BBC navigation

"Abadiy" prezident uchun abadiylik eliksiri

Сўнгги янгиланиш 9 ноябр 2012 - 14:14 GMT

Qozog‘istonlik olimlarning yaqinda ma‘lum qilishlaricha, odamning umrini uzaytirishi va salomatligini yaxshilashi mumkin bo‘lgan ichimlikni o‘ylab topishgan

Qozog‘istonlik olimlarning yaqinda ma‘lum qilishlaricha, odamning umrini uzaytirishi va salomatligini yaxshilashi mumkin bo‘lgan ichimlikni o‘ylab topishgan.

Prezident Nursulton Nazarboyev esa, bundan bir necha yil burun o‘z olimlarini yoshlik eliksiri ixtiro etishga da‘vat qilgandi.

Shu boismi, yangi xabar o‘rtaga chiqishi bilanoq, G‘arb nashrlari uni janob Nazarboyevning ana shu murojaati bilan bog‘lashgan.

Jumladan, Britaniya gazetalari xalqaro ilmiy anjumanda taqdim etilgan yoshlik eliksirining bor-yo‘g‘i yogurtsimon ichimlik ekanidan hayratga tushishgan.

Ammo, shunga qaramay, xuddi shu nashrlarda o‘z fikrlarini izhor etgan mutaxassislar qozoq olimlarining ixtirolaridan semizlik va qand xastaligiga qarshi kurashishda foydalanilishi mumkinligini aytishgan.

Qozog‘istonda odamlar o‘rtacha 70 yil umr kechirishadi. Ammo yoshi yetmishdan oshganlarining salomatliklari bir ahvolda...

Nafaqaxo‘rlar ham tez-tez "Qariganning qadri yo‘q", deb nolib yurishadi.

Biroq, qozog‘istonlik olimlarning ta‘kidlashlaricha, o‘zlari yaratgan ichimlik nafaqat odamning umrini uzaytirishi, balki ularning salomatliklarini ham yaxshilashi mumkin.

"Abadiy prezident"

Qozog‘istonni chorak asrdan buyon boshqarib kelayotgan Nursulton Nazarboyev sog‘lig‘i imkon berguncha va xalqi ishonchini yo‘qotmaguncha, prezidentlik qilish istagida ekanini izhor etgandi.

Mamlakat konstitutsiyasiga kiritilgan so‘nggi tuzatishlar esa, janob Nazarboyevga o‘zi istagan martagacha prezidentlik saylovlariga o‘z nomzodini ilgari surishga imkon beradi.

72 yoshli prezident odamni yashartiruvchi nimadir ixtiro qilish zarurati haqida ilk bor bundan uch yil burun gapirgandi. Ammo orada ushbu mavzuga bir necha marta qaytgandi ham...

Qozog‘istondagi aksariyat, ayniqsa, muxolifat vakillari ostonalik olimlarning bayonotlariga shubha bilan qarashmoqda.

"Bu – qanaqadir bir reklama va o‘zni ko‘z-ko‘z qilishga o‘xshaydi. Chunki Ostonadagi universitet yaqinda ochilgan. Uni tanitish kerak-ku! Eh-hey, butun dunyo yoshlik eliksirini topish bilan ovora ekan bir paytda, qozog‘istonlik olimlar birpasda uni ixtiro etib qo‘yishsa, qiziq", deydi muxolif siyosatchilardan Amirjon Kosanov.

Ammo siyosatchi, o‘z navbatida, yoshlik eliksiri yaratish yo‘lida izlanishlar olib borilayotgani ehtimolini ham rad etmaydi.

"Prezident yon-atrofidagilar uni yo‘qotishni istashmaydi. Shuning uchun ham uning umrini uzaytirish yo‘llari ustida bosh qotirishmoqda. Chunki amaldorlar bugungi hayotlaridan mamnun. Siyosiy voris masalasi ham hali kun tartibiga chiqqani yo‘q. Prezident tirik ekan, uning o‘rnini boshqa hech kim egallay olmaydi", deydi Amirjon Kosanov.

"Yoshlik eliksiri" faqat elita uchunmi?

Nursulton Nazarboyev nomli universitet qoshidagi Hayot fanlari markazi ushbu loyiha ustida qariyb ikki yil ish olib borishgan va o‘z izlanishlari ortidan yogurtsimon "Nar", degan ichimlikni yaratishgan.

Olimlarga ko‘ra, o‘zlari ixtiro qilgan ichimlik mikroelementlar va oziq-ovqat moddalarining hazm bo‘lishini osonlashtiradi.

"Biz "simbiotik biomahsulot" yaratdik. U insonlarning umrlarini uzaytirish barobarida salomatliklarini ham yaxshilaydi", deydi BBC bilan suhbatida markaz rahbari Jaksiboy Jumadilov.

Unga ko‘ra, biomahsulot o‘z holicha uzoq umr ko‘rishning davosi bo‘lolmaydi, ammo qator omillardan bittasi bo‘lishi mumkin.

Jaksiboy Jumadilovning aytishicha, narxi qimmat bo‘lmasligi bois, "Nar" hammaga imkonli bo‘ladi.

Markaz rahbari, o‘z o‘rnida, yoshlik eliksirini yaratish uchun bir necha million dollar sarflanganiga oid turli G‘arb nashrlarida paydo bo‘lgan xabarlarni ham rad etgan.

"Bu – biz ustida ish olib borayotgan loyihalar orasidan eng arzoni edi", deb aytgan markaz rahbari.

Uning so‘zlaridan ayon bo‘lishicha, laboratoriya sharoitida sinab ko‘rilgan va hozir klinik tajribalar ham olib borilayotganiga qaramay, "yoshlik eliksiri" faqat kelasi yilgina sotuvga chiqishi mumkin.

---------------------------------------------------------------------------------------------

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.
Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing. Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.

BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.