BBC navigation

"Soqolingizning kattaligi mushtingizdan ortmasin"

Сўнгги янгиланиш 20 ноябр 2012 - 12:05 GMT

Tojikiston Islom markazi Ulamolar Kengashi Hanafiy mazhabiga mansub musulmon erkaklari va ayollarining qanday soqol va libosda yurishlariga oid yangi me‘yorlarni e‘lon qildi.

Belgilangan yangi me‘yorlarga muvofiq, erkaklar soqollarining hajmi o‘z mushtlari kattaligidan ortmasligi lozim.

Xotin-qizlar esa, faqat avratlarini yopib turuvchi satrda yurishlari kerak.

Ayon bo‘lishicha, kengash Tojikiston Diniy ishlar bo‘yicha qo‘mitasining buyrug‘i bilan bu ishga qo‘l urgan.

Ammo yangi tartib-qoidalarning aniq qachondan boshlab kuchga kirishi ma‘lum emas.

Tojikistondagi muxbirlarimizga ko‘ra, mas‘ullar nega bu kabi me‘yorlar joriy etilayotgani sabablarini izohlashmagan.

Muxbirlarimiz bu xususda qo‘mita va kengashdan izoh olishga bo‘lgan urinishlari samarasiz yakunlanganini aytishdi.

O‘z o‘rnida, yangi tartib-qoidalarni buzganlarga qarshi qanday jazo choralari ko‘zda tutilishi ham ochiqlanmagan.

Munosabat

Mahalliy kuzatuvchilar so‘nggi yangilikni mamlakat dindorlariga qarshi oxirgi yillarda kuchayib borayotgan diniy bosimlarning bir ko‘rinishi sifatida baholashmoqda.

So‘nggi yillarda Tojik hukumati dindorlarning huquqlarini oyoq-osti qilishda tanqidlar ostida qolib keladi.

Bularning sirasida masjidlar faoliyatini tekshirish, yopish, diniy partiya va harakatlar tarafdorlariga qarshi ko‘plab mahkama jarayonlari, ibodat libosida yurganlar va soqollilarga qarshi ta‘qiblar tilga olinadi.

Ko‘plab kuzatuvchilarga ko‘ra, oxirgi yillarda mamlakat aholisining dinga bo‘lgan qiziqishning kuchaygani yaqqol ko‘zga tashlanadi.

Bu esa, radikal islomning kuchayishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun mamlakatdagi diniy hayotni o‘z nazorati ostiga olishga jiddiy harakat qilayotgan mas‘ullarni xavotirga solmay qo‘ymagan.

Birgina o‘tgan yilning o‘zida Tojikistonda faoliyati taqiqlangan diniy guruhlarga a‘zolik aybi bilan 150 dan ortiq kishi qamoqqa tashlangan.

Xorijiy davlatlar madrasalarida tahsil olayotgan talabalar ortga qaytarilgan.

"Ota-onalarning mas‘uliyatlari to‘g‘risida"gi yangi qabul qilingan qonunga muvofiq, 18 yoshgacha bo‘lganlarning namoz o‘qish uchun masjidlarga chiqishlari taqiqlangan.

Tojikiston so‘nggi yilllarda "Jamoati Ansurulloh" guruhi mas‘ul deb bilingan xudkushlik hujumi doxil qator zo‘ravonliklarga sahna bo‘lgandi.

Birinchi holat emas

2009 yilda Tojikiston Maorif vazirligi 50 yoshgacha bo‘lgan o‘qituvchilarning soqolda yurishlarini butkul taqiqlab, undan katta yoshda bo‘lganlarining soqollarini 3 santimetr bilan cheklab qo‘ygandi.

Tojikiston Islom markazi Ulamolar Kengashi esa, xuddi o‘sha yili xotin-qizlarga mahalliy liboslar asosidagi satrda yurishlarini tavsiya qilgandi.

Kengash tavsiyasida satr kiygan xotin-qizlarning xorijga taqlidan qomatlarini yaqqol ko‘rsatib turuvchi tor libosda bo‘lmasliklari, shuningdek, faqat ko‘zlari kӯrinib turuvchi boshdan-oyoq qora niqobda bo‘lishlarining ham nomuvofiqligi aytilgandi.

Tojikistonda kuzatilayotgan bu kabi holat AQSh Davlat departamentining e‘tiboridan ham chetda qolmagandi.

Departament dunyodagi diniy erkinliklar bilan bog‘liq bu yilgi hisobotida ushbu masalaga alohida to‘xtab o‘tgan va soqolda yurishni taqiqlovchi qonun yo‘q ekaniga qaramay, tojikistonlik mas‘ullar soqollilarni hibsga olish uchun reydlar uyushtirishayotganini aytib o‘tgandi.

Hisobotda, bunga misol o‘laroq, o‘tgan yil yanvar oyida poytaxt Dushanbeda o‘ttiz soqollining hibsga olinishi voqeasi keltirilgandi.

Tojikistonda yaqinda olib borilgan va mamlakatdagi islomiy radikallashuv muammosini o‘rganishni maqsad qilgan tadqiqot natijalariga qaralsa esa, so‘nggi o‘n yilliklarda din jamiyat hayotida muhim o‘rin tuta boshlagan. Odamlar ham fuqaroviy idoralardan ko‘ra, diniylariga ko‘proq ishona boshlashgan.

Tojikistondagi aksariyatning nazdida esa, islomiy radikallashuvning kuchayishida ijtimoiy-iqtisodiy muammolar o‘z ta‘siriga ega.

-----------------------------------------------------------------------------------------------

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.
Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing. Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.

BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.