BBC navigation

Afg‘onistonda mobil telefonlari "saboq beradigan" bo‘ldi

Сўнгги янгиланиш 19 ноябр 2012 - 10:59 GMT

Afg‘onistonda o‘qimishli xotin-qizlarning soni 10 foizdan sal ortadi, xolos

Afg‘onistonda yangi ta‘lim dasturi yo‘lga qo‘yildi. Unga muvofiq, uch o‘n yillik urushlar bois tahsildan bebahra qolayotgan xotin-qizlar qo‘l telefonlari orqali o‘qish va yozishni o‘rganishadi.

Yangi telefon - "Mobil Ustoz", deb nomlanadi. "O‘quvchilar" u yordamida dari va pashtun tillarida savodlarini chiqarishadi. Matematikadan ham saboq olishadi.

Barcha saboqlar uyali telefonga audio-video shaklida joylangan va shu yo‘l bilan o‘z savodlarini chiqarmoqchi bo‘lgan xotin-qizlarga tekin tarqatiladi.

Yangi loyiha Amerika Qo‘shma Shtatlarining moliyaviy yordami bilan Afg‘oniston Maorif vazirligi va xususiy provayder tomonidan amalga oshirilmoqda.

So‘nggi yillarda qo‘l telefonlari Afg‘onistonda shitob bilan ommalashib bormoqda.

Ammo aholisining savodxonligi borasida mamlakat dunyoda eng quyi o‘rinlardan birini egallaydi.

Shu bois ham, yangi loyiha bugungi Afg‘oniston sharoitida savodsizlikka barham berishning eng samarali yo‘llaridan biri sifatida ko‘rilmoqda.

"Mobil Ustoz" kompyuter dasturi "Payvastun" mahalliy shirkati tomonidan ishlab chiqilgan va AQSh tomoniga 80.000 dollarga tushgan.

Kechayotgan qurolli nizolarga qaramasdan, bugun Afg‘onistonda millionlab qizlar maktabga chiqishadi.

Ammo afg‘on erkaklari orasida savodxonlik darajasi 40 foizcha bo‘lgan bir paytda, o‘qimishli xotin-qizlarining soni 10 foizdan sal ortadi, xolos.

Bu kabi raqamlarni Birlashgan Millatlar Tashkiloti keltiradi.

Butkul yangicha imkoniyat

Agar, "Payvastun" shirkati vakilining so‘zlariga qaralsa, o‘z savodlarini chiqarmoqchi bo‘lgan afg‘on xotin-qizlari avval hech qachon bu kabi imkoniyatga ega bo‘lishmagan.

Faqat "Har bolaga bittadan noutbuk" xalqaro dasturi asosida Kobul, Qandahor, Hirot, Bag‘lon va Jalolobod aholisiga uch mingta kompьyuter yetkazib berilgan.

Shirkatga ko‘ra, yangi loyihalari o‘qituvchilarning ishlarini ancha yengillatadi.

Bundan tashqari, qo‘l telefonlari kompьyuterlarga qaraganda arzon turadi, uni qanday ishlatish odamlarga yod bo‘lib ketgan va buzilsa ham, tuzatish uncha qimmatga tushmaydi.

Tahsil olmoqchi bo‘lganlarga yana Afg‘oniston Maorif vazirligining veb sahifasi ham qo‘l kelishi mumkin. U yerda ham maxsus onlayn saboqlar tashkil etilgan.

"Biz imkon qadar katta sondagi aholini jalb etishga harakat qilamiz. Bundan tashqari, ingliz, arab tillarini o‘rgatish, tibbiyot va qishloq xo‘jaligi sir-sinoatlaridan saboq berishni ham yo‘lga qo‘yish rejamiz bor", deydi "Payvastun" vakili Mayk Dovson.

Janob Dovsonga ko‘ra, o‘z loyihalarini mahalliy uyali telefon shirkatlari va ommaviy-axborot vositalari orqali reklama qilishni ham mo‘ljallashmoqda.

Vakilning aytishicha, odamlar hali "Mobil Ustoz"ning qudratidan bexabarlar. U xuddi kompьyuterga o‘xshab ishlaydi, deydi u.

Joriy paytda yangi loyiha faqat poytaxt Kobulda yuzga yaqin "o‘quvchi" yordamida sinab ko‘rilmoqda. Ulardan aksariyati xotin-qizlardir.

Afg‘oniston Maorif vazirligining bildirishicha, tajribalari muvaffaqiyatli kechsa, uni butun mamlakat bo‘ylab yo‘lga qo‘yishadi va asosiy e‘tiborlarini savodsiz xotin-qizlarning savodlarini chiqarishga qaratishadi.

Vazirlikka ko‘ra, buning uchun qo‘llaridan kelgan barcha choralarni ishga solishni rejalashmoqda.

Xorijiy ittifoq kuchlari esa, 2014 yilgacha Afg‘onistonni tark etishmoqchi. Ayrim faollarga ko‘ra, buning ortidan afg‘on xotin-qizlari Tolibon tuzumi qulashi ortidan erishgan ozgina yutuqlarini ham boy berishlari mumkin.

Ammo, hozircha, "Mobil Ustoz"lar tahsildan bebahra qolayotgan afg‘onlar uchun yangi umidlarni paydo qilgan.

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.
Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing. Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.

BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.