BBC navigation

Muzokaralar manzarasida Isroil-G‘azo ziddiyati davom etgan

Сўнгги янгиланиш 21 ноябр 2012 - 11:23 GMT

Falastinliklar chorshanba tongida tashlangan Isroil bombasi ortidan yetkazilgan shikastni tekshirmoqdalar

Tun osha G‘azo bo‘lgasi va Isroil o‘rtasidagi ziddiyat davom etar ekan, otashkesim kelishuviga tezroq erishish yo‘lidagi xalqaro harakatlar oshgan.

AQSh Davlat Kotibi Hillari Klinton G‘arbiy Sohilga safar qilayapti. U so‘ng Isroil rahbariyati bilan muzokaralar uchun Qohiraga uchadi.

Falastindagi manbalar otashkesimga seshanba kuni erishilishini aytishgandi, biroq Isroil hech qanday kelishuvga erishilmaganini bildirgan.

Sakkiz kun avval ziddiyat alanga olganidan beri 136 nafar falastinlik va besh isroillik halok bo‘lgan.

Birgina seshanbaning o‘zida kamida 20 nafar falastinlik va ikki isroillik nobud bo‘lgan.

Klinton xonim Falastin Prezidenti Mahmud Abbos bilan muzokara o‘tkazish uchun G‘arbiy Sohilga kelgan. BMT Bosh Kotibi Pan Gi Mun ham otashkesimga erishish ilinjida mintaqaviy rahbarlarni borib ko‘rayapti.

Qohirada G‘azoni 2007 yildan beri boshqarib keladigan Hamas jangari guruhining rasmiylari seshanba tunida kelishuvga erishilishini aytishgandi, biroq Isroil so‘ngroq kelishuv matniga rozi bo‘lmaganini bildirgan.

Isroil talablari sirasiga G‘azodan hech qanday o‘q yo raketa otilmasligi va Hamasning qayta qurollanishini xalqaro harakatlar bilan bartaraf qilish kiradi. Hamas esa G‘azo blokadasi bekor qilinishi va falastinliklarning Isroil tomonidan nishonma-nishon o‘ldirilishi to‘xtatilishini talab qilayotirlar.

Chorshanba tongida BBCning G‘azodagi muxbirlari kuchli portlashlarni eshitganlari, va ular ortidan elektr ta‘minoti uzilganini xabar qilishdi. Isroil raketalari G‘azo shahri markazidagi Hamas hukumatining bosh qarorgohini nishonga olgan.

Isroil armiyasi tun osha G‘azoda 100dan oshiq "terror nuqtalari"ga hujum qilgani, ulardan tahminan elliktasi yerosti raketa otish uskunalari bo‘lganini xabar qildi.

G‘azodagi sog‘liqni saqlash vazirligi tun osha 15 odam jarohat olganlarini bildirdi.

Seshanba kuni Isroil uchoqlari G‘azoning ba‘zi hududlaridagi yashovchilardan o‘z xavfsizliklari uchun o‘z hududlarini tark etishni so‘rab varaqalarni yog‘dirgan

BBCning G‘azodagi muxbiri Jon Donison chorshanba tongida ko‘chalar bo‘m-bo‘sh qolayotgani, odamlar Qohiradan hush xabar kutib, o‘z uylarida qolishayotganlarini xabar qildi.

Isroil G‘azodan Isroilga o‘tgan bir hafta ichida 800dan oshiq raketalar otilgani, ulardan 162tasi o‘tgan bir kun ichida otilganini aytdi.

Ko‘plab raketalarni Isroilning "Temir gumbaz" aksil-raketa tizimi sezib qolgan. Isroil matbuotiga ko‘ra, "Temir gumbaz" tun osha ikki raketani urib tushirgan. Tongda Isroil janubidagi ko‘plab aholi nuqtalarida sirenalar yangrab turgan.

Qohiradagi Hamas rasmiylari Isroilni otashkesim borasidagi takliflarni javobsiz qoldirishda aybladi.

Isroil voizi Mark Regev BBCga: "Shubham yo‘q, Hamas biroz nafasini rostlab olish uchun vaqtinchalik tinchlik bo‘lishi istaydi. Ular uchun hordiq chiqarish va yana qurollanish uchun vaqt kerak. Shunday ekan, kelasi hafta yo kelasi oy ular raketa otishni qayta boshlaydilar. Biz bundan manfaatdor emasmiz", - deb aytdi.

Klinton bilan uchrashuvidan oldin gapirgan Isroil Bosh Vaziri Binyamin Netanyaxu Isroil diplomatik yechimni istashi, ammo zarur bo‘lgan "har qanday amal"ni bajarishga tayyor ekanini aytgan.

"Agar bu muammoning uzoq muddatli diplomatik yechimi bo‘lsa, biz buni afzal ko‘ramiz. Lekin, agar bo‘lmasa, umid qilamanki, Isroil o‘z xalqini himoya qilish uchun har qanday amalni bajarishga majbur bo‘lishini tushunasiz", - dedi janob Netanyaxu.

Isroilning Haaretts gazetasi xabar qilishicha, yarashuv takliflari borasida Isroil hukumatida bo‘linishlar yuzaga kelgan. Mudofaa vaziri Ehud Barak Misr loyihasini qabul qilish istagida, lekin janob Netanyaxu va Tashqi ishlar vaziri Avigdor Liberman bunga qarshilar.

BBC muxbiri Jon Laynga ko‘ra, ikka tomon ham oddiy otashkesimdan ko‘ra ko‘proq narsaga erishishni istaydilar. Falastinliklar G‘azo chegaralarini qayta ochilib, blokada butkul to‘xtatilishini talab qilishmoqda. Muxbirimizning aytishicha, bu G‘azodagi tanglikni so‘ndirib, Hamasga bo‘lgan bosimni yumshatishi mumkin.

Muxbirlarga ko‘ra, Isroil hujumlar to‘xtashini xohlaydi, ammo uning uchun undan ham muhimi Hamasning yana raketalar bilan qurollanishining oldini olish. Buning uchun misrliklar chegarani yopishlari kerak bo‘ladi, ammo bunday qadam Misr xalqi orasida norozilik uyg‘otishi mumkin. Undan tashqari Misr va G‘azo o‘rtasidagi chegarani nazorat qilish amaliy jihatdan juda qiyin, chunki Misr armiyasi Sinaydagi jangarilarni jilovlay olmayapti.

Isroil oxirgi harbiy kampaniyasini bir hafta avval Hamas harbiy rahbari Ahmad Jabariyni o‘ldirish bilan boshladi. Isroil hukumatiga ko‘ra, uning o‘ldirilishi va so‘nggi harbiy amaliyotlar G‘azodan raketalar otilishini to‘xtatishga qaratilgan.

Isroil G‘azo chegarasiga o‘z qo‘shinlarini yiqqan, biroq muzokaralar davom etar ekan, qo‘shinlarning G‘azoga kiritilishini to‘xtatib turibdi.

-----------------------------------------------------------------------------------------------

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.

Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing.

Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.

BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.