BBC navigation

BBC mehmoni - siyosatshunos Zabixulla Saipov

Сўнгги янгиланиш 15 ноябр 2012 - 17:12 GMT

Zabixulla Saipov AQSh va O‘zbekiston tashqi siyosatida Islom omilini tadqiq etgan

BBCUzbek.com o‘quvchilarining savollariga o‘zbekistonlik siyosatshunos Zabixulla Saipov javob beradi.

Zabixulla Saipov - siyosiy fanlar nomzodi.

1972 yilda Toshkentda tug‘ilgan, Toshkent shahridagi ingliz tiliga ixtisoslashgan 102-maktabda o‘qigan.

O‘zbekiston Davlat Jahon tillari universitetining ingliz filologiyasi fakultetida tahsil olgan.

AQShning Nyu-York shahridagi Kolumbiya, Buyuk Britaniyaning Vestminster, Germaniyaning Bonn universitetlarida o‘z malakasini oshirgan.

Qator maqolalari O‘zbekiston va xorijda chop etilgan.

Ilmiy-tadqiqot va o‘quv-uslubiy faoliyatini Toshkent Islom universitetida boshlagan.

Hozirda Jahon iqtisodiyot va diplomatiya universiteti hamda Toshkentdagi Singapur menejmentni rivojlantirish institutlarida talabalarga saboq beradi.

Zabixulla Saipov "AQSh tashqi siyosatida Islom" mavzusida tadqiqot olib borgan.

O‘zbek-Amerika va Markaziy Osiyo-Xitoy munosabatlari, mintaqaviy mavzularga doir o‘nlab ilmiy nashrlar muallifidir.

"Tadqiqot qiziqishlarim diplomatiya va strategiya nazariyalaridan iborat. Barcha fikrlar o‘zimniki va faoliyat olib borayotgan ushbu o‘quv yurtlari yoki hukumat mavqe‘ini aslo aks ettirmaydi", - deydi siyosatshunos.

BBC: Samo deb ism qo‘ygan tinglovchimiz so‘rabdi: "Tadqiqotlaringiz mavzusi juda qiziqarli ekan. O‘zbek-amerika munosabatlarida aksariyat hollarda bir tomonlama siyosat yaqqol ko‘zga tashlanadi. Misol uchun, Amerika bilan biz yaqin bo‘lsak, Rossiya bilan uzoqlashamiz, yoki aksincha. Nima uchun balans saqlagan holda tashqi siyosatda sovuqqonlik ko‘rsatilmayapti, deb o‘ylaysiz?" Ikkinchi savol: "Xitoy bilan aloqalarimizda nimalardan o‘ta ehtiyot bo‘lishimiz kerak?"

Zabixulla Saipov: Ha, albatta, ehtimol soha mutaxassisi bo‘lmagan kuzatuvchilar nazarida O‘zbekiston tashqi siyosati o‘zgaruvchan va nobarqaror bo‘lib tuyulishi mumkin. Lekin diqqat bilan tahlil qiladigan bo‘lsak, ushbu nobarqarorlik zamirida o‘ziga xos ichki qonuniyat va mantiq ko‘zga tashlanadi. U ham bo‘lsa, O‘zbekistonning o‘z davlat suverenitetini nima bo‘lmasin va qanchalar qimmatga tushmasin, ko‘z qorachig‘idek asrashga bo‘lgan intilishidir. Shu bilan birga, u nafaqat O‘zbekistonning printsipial talabi, balki xalqaro sheriklarning hamkorlik jarayonida ma‘lum bo‘lib qolayotgan "kosa ostidagi nimkosa" strategiyalari ham sabab bo‘lmoqda.
Umuman olganda, xalqaro munosabatlarda yirik davlat va nisbatan katta bo‘lmagan, lekin yosh va mustaqil mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarni tadqiq etish alohida diqqatga sazovor masalalardan biridir. Masalan, GUUAM tashkiloti qisqartmasi aslida "zarg‘aldoq inqiloblar" ro‘y berishi kutilgan ketma-ketlikda joylashtirilgan ekan, ya‘ni Gruziya, Ukraina, O‘zbekiston, Ozarbayjon, Moldova voqealari.
YevrAzES tashkiloti ham Markaziy Osiyo davlatlari integratsiyasiga xizmat qilishi mumkin yagona tashkilot bo‘lmish Markaziy Osiyo hamkorlik tashkiloti faoliyatini yo‘q qilish hisobiga kengaytirilgani ma‘lum bo‘ldi. Bu kabi tashkilotlar "sovuq urush" davrida ham bo‘lgan, masalan, Bag‘dod pakti- SENTO, SEATO, ANZYuS kabi tashkilotlar orqali yirik davlatlar orasida mafkuraviy kurashlar bo‘lgan va ular turli mintaqada muhim davlatlardan o‘z manfaatlarida foydalanganlar.
Yuqoridagi misollardan ko‘rinib turibdiki, O‘zbekiston "katta siyosiy o‘yinlarda" piyoda vazifasini bajarishni istamayotganligini, turli tashqi bosim, xuruj, zug‘um va po‘pisalarga nisbatan sobitqadamlik bilan taslim bo‘lmayotganligini namoyish etadi. Shuningdek, ushbu voqealar Markaziy Osiyo mintaqasida siyosiy, harbiy, iqtisodiy, madaniy va mafkuraviy kurashlar o‘zining yuqori cho‘qqisiga chiqib borayotganidan dalolat beradi.
Markaziy Osiyoning deyarli barcha mamlakatlarida ro‘y bergan voqealar xavfsizlik masalasi naqadar qaltis ekani va mintaqa hali-hanuz notinchliklar bo‘hronidan qutula olmaganini ko‘rsatmoqda. Aksariyat ko‘pchilik barqarorlik tarafdori. Islom Karimov timsolida ushbu barqarorlik kafolatini ko‘rish mumkin.
Xitoy O‘zbekiston o‘zi munosib va loyiq deb bilgan ehtiromni mohirona ko‘rsata olmoqda. Xitoy va boshqa janubi-sharqiy Osiyo mamlakatlari bilan munosabatlarda, fikrimcha, eng asosiy chaqiriq, bu-til masalasi bo‘lib qoladi. Albatta, O‘zbekistonda kuchli xitoyshunos mutaxassislar bor. Shu bilan birga, ularning safini yanada kengaytirish galdagi muhim vazifalardan biri bo‘lib qoladi. Mahalliy tillarni yaxshi egallash mamlakat haqidagi tasavvurlarimizni kengaytiradi, tadqiq etish uchun yangi materiallarni taqdim etadi, voqealarni junbushga keltiruvchi ichki qonuniyatlarni teranroq anglashga yordam beradi. Bunday vaziyatda o‘zbek diplomatiyasidan o‘zining xalqaro sheriklari bilan tenglar orasida teng sifatida katta mahoratli muzokaralar olib borishni, lozim bo‘lsa "shohida emas, bargida yurish"ni taqozo etadi.

BBC: Rossiyadan Rahmiddin "O‘zbekiston avval Turkiya modeli, dedi, keyin Janubiy Koreya, hozir qaysi model bo‘yicha ketayapmiz?", deb so‘ragan. Shuningdek, Koreyadan Nuriddin ismli tinglovchimiz ham "O‘zbekiston siyosiy, iqtisodiy jihatdan Janubiy Koreyaga yetib olishiga yana qancha yil kerak bo‘ladi, sizningcha?" deb so‘rayapti. Marhamat.

Zabixulla Saipov: Savollar uchun rahmat. To‘g‘ri, mustaqillikning dastlabki yillarida rivojlanishning turli shakllari O‘zbekistonning iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanish modellari sifatida e‘lon qilindi. Buni to‘g‘ri qabul qilishimiz kerak, chunki bu davr o‘ziga xos eyforiya davri bo‘ldi. Bu davrda yana xalqimizga xos ishonuvchanlik, balki soddadillikni ham kuzatish mumkin. Lekin so‘nggi yillarda jahon bozori, bu qaqshatqich raqobat, aniq hisob-kitob va katta moliyaviy manfaatlardan iborat katta doshqozon ekanligiga tobora amin bo‘linmoqda. Shuningdek, barcha dardlarga davo-yagona darmondori yo‘qdek, chetdan keltirilgan rivojlanish konstruktsiyalari, agar mahalliy shart-sharoitni inobatga olmagan holda joriy etilsa mag‘lubiyatga duchor bo‘lish ehtimoli yuqori ekani tushunildi. Hozirda amalda qo‘llanilayotgan modelning asosiy mezonlari quyidagilarda ifodalanadi: kuchli ijroiya vertikaliga asoslangan, ya‘ni islohotlar oqimi asosan markaz tashabbusi va yetakchiligida periferiya bo‘ylab ketadi (1), u tadrijiy ravishda amalga oshiriladi (2), aksariyat hollarda respublikaning ichki salohiyati va imkoniyatlariga tayangan va safarbar etilgan holda bo‘lishi lozim (3), xalqaro sheriklarning nou-xausi va tajribasidan oqilona foydalanish sharti mavjud (4), kiritilayotgan sarmoyalardan puxta ishlab chiqilgan kompleks chora-tadbirlar rejasi asosida manzilli ravishda foydalanish (5), tajriba va sarmoya almashish mamlakatni iqtisodiy qaramligiga yetaklamasligi kerak (6). Balki qo‘pol misoldir, lekin mana, o‘zinglar ham sinagan bo‘lsanglar kerak. Chet el safarlariga borganda har ehtimolga qarshi eng birinchi yordam dorilarini olib borib, o‘sha yerda iste‘mol qilinsa, deyarli ta‘sir qilmaydi, u yerning iqlimi ko‘tarmaydi. Nuriddinning savollariga javob berishga ojizman, o‘zingizning taklif-mulohazalaringiz bo‘lsa ayting.

"Hammani birvarakayiga tizim dushmani sifatida ko‘rmay, dolzarb muammolarga yelkama-elka turib, yechim topishga harakat qilish lozim."

BBC: O‘zbekistondan To‘lqin Sodiqov savol yo‘llabdilar: "Muhtaram siyosatshunos, O‘zbekistonda kutilayotgan hokimiyat o‘zgarishi qanday kechadi, deb o‘ylaysiz. Ya‘ni qanday stsenariylarini ko‘rayapsiz?".

Zabixulla Saipov: Avvalambor, prezidentimizning umrlari uzoq bo‘lsin. Bizda ma‘lumki, o‘ziga xos sharqona demokratiya qurilmoqda. Bu savol o‘ziga yarasha cho‘rtkesar va kinoyali ekan. Nima bo‘lsada, faqat taxminlar sifatida javob berishga harakat qilaman. Men alarmist manzaralarni chizmagan bo‘lardim. Menimcha, bu o‘zgarish barcha raqiblarga qasdma-qasd ravishda puxta reja asosida, rejalashtirilgan muddatda, tashkiliy jihatdan katta uyushqoqlik bilan o‘tkaziladi. Saylanuvchi shaxs nafaqat O‘zbekistonda, balki mamlakat tashqarisida ham yetarli obro‘ga ega bo‘lgan, nihoyatda bilimdon kishi bo‘ladi. Mavjud tizim va siyosiy an‘analar vorisligi ta‘minlanishiga erishiladi. Albatta, voqealar shu asnoda rivojlanishi uchun muayyan huquq-tartibot idoralarning kafilligi va oq fotihasi lozim bo‘lishi mumkin. Takror etaman, bu mening shaxsiy taxminlarim, xolos.

BBC: Toshkentdan Bahromjon: "O‘zbekiston Konstitutsiyasi dunyodagi eng mukammal konstitutsiyalardan biri deb aytiladi. Uning hayotga qanchalik tadbiq etilayotgani haqida nima deya olasiz?. Rahmat."

Zabixulla Saipov: Ruxsatingiz bilan bir voqeani aytib bersam, lekin bu cho‘pchak emas. Mening dodamlar II Jahon urushida qatnashganlar va bir necha yil avval salkam 100 yoshlarida olamdan o‘tganlar. Ular biz, nabiralariga urush to‘g‘risida ko‘p hikoya qilib berardilar. Shunday voqealardan biriga ko‘ra, dodamlar urush paytida sezilarli darajada to‘lishib ketgan ekanlar. Shunda qo‘mondon o‘z yoniga chaqirib, "o‘rtoq Soipov kundan-kunga to‘lishib ketyapsiz, buning sirini bilsak bo‘ladimi?" deb so‘raganida, dodamlar "o‘zinglarga ma‘lum, bizlarga kundalik payok berasizlar, ularning orasida tamaki va spirt ham bo‘ladi. Men o‘zimning quroldoshlarim bilan birga doim tamakini nonga, spirtni esa qandga almashib, tanovul qilib yuribman", degan ekanlar. Yana ular "men hech qachon birovning haqini yemaganim bois ham omon yuribman", derdilar. Albatta, so‘z va amal mutanosibligi bo‘lsa, nur ustiga a‘lo nur bo‘ladi...

BBC: Sahviy ismli tinglovchimiz so‘rabdilar: "Siz siyosatchi sifatida bugungi o‘zbek rejiminiyu ichki va tashqi siyosatini qanday baholaysiz? Hukumatparastmisiz yoki muxolifmi?"

Zabixulla Saipov: Bilmadim, men uchun bu biroz kulgili savol. Avvalambor, men siyosatchi emasman. Siyosatchi davlat yo hukumat siyosatini bevosita idora etib, uni amalga oshiruvchi davlat arbobi hisoblanadi. Siyosatshunos esa hukumat va davlatlarning ichki va tashqi siyosatini chetdan turib tadqiq etuvchi shaxsdir. Shu nuqtai nazardan kelib chiqqan holda, men o‘z tadqiqotlarimni Maks Veber, Gans Morgentau, Edvard Said kabi qator olimlar ilgari surgan maktab ta‘limotlariga asoslanib, olib boraman. Ularga ko‘ra, tadqiqot ob‘ekti xolis, ob‘ektiv o‘rganilishi lozim, tadqiqotchi va zamonamiz ziyolilaridan masalaga oydinlik kiritishga monelik qiluvchi mavjud mafkura va stereotiplardan xoli va mustaqil bo‘lishlari, nafaqat tanqid, balki muammo yechimini ham taklif qila olishlari kutiladi. Bevosita savolingizga to‘xtaladigan bo‘lsa, shuni aytish mumkinki, men rossiyalik akademik Yevgeniy Primakovning ham qator ilmiy ishlari bilan tanishman. U o‘zining "Katta siyosatdagi yillar" nomli kitobida yangi Rossiyani oyoqqa turishida hukumatga "muxolif" bo‘lganlarni ikki tabaqaga - tizim tashqarisidagi va tizim ichkarisidagi dissidentlarga ajratgani haqida so‘z yuritib, o‘zini oxirgi toifa kishilar qatoriga qo‘shadi. Men O‘zbekiston tashqarisida yurib, asosan rivojlangan davlatlarda qo‘nim topgan, ildizdan ajralib, ayyuhannos solayotgan muxolifchilarning samarasiz strategiyasini, ochig‘i yaxshi tushunmayman. Men tavsiya sifatida Primakov ilgari surgan andozani qo‘llab-quvvatlagan bo‘lardim. Hammani birvarakayiga tizim dushmani sifatida ko‘rmay, turli soha mutaxassislarining fikrlariga quloq tutish, dolzarb muammolarga yelkama-elka turib, yechim topishga harakat qilish lozim. Boshqacha qilib aytganda, biz ham muqobil fikrga ega bo‘lgan, kuchli grajdanlik pozitsiyasini izhor etayotgan kishilarni jonkuyarlar sifatida ko‘rishimiz kerak. Tanqidga nisbatan toqat madaniyatini shakllantirishimiz lozim, aks holda jadidchilarga nisbatan yo‘l qo‘yilgan xatolar yana bir bor takrorlanishi mumkin. O‘zbekistonimizni yanada gullab yashnashini, tinch, osuda va farovon bo‘lishini har bir fuqaroimiz istaydi. Buni yo‘llangan savollarning ruhi va geografiyasi ham tasdiqlamoqda. Endi navbat bu farovon hayot har bir xonadonga kirib borishining yanada samarali mexanizm va yo‘llarini ishlab chiqish va og‘ishmay joriy qilishdan iborat bo‘ladi.

----------------------------------------------------------------------------------------------

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.

Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing.

Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.

BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.