BBC navigation

MTS O‘zbekistonga yana qaytadimi?

Сўнгги янгиланиш 9 ноябр 2012 - 15:51 GMT

MTS bilan bog‘liq mojarolar iyul oyidan buyon davom etadi.

8 noyabr kuni Toshkent shahar jinoyat ishlari mahkamasi appelyatsiya kengashi MTSning sho‘‘ba korxonasi "Uzdunrobita" borasidagi shikoyatini qisman qondirgan.

Toshkentdagi mahkama O‘zbekiston uchun kutilmagan, MTS shirkatiga qarashli hissalarni davlat foydasiga o‘tkazish qarorini bekor qilgan.

Buning evaziga MTSdan davlatga sakkiz oy mobaynida 600 million dollar mablag‘ to‘lash talab etiladi.

Biroq "Uzdunrobita"ning to‘rt xodimiga nisbatan chiqarilgan shartli qamoq jazosi o‘z kuchida qoldirilgan.

"Appelyatsiya hay‘ati bizning shikoyatimizni qaytadan ko‘rib, shirkatning talablariga qisman e‘tibor berilganidan qoniqdik. Ushbu o‘zgarishlar vaziyatni o‘zaro kelishuv yo‘li bilan yaxshi tomonga o‘zgartirish va masalani ko‘rib chiqish imkonini beradi", - deb aytgan MTSning rasmiy vakili Andrey Dubovskov.

Appelyatsiya hay‘atining qarori 2012 yil 8 noyabrda kuchga kirgani tasdiqlanadi.

O‘zbekistondagi va Rossiyaning bir nechta internet nashrlari bu haqda xabar tarqatishgandi.

Bu borada mahkama appelyatsiya kengashi oldidan va keyin MTS vakillari bilan bog‘langanimizda, hozir bu borada kengroq izoh berolmasliklarini aytishdi.

"Biz mahkama bizning talablarimizni qisman qondirganidan mamnunmiz. Va ushbu qadamni biz ijobiy qadam sifatida baholaymiz. Biz buni o‘rtada kelib chiqqan kelishmovchilikni o‘zaro konstiruktiv yo‘lda hal qilish tomon qo‘yilgan qadam, deya baholaymiz. Biz Toshkentdagi mahkamaning kechagi appelyatsiya qarorining matnini kutayapmiz. Bu matn bilan yaqindan tanishib chiqqanimizdan keyin biz maslahatlashamiz", - deydi BBC bilan qisqa suhbatda Moskvadagi MTS vakili Yelena Koxonovskaya.

"Toshkentdagi mahkama MTC O‘zbekiston byudjetiga 600 million dollar to‘lashi kerak, degan qaror qabul qilgan? Bunga shirkatning munosabati qanday?" degan savolimizga Koxonovskaya xonim hozir izoh berolmasligini, hujjatlar yetib kelgach, vaziyatni o‘nglash bo‘yicha keyingi yuridik qadamlar ko‘rib chiqilishini bildirdi.

Mahkama qarori o‘zgarishi nimani anglatadi?

Appelyatsiya yig‘ilishi haqida dastlab xabar bergan "Uzmetronom" saytining rahbari Sergey Yejkovga ko‘ra, MTS ning shikoyati qisman qondirilgani ham mahkamaga taluqli barcha jarayonlar tugagach, shirkatning O‘zbekistondagi faoliyati yana tiklanishi mumkinligi haqida ba‘zi taxminlarni uyg‘otadi.

"O‘ylaymanki, kechagi mahkama qarori O‘zbek tomoni bilan MTS shirkati vakillari o‘rtasida oxirgi oylarda kechgan uzoq muzokaralarning natijasidir. Har qanday xo‘jalik mojarosida butkul toza yoki butkul notoza tomonlar bo‘lmaydi. Har qanday ishda xato-kamchiliklar bo‘ladi, nimalardir qonunga to‘g‘hri kelmagan bo‘ladi. Boshqa har qanday mamlakatdagi faoliyatda bo‘lgani singari O‘zbekistondagi biznesda ham bunday holatlarni istisno qilib bo‘lmaydi. O‘ylaymanki, muzokaralar kechgan bu oylar o‘zaro bir-birini tushunish, yarashuvga kelish ma‘nosida samara keltirdi. Buning eng ahamiyatlisi - O‘zbekistonda yana bir mobil aloqa operatori kerak, degan fikrning anglab yetilgani. Aks holda qolganlari bunday aloqaga respublikada bo‘lgan ehtiyojni qondira olmayotganlari tushunib yetilgan", - deydi janob Yejkov.

Rossiyaning bir qancha internet nashrlari, jumladan CNews portali Gulnora Karimovaning Moskvadagi kvartirasining hibsga olinishi O‘zbekiston hukumati va MTS o‘rtasidagi mojarolarga bog‘liq bo‘lishi mumkinligi to‘g‘risida yozishgandi. Biroq keyinchalik bu ma‘lumotlar tasdiqlanmadi. MTS vakillari ham buni rad etishgan.

Toshkentdagi mahkama qarori Moskvadagi kvartira mojarosi haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi, degan Rossiya matbuoti xabar tarqatgan paytga to‘g‘ri kelayapti. Sizningcha, bu tomonlarning parda ortida olib borgan o‘zaro muzokaralarining bir kelishuvga kelishi bo‘lishi mumkinmi, so‘raymiz Sergey Yejkovdan.

- Yo‘q. Boshidan Gulnora Karimovaning Moskvadagi kvartirasiga hibs qo‘yilgan, degan axborot haqiqatga to‘g‘rli kelmagan. Agar siz bu mojaroni yaqindan kuzatib borayotgan bo‘lsangiz, na Teliasonera bilan, na MTS bilan yuzaga chiqqan mojarolarda hech joyda Gulnora Karimovaning nomi keltirilgani yo‘q. Shuning uchun MTS bilan mojaro tufayli Gulnora Karimovaning Moskvadagi uyi hibs qilinadi, deb o‘ylash bema‘nilik bo‘ladi. Hamma joyda Uzdunrobita nomi keltirilgan. Uzdunrobitaga esa uning aloqasi yo‘q. Shuning uchun o‘ylaymanki, Rossiya tomoni boshida dezinformatsiya tarqatgan va hozirga kelib, buning haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini tan olish vaqti yetgan, - deb aytadi "Uzmetronom" sayti rahbari.

MTS bilan kelib chiqqan mojaro O‘zbekistonning xalqaro imidjiga qanchalar salbiy ta‘sir ko‘rsatdi? O‘zbekistonda deyarli uchramaydigan mahkama qarorini o‘zgartirishga nimalar majbur qilganligi borasida turli fikrlar aytilmoqda.

Sergey Yejkovning fikricha, "Har qanday mamlakatda ham hatto o‘sha mamlakat tomon haq bo‘lib turganidagi mojaro ham bu mamlakatning imidjini yaxshilashga xizmat qilmasligi ayon. Lekin xursand qiladigani, O‘zbekistonda vaziyatni real baholashdi. Va ular o‘zaro tushunishga, yon berishga tayyor ekanlarini namoyish etishdi".

MTS mojarosi

2012 yil 17 sentyabr kuni Toshkent shahar mahkamasi "Uzdunrobita"ning to‘rt xodimini uch yillik shartli jazoga hukm qilib, shirkatga tegishli mulkni davlat foydasiga musodara qilish haqida qaror qabul qilgan edi.

O‘zbekiston Oliy xo‘jalik mahkamasida ham shirkat litsenziyasi bo‘yicha kassatsiya tartibida taqdim qilgan shikoyatni ko‘rib chiqishi kutilmoqda. Bundan oldin 30 oktyabrda belgilangan mahkama ishi nega orqaga surilgani noma‘lum.

O‘zbekiston mobil aloqa bozorida eng yirik shirkat bo‘lgan MTS litsenziyasi yo‘l qo‘yilgan noqonuniy harakatlari tufayli deya, shu yil iyul oyida dastlab 10 kunga, keyinchalik 3 oyga to‘xtatilgandi.

So‘ngra, avgust oyining boshida MTSning O‘zbekistonda ish yuritish uchun berilgan litsenziyasi butunlay bekor qilingan, iqtisodiy jinoyatlarda ayblangan to‘rt xodimi ishi mahkamaga oshirilgan.

Ushbu mojarolar boshlangandan beri Rossiyaning MTS shirkati jinoiy ish ataylab o‘ylab chiqarilganini va bundan ko‘zlangan maqsad O‘zbekistondagi biznesni tortib olish, deb aytib keladi.

----------------------------------------------------------------------------------------------

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.

Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing.

Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.

BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.