BBC navigation

O‘zbekistonlik taniqli gimnastikachi jazolandi...

Сўнгги янгиланиш 15 ноябр 2012 - 14:45 GMT

Shveytsariyadan olingan so‘nggi xabarlarga ko‘ra, Luiza Galiulina yarim yilga xalqaro bellashuvlardan chetlatilgan. O‘zbekiston Gimnastika Federatsiyasiga 2.100 AQSh dollari to‘lab qo‘yishi buyurilgan.

Xalqaro Gimnastika Federatsiyasining kecha e‘lon qilgan qaroridan ma‘lum bo‘lishicha, bunga so‘nggi London Yozgi Olimpiada O‘yinlarida sport gimnastikachisining namunalaridan furosimid moddasi topilgani sabab bo‘lgan.

Peshobidan sportchilar uchun taqiqlangan furosimid moddasi qoldiqlari aniqlangach, Luiza Galiulina naq musobaqalari chog‘ida O‘zbekistonga qaytarib yuborilgandi.

Xalqaro Gimnastika Federatsiyasining so‘nggi qarori 20 yoshli Luiza Galiulinaning kelasi yil yanvar oyi yakuniga qadar xalqaro turnirlarda ishtirok etolmasligini anglatadi.

Ya‘ni qaror London Yozgi Olimpiada O‘yinlari start olgan shu yil iyul oyidan boshlab kuchga kirgan hisoblanadi.

O‘zbekiston Gimnastika Federatsiyasi esa, intizomiy mahkama tingloviga ketgan 2.000 Shveytsariya franki yoki 2.100 AQSh dollari miqdoridagi sarf-xarajatni qoplashi lozim bo‘ladi.

Luiza Galiulina va O‘zbekiston tomoni xalqaro tashkilot qarori yuzasidan kelasi 21 kun ichida shikoyat arizasi bilan chiqish huquqiga ega.

Gap nimada edi?

O‘zbekiston Olimpiya hay‘ati rahbari Jasur Akramov o‘shanda BBC O‘zbek Xizmatiga bergan suhbatida yuz bergan hodisadan hayratda ekanliklari va Luiza Galiulinaning furosimid qabul qilishi uchun hech bir asos bo‘lmaganini aytgandi.

"Furosimid peshob haydovchi dori hisoblanadi. Uni odatda ozish niyatida bo‘lgan sportchilar yoki odamlar qo‘llashadi. Shuning uchun ham, bu preparatni faqat vazni ortiqcha bo‘lgan odam ichishi mumkin. Luiza Galiulinaning o‘zi 40 kiloga ham bormaydigan vazni bor. Uning furasimid ichishining hech qanaqa sababi yo‘q edi-da", degandi janob Akramov.

Luiza Galiulina London Yozgi Olimpiada O‘yinlarida O‘zbekistonni namoyon etayotgan yagona sport gimnastikachisi edi.

Luiza xalqaro miqyosda o‘tkazilgan qator saralash musobaqalari ortidan O‘yinlarda ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritgandi.

Saralash bosqich bellashuvlarining so‘nggi esa, ikki oycha burun Britaniya poytaxti Londonda bo‘lib o‘tgandi.

Luiza Galiulina 2005 yilda Qatarda bo‘lib o‘tgan Osiyo chempionati, 2010 yilgi Xitoy Osiyo O‘yinlarining bronza medali sovrindori sanaladi.

Sport gimnastikasi bo‘yicha o‘tgan yil Belgiyada bo‘lib o‘tgan Jahon kubogi musobaqalarida ham sovrinli uchinchi o‘rinni olishga muvaffaq bo‘lgan.

Murabbiylari Luiza Galiulina London Yozgi Olimpiada O‘yinlarida ham yaxshi natija ko‘rsatishiga umid qilishayotgandi.

O‘zbekistonlik sportchi 25 iyulda - musobaqalar boshlanishidan uch kun oldin doping sinovidan o‘tgandi.

Furosimid doping hisoblanmaydi. Xususan, qon bosimini pasaytirish va peshob kelishini yaxshilash uchun ishlatiladi.

Sport tibbiyotida badandagi ba‘zi taqiqlangan moddalarni yashirish uchun qo‘llanilgan hollari ham bo‘lgani bois, furosimid Umumjahon Dopingga qarshi kurash idorasi tomonidan taqiqlangan.

Yana bir hodisa

O‘tgan hafta Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi o‘zbekistonlik dongdor kurashchi Soslan Tigiyevni doping sinovidan o‘tolmagani bois, London Yozgi Olimpiada O‘yinlarida olgan medalidan mosuvo etgan va uni yarim yildan ikki yilgacha xalqaro musobaqalardan chetlatish masalasini FILA ixtiyoriga havola etgandi.

Soslan Tigiyev erkin kurash bo‘yicha 74 kg vazn toifasida shu yil iyul-avgust oylarida Buyuk Britaniya poytaxtida bo‘lib o‘tgan o‘yinlarning bronza medalini qo‘lga kiritgandi.

Ayon bo‘lishicha, Soslan Tigiyev bronza medalini qo‘lga kiritgan 10 avgust kuni undan olingan peshob namunasida sportchilar uchun taqiqlangan metilgeksanamin moddasi aniqlangan.

Metilgeksanamin 2009 yilda Jahon Dopingga qarshi kurash idorasi tomonidan man etilgan va "stimulyatorlar" ro‘yxatiga kiritilgan modda ekani aytiladi.

Xalqaro Olimpiya Qo‘mitasining bayonotida aytilishicha esa, FILAning qarori qanday bo‘lishidan qat‘inazar, Soslan Tigiyev Sport Arbitraj mahkamasiga murojaat etish huquqiga ega.

O‘zbekiston London Yozgi Olimpiada O‘yinlarini 1 ta oltin va uchta bronza medali bilan 47-o‘rinda yakunlagandi.

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.

Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing. Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.

BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.