BBC navigation

Bahrom Hamroyev Rossiyadagi "ekstremistlar", O‘zbekiston elchixonasi va muhojirlar haqida

Сўнгги янгиланиш 9 ноябр 2012 - 17:34 GMT

Bahrom Hamroyev Rossiyada Markaziy Osiyolik mehnat muhojirlari huquqlarini himoya qilib keladi

Markaziy Osiyo Siyosiy Qochqinlar jamiyatining prezidenti Bahrom Hamroyev bbcuzbek.com o‘quvchilari va tinglovchilarimizning savollariga javob berdi.

Janob Hamroyev 20 yildan buyon Rossiyada Markaziy Osiyolik mehnat muhojirlari, siyosiy va diniy qochqinlar huquqlarini himoya qilib keladi.

Bahrom Hamroyev 1963 yil 12 oktyabrida Buxoro viloyati G‘ijduvon shahrida tug‘ilgan.

1991-yilda Buxoro Texnologiya Institutini tamomlagan.

Uylangan, bir qizi bor.

Siyosiy va huquqbonlik faoliyatini talabalik yillaridan boshlagan. Birlik Xalq Harakatining Markaziy Kengashi a‘zosi bo‘lgan.

Bahrom Hamroyev O‘zbekistonda ta‘qib va tazyiqlar ostida qolgach, 1992 yilda O‘zbekistonni tark etganini aytadi.

Rossiyada ekan O‘zbekiston huquq-tartibot organlarining so‘rovi bilan bir necha bor qamoqqa olingan.

Inson huquqlari faollari janob Hamroyevni Rossiyadagi ilk o‘zbekistonlik vijdon tutquni hisoblashadi.

2005 yil Andijonda yuz bergan qonli voqealardan keyin Markaziy Osiyo Siyosiy Kochkinlar jamiyatini tuzgan.

Kasbiy faoliyati, asosan, Markaziy Osiyodan bo‘lgan mehnat muhojirlari, siyosiy va diniy qochqinlar huquqlarini himoya qilishga qaratilgan.

BBC mehmoni savollaringizga ham internet va ham radio orqali javob beradi.

Suhbatning radio versiyasini shanba kungi "Daraklar" dasturida tinglay olasiz.

Samo: Bahrom aka, sizning nomingizni internet matbuoti orqali ko‘p eshitganman. Hozirgacha bu ishlaringiz orqali ko‘pchilik musofir hamyurtlarimizga yordamingiz tekkani juda ham quvonarli. Sizning tajribangizga asoslangan holda, o‘zbeklarning chet elda uyushmaslik sabablari nimada? Boshqa millatlarda jamiyat tushunchasi yaxshiroq shakllangan deb o‘ylayman.

Bahrom Hamroyev: Endi buning uzoq bir tarixi bor. Achinarli tarix. Bu ham O‘zbekiston hukumatining O‘zbekiston hududida olib borayotgan siyosati. Diktatura ta‘sirini xalqning turmush tarziga qanchalar og‘ir botib ketganini men o‘zim ko‘raman. Har hafta judayam ko‘p insonlar bilan gaplashaman. Ularning qo‘rquv ostida yashayotganini yaqqol ko‘rib turaman. Shu qo‘rquv o‘zbek xalqining birlashishiga judayam katta to‘siq bo‘layapti. Lekin, behisob shukr, hozirgi kunda O‘zbekiston xalqi, O‘zbekiston yoshlari Rossiyaga kelib, ancha yurib… Eskitdan ota-bobolarimizdan qolgan bir mehribonlik bor edi. Bu mehribonlik yana uyg‘onib kelayapti. Yana qaytayapti.

2-savol: Nima uchun O‘zbekiston Xalq Harakati Rossiyadagi 2-3 millionlik hamyurtlarimiz orasida yaxshi ish olib borolmaydi? Rossiya hukumati yo‘l qo‘ymaydimi?

Bahrom Hamroyev: Samo, haqiqatan, juda to‘g‘ri qo‘ygansiz savolni. O‘zbekiston Xalq Harakati, Birlik Xalq Harakati… O‘zbekistondan tashqarida qanchadan-qancha ijtimoiy-siyosiy tashkilotlar bor. Bu yerda o‘zbeklar orasida birlashish istagi bor. Menimcha, bu yerda ish ketayapti. Muxolifat kayfiyatida bo‘lgan odamlarga Rossiya hukumati ko‘proq yo‘l bermayotgani bor narsa edi. Hozirgi kunda biz ularni birlashtirayapmiz. O‘zbekistonning olib borayotgan qatag‘on va diktatura siyosatiga qarshi siyosiy harakatlar, baribir, bu yerdan boshlanadi. Iloj yo‘q, biz birlashamiz. Barcha harakatlar vakillari bilan shaxsan men tuzgan Markaziy Osiyo siyosiy qochqinlari jamiyatining tuzilishi… Hatto Turkmanistondan siyosiy qochqinlar biz bilan birga ishlashayapti. Bu yerda muammo endi yo‘q. O‘zbekistonda kattaroq siyosiy harakat tuziladigan bo‘lsa, biz uni hamisha qo‘llab-quvvatlaymiz. Ya‘ni, O‘zbekiston ozodligi, o‘zbek xalqining ozodligi uchun biz hammamiz birlashishga tayyormiz va bunday kayfiyatdagi odamlar bilan biz doimo ish olib boramiz.

Dilshod Orifjonov, London: Assalomu alaykum! Nima uchun oxirgi yillarda Rossiyada rus bo‘lmaganlarga nafrat bilan qarash kuchaydi?

Bahrom Hamroyev: Rossiya kommunistik ideologiyaning bir markazi edi. Berilgan kommunistik g‘oya asosida bu xalq tirikchilik qilardi, muammolarini yechardi. “Xalqlar do‘stligi” kontseptsiyasidan kelib chiqib, rus xalqi boshqalar bilan munosabat qilardi. Xalqlar do‘stligi tushunchasi Rossiyada batamom yo‘qoldi. Rossiya na demokratik va na ideologik davlat. Xalq hamma vaqt g‘oya va fikrga muhtoj bo‘ladi. Rossiya hukumatining esa biron bir ideologiyasi yo‘q. G‘oya – Rossiya tabiiy boyligini sotish va xalqqa qandaydir bir komfort yaratish emas. Xalqqa fikriy ozuqa berish bo‘lmayapti. Shuning uchun o‘sha millatchilik, fashistik g‘oyalarni bu xalq palapartish qabul qilib oldi. Xullas, bizga, ya‘ni rus bo‘lmaganlarga qarshi kurashish g‘oyasizlikdan bo‘layapti. Xalqni birlashtirib turadigan o‘sha g‘oya bo‘lmaganidan keyin – xoh u Rossiya bo‘lsin, xoh boshqa davlat – bunday muammoga duch kelishi mumkin.

Zohidjon: Shu hafta Rossiyada o‘nlab musulmonlar hibga olindi. Ular go‘yoki ekstremist tashkilotlarga a‘zo ekanlar. Bu musulmonlarni himoya qilayapsizmi? Ularga qanday ayblovlar qo‘yilayapti?

Bahrom Hamroyev: Hozir men Federal Migratsiya Xizmati idorasidan chiqib kelayapman. Qamalganlar asosan o‘zbeklar, tojiklar, dog‘istonliklar, ingushlar va chechenlar. Hammasiga bir ayblov qo‘yilgan – ekstremizm. Ikki kundan buyon shu muammo bilan mashg‘ulman. Hozirgacha 10-13 odamni ozod qildim, desam xato qilmagan bo‘laman. Hozir holat Rossiyada o‘zgardi. Endi “sen o‘zbeksan, sen tojiksan”, deyish foydasiz bo‘lib qoldi. Rossiya xalqini aldash uchun Rossiya hukumati boshqa bir o‘yinni o‘ylab topdi – "ekstremistlar". Bunga hamma kiraveradi. Kim musulmon bo‘lsa, aroq ichmasa, fohishalik qilmasa, o‘g‘irlik qilmasa, to‘g‘ri yursa, Rossiyada ekstremist hisoblanadi.

Samir, Rossiya: Bahrom aka, iltimos loqaydlik, beparvolik singari salbiy odatlarni bartaraf qilishga e‘tibor qaratsangiz,chunki Rossiyadagi qochqin o‘zbek,tojiklar sizday odamlarga muhtoj.

Bahrom Hamroyev: Agar (loqaydlik, beparvolik) bo‘lmaganida, o‘zbek-tojiklar allaqachon birlashib, Rossiyani har tomonlama yaxshilikka o‘zgartira olardi. Shunday bir imkon haliyam bor o‘zbek va tojik xalqida. Bu xalqlar buni tushunib yetsalar bormi?! Bizda televideniye va radio orqali chiqib, buni tushuntirish imkoni yo‘q. Lekin, shunday ish yuritayapmizki, baribir, ularning birligini paydo qilayapmiz. Ikki xalqning birlashmasligidan Rossiyada judayam manfaatdor bo‘lgan kuchlar bor....

Nurboyev Sardor, Farg‘ona: Bahrom aka, ushbu jamiyat (Markaziy Osiyo siyosiy qochqinlari jamiyati) qayerda joylashgan va sizlarga murojaat qilish uchun internetda ham aloqa yo‘lga qo‘yilganmi?

Bahrom Hamroyev: Endi internetda bizning o‘z sahifamiz yo‘q, lekin Moskvadagi “Memorial” tashkilotiga qarashli binoning ikki xonasi bizga qarashli. Bemalol biz bilan aloqa qilib, agar Rossiyada bo‘lsangiz biz bilan uchrashishingiz mumkin. Albatta men O‘zbekiston va Tojikistondan bo‘lgan shaxslar tuzgan guruhlar rahbarlari bilan uchrashib, gaplashib turaman. Rossiyada 8 million O‘zbekiston fuqarosi bor, ularning hammasi bilan gaplasha olmayman, lekin hech kim bilan, iloji boricha, aloqalarimni uzganim yo‘q.

2-savol: Rossiyadagi muhojirlar qanday holatlarda sizga murojaat qilishadi?

Bahrom Hamroyev: Maoshlarni ololmaslik yoki ishga kira olmaslik… Ya‘ni muhojirlar huquqlari. Shu ikki mavzu juda aktuallashib ketgan. Ammo oxirgi paytlarda bu ancha pasaydi. Chunki, biz ish beruvchilarga judayam ko‘p murojaatlar bilan chiqdik. Korxonalar rahbarlariga imkoni borcha elektron maktublar yozib turamiz va fuqarolarimiz huquqlarining kamsitilishiga yo‘l qo‘ymaslikka harakat qilamiz.

Abdulhakim, Toshkent: Assalomu alaykum Bahrom aka! Rossiyada O‘rta Osiyo davlatlaridan qaysi elchixona o‘z fuqarolariga ko‘proq g‘amxo‘rlik qiladi?

Bahrom Hamroyev: Men asosan O‘zbekiston elchixonasini bilaman. Ular o‘zbekni qancha ko‘rmasa, shuncha xursand bo‘lishadi. O‘zbek xalqi muammosi bilan hech biri shug‘ullanmagan, shug‘ullanmaydiyam. Men ko‘rmaganman, eshitmaganmanam. Hatto, odamlar O‘zbekiston elchixonasidan oddiy hujjatlarni ololmasdan bizga murojaat qilib kelishadi.

----------------------------------------------------------------------------------------------

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.
Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing. Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.

BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.