BBC navigation

Qozog‘iston: Google va Facebook ham muxolifat nashrlari ro‘yxatiga kiritildi

Сўнгги янгиланиш 23 ноябр 2012 - 13:47 GMT

Rasmiylar muxolifatni Janao‘zenda neftchilarni hokimiyatga qarshi gij-gijlashda ayblashgan

Muxolifat ro‘znomasining yopilishini talab qilayotgan Olma-Ota shahar prokurorlari Google, Facebook va LiveJournal ni ham muxolifat nashrlarbi ro‘yxatiga kiritishgan.

Bu haqda mustaqil "Respublika" ro‘znomasining himoyachisi Sergey Utkin ma‘lum qilgan.

Olma-Otadagi matbuot anjumanida u prokuraturaning qator ommaviy axborot vositalarini yopish so‘ralgan da‘vo arizasini namoyish etgan.

Anglashilishicha, arizada internet-qidiruv sahifasi hamda nomlari keltirilgan ijtimoiy tarmoq sahifalari rasman javobgar sifatida qayd etiladi.

Muxolifat nashri bo‘lgan "Respublika" ro‘znomasi ushbu saytlarda o‘zining sahifalariga ega.

Janob Utkin Google ning Qozog‘istondagi mahkama da‘vosidan xabari bor yoki yo‘qligini bilmasligini aytgan.

Mustaqil matbuot bosim ostida

Qozog‘iston prokuraturasi qator muxolifat nashrlarini yopish istagida ekani 21 noyabr kuni ma‘lum bo‘lgan.

Prokuratura "Respublika" ro‘znomasiga qarshi mahkama ishi doirasida sakkizta ro‘znoma hamda 23 ta internet sahifalarini yopishni talab qilmoqda.

Ular orasida K+ sun‘iy yo‘ldosh telekanali hamda Stan.tv video portallari ham bor.

Prokuraturaning da‘vosi ro‘yxatga olinmagan "Olg‘a" partiyasi rahbari Vladimir Kozlov ustidan chiqarilgan mahkama hukmi bilan bog‘liq.

Janob Kozlov o‘tgan yil dekabrida Janao‘zenda neftchilar bilan mahalliy hokimiyatni bir-biriga gij-gijlashda aybdor, deb topilgan.

Uning o‘zi va muxolifat ayblarni rad etadi, mahkama xalqaro tanqidlarga sabab bo‘lgan.

"Hokimiyatni ag‘darishga urinish"

Qozoq rasmiylari muxolifat nashrlarini "ekstremistik g‘oyalarni targ‘ib qilish orqali Prezident Nazarboyev ma‘muriyatini ag‘darishga urinish"da ayblashmoqda.

Ammo tanqidchilarga ko‘ra, mustaqil matbuotga hujumlar ortidagi haqiqiy sabab -Prezident Nursulton Nazarboyevning o‘zgacha fikrni bostirish istagidir.

Eurasia.net mustaqil nashrining Qozog‘istondagi muxbiri Joanna Lillisning BBCga aytishicha, qozoq mulozimlari rasmiy nuqtai nazardan boshqacharoq fikrga o‘rin beradigan matbuotni istashmaydi.

Uning aytishicha, Qozog‘istondagi aksariyat ko‘pchilikning muxolifat matbuot vositalarini kuzatib borishga imkoni yo‘q.

"Ularning soni juda kam. Aksariyat telekanallar davlatniki yoki hukumatparast kanallardir. Ammo aftidan, rasmiylar bu nashrlarning ana shu cheklangan sondagi o‘quvchilarga ham yetib borishini istashmaydi", - deydi Joanna Lillis.

----------------------------------------------------------------------------------------------

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.

Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing.

Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.

BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.