BBC navigation

Suriyalik Dananing Facebook dagi "hijobsiz" kampaniyasi bahslarga turtki berdi

Сўнгги янгиланиш 21 ноябр 2012 - 11:45 GMT

Suriyada o‘tgan yili boshlanib ketgan keng miqyosli noroziliklar mobaynida Internetda ko‘plab kampaniyalar paydo bo‘ldi.

Lekin ayollar huquqlari haqidagi bir sahifa kutilmagan keng e‘tiborga sabab bo‘lmoqda.

Passportidagi hijobda tushgan fotosurti bilan birga tushirilgan rasmda Dana "Men Arab dunyosining bosh ko‘targan ayollari bilan birgaman, chunki 20 yildan beri mening sochlarim erkin shamol isini sezmagan edi", deya bitilgan lavhani ushlab turibdi.

Bu e‘tiborga turtki bergan asosiy sabab sahifa foydalanuvchilaridan biri bo‘lgan qizning o‘z suratini hijobsiz nashr etganidir.

Dana Bakdonis o‘ta an‘anador jamiyatda, Saudiya Arabistonida tug‘ilib, voyaga yetgan.

Uni yoshligidan hijobga o‘rab, katta qilganlar. Lekin 2011 yil avgust oyida u hijobidan voz kechishga jazm etdi.

"Hijob menga yarashmasdi. Lekin men oilam va jamiyat tufayli uni kiyishga majbur edim. Mening sochlarim nima uchun hamisha yashirilgan bo‘lishi kerakligini tushunmasdim. Jahonning go‘zalligini his qilgim keldi... Quyosh tafti va toza havodan lazzatlangim keldi", deb yozdi Dana.

Bu so‘zlarni yozgan vaqti Dana Facebook dagi Arab Dunyosi Ayollarining Isyoni sahifasining muxlisi edi.

70 mingga yaqin muxlisi bo‘lgan ushbu sahifa Arab dunyosidagi ayollar huquqlari va jinslar o‘rtasidagi munosabatlar haqidagi eng qizg‘in bahslar sahnasiga aylangan.

21 oktyabr kuni Dana Arab davlatlaridagi "tazyiq ostida" bo‘lgan o‘z dugonalari uchun mislsiz bir qadamga bordi. U o‘zining hijobsiz fotosuratini vebsahifada chop etdi.

Passportidagi hijobda tushgan fotosurti bilan birga tushirilgan rasmda Dana "Men Arab dunyosining bosh ko‘targan ayollari bilan birgaman, chunki 20 yildan beri mening sochlarim erkin shamol isini sezmagan edi", deya bitilgan lavhani ushlab turibdi.

Bu surat qarama-qarshi munosabatni keltirib chiqardi. Shu vaqtgacha Dana bilan Facebook da "do‘stlashganlar"dan ba‘zilari undan "voz kechdilar", lekin boshqa ko‘plardan "do‘stlashish" talabi kelib tushdi.

"Jasur qiz"

Danaga uning qadamini mazoh qiluvchi, haqoratomuz va hattoki po‘pisa qiluvchi nomalar kelib tusha boshladi.

Qizining qilmishidan norozi bo‘lgan onasi bilan ham Danining munosabatlari yomonlashdi.

"Hijobimni yechganimdan beri hamma narsa o‘zgardi", deb yozdi Dana.

Bahslarda qatnashgan bir ayolning yozishicha, hijobga qarshi emas, jamiyatda teng huquqli bo‘lish uchun kurashish kerak. Hijobda bo‘lgani uchun ishga olinmagan ayol huquqlari uchun kurashish kerak.

"Hijobingdan g‘ururlangin", deya xitob qilgan bu ayol.

Danaga ko‘ra, qo‘llab-quvvatlovchi nomalarni ham ko‘plab olgan.

Lekin hammasidan ham ko‘ra, Facebook ma‘muriyatining munosabati katta shov-shuvlarga sabab bo‘ldi.

Facebook 25 oktyabr kuni Dananing hijobsiz nashr etgan suratini sahifadan olib tashlanganligini ma‘lum qildi.

Facebook shuningdek, Dananing suratini qayta nashr qilganlarning ham postlari olib tashlangani va Arab Dunyosi Ayollarining Isyoni sahifasining o‘zi ham 29 oktyabrdan 5 noyabrga qadar yopib qo‘yilganligini bildirdi.

Keyinchalik Facebook ma‘muriyati bu qadamning xato bo‘lganligini tan oldi.

Lekin qanday bo‘lmasin, Dananing surati ortidan kelib chiqqan qizg‘in bahslar mintaqaviy evrilishlar va jarayonlarda ijtimoiiy tarmoqlar ne qadar keng va qudratli bir rolni o‘ynay olishi borasidagi yana ko‘plab savollarni keltirib chiqardi.

Danaga kelsak, uni do‘q-po‘pisalar to‘xtata olmagan ko‘rinadi.

U o‘zining yana bir suratini, bu gal Suriya ichkarisdan turib olingan suratini nashr qilmoqchi.

"Men adolatsizlik va qudratga qarshi kurashchi bo‘la olshimni namoyish qilmoqchiman", deydi Dana.

Dana o‘z ovozini boshqalarga eshittirmoqchi bo‘lgan ko‘plab ayollardan biri xolos.

Unga uxshash qizlar yangi bino bo‘lgan erkinliklar orqali o‘z irodalarini izhor qilishga harakat qilmoqdalar.

----------------------------------------------------------------------------------------------

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.
Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing. Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.

BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.