatan ekstraditsiya hukmining chiqarilishi jarayonida protsessual qonun-qoidalar buzilganligi asosida uning chiqarib yuborilishini to‘xtatib qolgan. Shundan so‘ng Ermakov 2011 yil may oyida ozodlikka chiqarilgan.

Ammo bundan ikki oy ham o‘tmay go‘yoki yonida granta olib yurganligi aybi bilan yana hisbga olinadi. Ermakovning aytishicha, grantani uni yoninga pinhona solib qo‘yganlar.

Azamatjon Ermakovni Ovro‘po mahkamasida ishini taqdim qilayotgan himoyachi Nadejda Yermolayevaning aytishicha, oxirgi 1.5-2 yil mobaynida qochqinlarni o‘g‘irlab ketish hollari ko‘paydi.

Himoyachiga ko‘ra, avvallari ham Ovro‘po Mahkamasi tomonidan chiqarib yuborish mumkin emasligi aytilgan hollarda ham qochqinlarni o‘g‘irlab ketish yoda majburan berib yuborish hollari bo‘lgan. Ovro‘po mahkamasi Rossiya tomonini jarimaga tortish, tovon to‘lash va hattoki qochqinni qaytarish kerakligi haqida hukm chiqargan vaqtlari bo‘lgan.

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.

Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing.

Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.

BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.