BBC navigation

Isroil G‘azoda amaliyotni "yanada kuchaytirish" bilan tahdid qilmoqda

Сўнгги янгиланиш 19 ноябр 2012 - 14:56 GMT

Isroil havo hujumlari oqibatida kamida 52 falastinlik halok bo‘lgan. Ulardan 11 nafari bolalardir.

Isroil G‘azo bo‘lgasini besh kundan buyon havo va dengizdan bombalashda davom etmoqda.

Bo‘lgadagi ikki media bino, jumladan Hamas televideniyesi hamda Britaniyaning SKY va ITN televideniyelari idoralari hadafga olingan.

Bir necha falastinlik jurnalist yaralangan.

Isroil armiyasining aytishicha, yarim tundan buyon G‘azodan sakkizta raketa otilgan, ulardan uchtasi Isroil hududiga tushgan.

Isroil G‘azoda o‘z amaliyotini "yanada kengaytirish"ga tayyor, deb aytgan Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyahu.

"Askarlar ro‘y berishi mumkin bo‘lgan har qanday amaliyotga tayyor," - deb aytgan janob Netanyahu Isroil hukumatining yakshanba kungi yig‘ilishida.

Isroil armiyasining Twitter orqali tarqatgan xabarida aytilishicha, o‘tgan tunda nishonga olingan binolar "bir necha oy davomida olingan aniq istihborot ma‘lumotiga asosan" aniqlangan.

Falastin rasmiylariga ko‘ra, bir havo hujumida bir oiladan ikki chaqaloq halok etilgan.

Isroil armiyasi media binolarning Hamasga tegishli antennalarini hadafga olganini aytgan.

Yakshanba kuni Isroilning tijoriy markazi Tel-Avivda "trevoga" sirenalari chalingan.

Politsiyaning aytishicha, raketalardan himoya qilish tizimi G‘azodan otilgan ikki raketani havoda zararsizlantirgan.

Biroq, G‘azodan otilgan bir raketa bo‘lgadan 16 kilometr shimolda joylashgan Ashkelon shahrida turar-joy binosiga borib tushgan.

Bino shikast yegan va bir necha kishi yaralangan.

G‘azodagi BBC muxbirlarining aytishlaricha, Isroil yakshanba tongida ham havo hujumlarini davom ettirgan.

G‘azodagi shifokorlarning ma‘lum qilishlaricha, chorshanba kuni boshlangan Isroil havo amaliyotlarida 11 bolakay doxil kamida 52 falastinlik halok etilgan.

Payshanba kuni uch isroillik halok bo‘lgan.

Yakshanbaga o‘tar kechasi Isroil harbiy kemalari dengizdan turib G‘azo bo‘lgasini bombalay boshlagan.

G‘azo bo‘lgasidagi BBC muxbiri Jon Donnison tonggi soat ikkidan buyon dengizdan o‘ndan ziyod raketa otilganini aytgan.

Jahon Sog‘liq Tashkilotining ma‘lum qilishicha, yaradorlarga to‘lib ketgan G‘azo bo‘lgasidagi shifoxonalarda dori-darmonlar yetmaydi.

Isroil yakshanba kuni tibbiyot yuklari ortilgan bir necha yuk avtomobilining G‘azoga kirishiga ruxsat bergan.

Isroil bo‘lga atrofiga zahiradagi 75 ming askarini joylashtirgan.

Isroil hukumatidagi bir vazirga iqtibosan xabar qilinishicha, agar Hamas Isroil hududiga raketa otishni to‘xtatmasa, Isroil armiyasi G‘azoga yakshanba kuni bostirib kirishi mumkin.

Misr prezidenti Muhammad Mursiy Isroilni G‘azoga quruqlikdan hujum qilishdan tiyilishga chaqirgan.

"Agar quruqlikdan bostirib kirsalar... oqibatlari yomon bo‘ladi. Buni na biz va na xalqaro jamoatchilik qabul etadi," - deb aytgan Misr prezidenti.

Qohirada favqulodda yig‘in o‘tkazayotgan Arab Ligasi kelgusi kunlar ichida G‘azo bo‘lgasiga o‘z hay‘atini yo‘llashini e‘lon qilgan.

Shanba kuni Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyahu Olmoniya kantsleri Angela Merkel bilan suhbatlashgan.

Olmoniya kantsleri Isroil o‘zini himoya qilishga haqli ekanini aytgan.

Isroil Armiyasining aytishicha, amaliyotlar boshlatilganidan buyon 900 dan ziyod inshoot nishonga olingan, G‘azodan otilgan 500 ga yaqin raketa Isroilga borib tushgan.

Mojaroni diplomatik yo‘llar bilan hal etishga tomonlarni ko‘ndirish maqsadidagi Frantsiya Tashqi ishlar vaziri Laurent Fabius Isroilga borgan.

U ikki tomonni ham zudlik bilan o‘t otishni to‘xtatishga chaqirgan.

--------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.

Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing.

Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.

BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.