BBC navigation

AQSh sobiq prezidentini o‘ldirmoqchi bo‘lgan saudiyalik talabaga bir umrlik qamoq jazosi

Сўнгги янгиланиш 14 ноябр 2012 - 11:48 GMT

AQSh sobiq prezidenti Jorj Bushning Texasdagi uyi va boshqa joylarga hujum qilishni rejalashtirgan saudiyalik talaba bir umrlik qamoq jazosiga hukm etilgan

AQSh sobiq prezidenti Jorj Bushning Texasdagi uyi va boshqa joylarga hujum qilishni rejalashtirgan saudiyalik talaba bir umrlik qamoq jazosiga hukm etilgan.

Hakam ommaviy qirg‘in qurolini ishlatishga uringani uchun hibsga olingan Holid Aldavsariyning rejasi jiddiy bo‘lganiga shubha qilmasligini aytgan.

2011-yil fevralida Federal Qidiruv Byurosi 22 yoshli Xolid Aldavsariyning Texas shtati Lubbok shahridagi uyidan bomba yasovchi moddalarni topgandi.

Saudiyalik talaba hadafga olmoqchi bo‘lgan ro‘yxatda atom stantsiyalari va suv to‘g‘onlari ham bo‘lgan.

Texas shtati Amarillo mahkamasida hukmni o‘qir ekan hakam Donar Uolter: "Asl maqsad, amerikaliklarni o‘ldirish bo‘lgan. Siz bu ishni qilgan bo‘lardingiz," - deb aytgan.

"Jihod zamoni"

Federal Qidiruv Byurosi Aldavsariy iziga talaba kimyoviy shirkatdan birdaniga 435 dollarlik zaharli kimyoviy moddani sotib olishi ortidan tushgan.

Tergovchilarga ko‘ra, Xolid Aldavsariy portlovchi moddalar tayyorlashda ishlatiladigan fenolni sotib olarkan, sotuvchi shirkatga undan “shaxsiy tadqiqotlari” uchun foydalanmoqchi ekanini aytgan.

Saudiyalik talaba javobidan shubhaga tushgan kimyoviy shirkat bu haqda Federal Qidiruv Byurosiga xabar beradi.

Aldavsariy keyinchalik kimyoviy moddani sotib olmaslikka qaror qiladi, deydi Adliya vazirligi.

Ammo, prokurorlarga ko‘ra, Xolid Aldavsariy asta-asta 30 litr azot kislotasi va 15 litrga yaqin sulfat kislotasini sotib olishga muvaffaq bo‘ladi.

Xolid Aldavsariy qamoqqa olinishidan oldin federal agentlar yashirincha uning uyini tintib ko‘rishgan.

Tintuv chog‘ida portlovchi kimyoviy moddalar, simlar, zaharli moddalardan himoya qiluvchi korjoma, soatlar va kimyoviy portlovchi moddani qanday tayyorlash mumkinligini namoyish etgan videolar topiladi.

Federal Qidiruv Byurosi, shuningdek, Aldavsariy o‘z hadaflari, jumladan janob Bushning Dallasdagi uyi haqida izlanishlar olib borganini aniqlagan.

Talaba o‘z kundaligida Jorj Bush uyini "Zolimning uyi", deya qayd etadi.

Xolid Aldavsariy o‘z kundaligiga shunday so‘zlarni bitgan: "Ingliz tilini o‘zlashtirdim, portlovchi moddalarni qanday tayyorlashni o‘rgandim, amerikalik kofilarning hadafga olish rejasini ham ishlab chiqdim. Jihod zamoni yetib keldi".

Aldavsariy seshanba kuni bo‘lib o‘tgan mahkama paytida kechirim so‘ragan.

"Yomon hatti-harakatim uchun kechirim so‘rayman, ammo bu amallarim bilan men Amerikaga ziyon-zarar yetkazganim yo‘q", – deb aytgan saudiyalik talaba.

Xolid Aldavsariy Qo‘shma Shtatlarga 2008 yilda qonunan kelgan, dastlab Texas Texnologiya Kollejida kimyoviy muhandislikka o‘qigan, ammo keyinchalik biznes sohasida ta‘lim olishni afzal bilib, o‘qish joyini o‘zgartirgan edi.

Saudiyadagi sanoat shirkati uning o‘qish va yashash xarajatlarini qoplab kelgan.

-----------------------------------------------------------------------------------------------

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.
Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing. Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.

BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.