BBC navigation

O‘zbekistonda insonlar DNK ma‘lumotlarining bazasi tashkil qilinadi

Сўнгги янгиланиш 23 ноябр 2012 - 15:50 GMT

Shu maqsadda O‘zbekiston parlamenti "Genomlarni ro‘yxatga olish haqida" deb nomlangan qonun loyihasini tayyorlashga kirishgan.

Mas‘ullarga ko‘ra, mamlakat huquq-tartibot organlari faoliyati uchun insonlarning DNKlari namunalaridan tashkil topgan ma‘lumotlar bazasini tuzish muhimdir.

Yangi qonun insonning biologik namunalarini olish, bu namunalarni ro‘yxatga olish va saqlashning huquqiy asoslarini belgilab beradi.

Ana shu namunalardan ma‘lumotlar bazasi tashkil qilinadi, O‘zbekistondagi huquq-tartibot organlari o‘z faoliyatlarda bu bazadan foydalanadilar.

O‘zbekiston hukumati DNK namunalari bazasini tashkil qilish yo‘lida shu yil 14 noyabrida maxsus qaror qabul qilgan.

Bu qarorda asosiy e‘tibor Toshkentdagi Xadicha Sulaymonova nomidagi Sud-ekspertiza markazi faoliyatini yanada takomillashtirishga qaratilgan.

Ushbu markaz direktori Sattor Kattaxo‘jayevning aytishicha, DNK ma‘lumotlari bazasini tashkil qilish bugunga kelib boshqa mamlakatlar singari O‘zbekistonda ham dolzarb vazifaga aylangan.

"Jinoiy faoliyatga aloqador shaxslardan biologik namunalarni olib, ular asosida DNK bazasini yaratish kelgusida qayta jinoyat sodir etgan shaxslarni aniqlash, uyushgan jinoyatchilikka aloqador bo‘lgan shaxslarni belgilash, qolaversa, shaxsi aniqlanmagan jasadlarni aniqlash, turli joylardan topilgan jasad qismlarining bir kishiga tegishlimi yoki ko‘p kishiga ekanini aniqlash kabi masalalarni hal qilishda yordam beradi", deydi Xadicha Sulaymonova nomidagi Sud-ekspertiza markazi direktori.

Sud-ekspertiza markazi rahbari aytishicha, barcha jinoiy ro‘yxatga olishlar kabi DNK namunalarini olish ham og‘ir jinoyatlarni sodir etgan shaxslardan majburiy bo‘ladi.

Shu paytgacha jinoyatchi deb ko‘rilgan shaxsning asosan barmoq izlarini olish, yuzi-tashqi ko‘rinishini suratga olish majburiy bo‘lgan bo‘lsa, O‘zbekistonda bu boradagi qonun qabul qilinganidan keyin bular qatoriga biologik namunalarni olish ham qo‘shiladi.

Biroq janob Kattaxo‘jayev qo‘shimcha qilishicha, o‘zining biologik namunalari ma‘lumotlar bazasida bo‘lishini xohlagan insonlar o‘z ixtiyorlari bilan namunalarini bazaga kiritishi va xohlasa bazadan olib tashlash huquqiga ega bo‘ladi.

Biroq ushbu ma‘lumotlarni suiste‘mol qilish imkoniyati saqlanib qolishi tufayli ham DNK namunalari bilan bog‘liq masala nozik hisoblanadi.

Shuning uchun ham DNK namunalari bazasini tashkil etish qator mamlakatlar jamiyatlarida keng bahsu-munozaralar bilan kechgan.

"Albatta, bu qonunni qabul qilish jarayonida u turli shakllarda muhokama qilinishi nazarda tutilgan", deydi Sattor Kattaxo‘jayev.

DNK namunalari bazalari dunyoning qator mamlakatlarida tashkil etilgan.

Bugungi kunda Buyuk Britaniya, AQSh, Yaponiya, Xitoy, Kanada, Malayziya, Singapur, Tailand, Chili, Kolumbiya, Yangi Zelandiya kriminalistlari o‘z faoliyatlarida DNK namunalarini tekshirish amaliyotlarini qo‘llashlari xabar qilinadi.

Islandiyadagi DNK bazasida 300 ming aholisi bor mamlakatning har bir fuqarosi geni haqidagi ma‘lumot to‘plangan.

Jahondagi eng katta DNK namunalari bazasi Buyuk Britaniyada to‘plangan.

Bu baza mamlakatda 1995 yilda tashkil qilingan va unda 3 millionga yaqin namuna saqlanadi.

Bu namunalar orasida faqatgina ozodlikdan mahrum etilgan shaxslarning emas, jinoyat sodir etishda gumon qilingan kishilarning ham namunalari saqlanishi aytiladi.

Toshkentdagi Xadicha Sulaymonova nomidagi Sud-ekspertiza markazi direktori Sattor Kattaxo‘jayev bilan suhbatni tinglang

Саттор Каттахўжаев билан интервью

Ўзбекистон парламенти "Геномларни рўйхатга олиш ҳақида" деб номланган қонун лойиҳасини тайёрлашга киришган. Бу ҳақда Хадича Сулаймонова номидаги Суд-экспертиза маркази директори Саттор Каттахўжаев билан суҳбат.

Тинглашmp3

Муқобил медиа плейерда ўйналсинми

----------------------------------------------------------------------------------------------

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.

Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing.

Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.

BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.