BBC navigation

O‘zbekistonlik shaxmatchi yoshlar o‘rtasida jahon chempioni bo‘ldi

Сўнгги янгиланиш 20 ноябр 2012 - 18:35 GMT

Yoshlar o‘rtasida shaxmat bo‘yicha jahon chempioni Nodirbek Abdusattorov ikkinchi sinfda o‘qiydi.

Sloveniyaning Maribor shahrida shaxmat bo‘yicha bolalar va yoshlar o‘rtasida o‘tkazilgan jahon chempionatida o‘zbekistonlik Nodirbek Abdusattorov jahon chempioni bo‘ldi.

Eng yosh ishtirokchilar qatnashgan guruh musobaqalarida sakkiz yoshli Nodirbek 11 imkoniyatdan 10 ochko jamg‘arib, ushbu katta yutuqni qo‘lga kiritgan.

Nodirbek qatnashgan guruhda dunyoning turli mamlakatlaridan kelgan 135 yosh shaxmatchi qatnashib, ularning orasida xalqaro musobaqalarning g‘olib va sovrindorlari bo‘lishgan.

8 yoshli iqtidor egasi bahslarda bolgariyalik Ovro‘po chempioni Svetlana Stoyanova, Osiyo chempionati sovrindori, Eron chempioni Muhammadiy Arbatiy Poyya, Rossiya chempioni Dmitriy Tsoylar bilan bellashib, ulardan ustun kelgan.

Shuningdek, amerikalik, finlyandiyalik, ukraina va angliyalik shaxmatchilarni ham yengib, Turkiya va Malayziyadan kelgan aql sporti ustalari bilan durangga kelishadi.

Nodirbek Abdusattorov 2004 yil 18 sentyabrda Toshkent shahrida tug‘ilgan. Shaxmatga qiziqishida otasi Fazliddin Ochilovning xizmati katta bo‘lgan.

Sakkiz yoshli jahon chempionining dastlabki qadamlari 15-son Bolalar o‘smirlar sport maktabida boshlangan.

Nodirbek Respublika musobaqalarida muvaffaqiyatli qatnashib kelib, terma jamoaga qabul qilinadi.

Bir necha bor xalqaro musobaqalarda O‘zbekiston sharafini himoya qilgan.

2011 yilda maktab o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan Osiyo chempionatida oltin medalga sazovor bo‘lgan. So‘ngra, o‘smirlar o‘rtasida o‘tkazilgan qit‘a chempionatida bronza medalini qo‘lga kiritadi. Bundan tashqari yosh shaxmatchi Sankt-Peterburgda o‘tkazilgan xalqaro turnirda bosh mukofot egasi bo‘lgan.

2012 yil bolalar va o‘smirlar o‘rtasida o‘tkazilgan O‘zbekiston chempionatida birinchi o‘rinni egallagan Nodirbek, Sloveniyada o‘tkaziladigan Jahon chempionatiga yo‘llanma oladi.

Sloveniyada bolalar o‘rtasida shaxmat bo‘yicha jahon chempionligini qo‘lga kiritgan Nodirbek Abdusattorov ayni paytda Toshkent shahar Hamza tumani 152 - maktabning 2- sinf o‘quvchisidir.

Ikki kundan keyin esa, O‘zbekiston poytaxti shaxmat ustalarining 5 dekabrgacha O‘zbekiston tasviriy san‘at galareyasida o‘tkaziladigan Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE)ning Gran-pri uchrashuvlariga guvoh bo‘ladi.

Musobaqalarda dunyoning 12 eng kuchli grossmeysterlari, jumladan shaxmat bo‘yicha 17-jahon chempioni o‘zbekistonlik Rustam Qosimjonov ham qatnashadi.

Musobaqa yakunida saralangan 3 kuchli shaxmatchi jahon chempionligi uchun kurash bellashuvlarida ishtirok etadi.

---------------------------------------------------------------------------------

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.
Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing. Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.

BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.